Линклар

logo-print
Nukus shahridagi 1-Tibbiyot kollejining 2-kursida tahsil olgan o‘quvchi Malika Yembergenova yotoqda o‘zini osib qo‘ydi. Taxtako‘pir tumanidagi mas‘ul idoralardan olingan ma‘lumotlarga ko‘ra, 17 yashar o‘quvchi qizning o‘z joniga qasd qilishi sabablari hozircha noma‘lum.

Nukus shahridagi 1-Tibbiyot kollejining 2-kursida tahsil olgan Yembergenova Malika Daryoboyevna Taxtako‘pir tumanidagi yotoqda o‘z joniga qasd qildi.

Mutasaddi tashkilotlardan yig‘ilgan ma‘lumotlarga ko‘ra, hodisa 23 sentyabr kuni Taxtako‘pirning Atako‘l qishloqchasidagi xonadonda sodir bo‘lgan.

"U qiz o‘sha yoqqa paxta tergani borgan va o‘sha yerdagi xonadonlardan birida yotoqda turgan. O‘sha hovlida bo‘lgan bu ish. Atako‘l selsoveti, deb qo‘yishadi u joyni. U qiz o‘zini osib qo‘ygan, sabablari hech kimga ma‘lum emas", dedi muxbir bilan mikrofonsiz suhbatda Taxtako‘pir tumanidagi mutasaddi idoralardan birining ismini oshkor qilmayotganimiz vakili.

Rasmiy marhumaning 1996 yilda Qoraqalpog‘istonning Kegeyli tumanidagi Kazanketken qishlog‘ida tug‘ilgani haqida Ozodlikka tushgan ma‘lumotlarni tasdiqladi.

Ayni damda Taxtako‘pir tumani prokuraturasi Malika Yembergenovaning o‘limi yuzasidan surishtiruv olib bormoqda.

"Qizning jasadi yorib ko‘rilgan, tibbiy-ekspertiza, kak sleduyet, o‘tkazilgan. Lekin hammasi top-toza, hech qanaqa motiv yo‘q. Xat-pat ham qoldirmagan", deya qo‘shimcha qildi taxtako‘pirlik mutasaddi.

Taxtako‘pir tumani hokimligining hodisani tasdiqlagan rasmiysi fojeani paxta terimiga bog‘lash noto‘g‘ri, deya qo‘shimcha qildi.

"Paxtaga aloqasi yo‘q, u qiz o‘zini-o‘zi osib qo‘ygan, xonadonda", deya gapni qisqa qildi tuman hokimligi rasmiysi.

Nukus shahridagi kasb-hunar kollejlaridan birining ismi sir qolishi sharti bilan Ozodlikka ma‘lumot bergan rahbariga ko‘ra, Taxtako‘pir tumaniga terimga olib chiqilgan kollej o‘quvchilari aholi uylariga joylashtirilgan.

"Shu odamlarning uylariga bo‘lib berilganda, 3-4 tadan qilib. O‘sha uylardan turib, paxtaga borib-kelishadi. Unaqa dala shiyponlarda yotoq, degan narsalar yo‘q u yerda", dedi Nukusdagi kollejning ismini oshkor qilmayotganimiz rahbari.

Kasb-hunar ta‘lim muassasalari xodimlaridan olingan ma‘lumotlarga ko‘ra, Qoraqalpog‘istonda ham kollej o‘quvchilari yoppasiga paxta terimiga olib chiqilgan.

Jumladan, Nukus temir yo‘llari transporti kasb-hunar kolleji qabulxonasida telefon go‘shagini ko‘targan xodim: "Hamma paxtada, birorta o‘quvchi qolmagan, o‘qituvchilar ham paxtada, qanday savol bo‘lsa, paxtadan keyin zvonit qiling!" deb javob berdi.

Nukusdagi umumiy ta‘lim maktablaridan birining o‘qituvchisi Abdurahmon Soliyevga ko‘ra, bu yilgi yig‘im-terimga aholini ommaviy safarbar qilish kampaniyasi o‘tgan yilgiga nisbatan keskinroq o‘tmoqda.

"Etti yoshdan-etmish yoshgacha, hammani paxtaga quvayapti. Bizning maktabda ham o‘qituvchilarni quvgan. Men endi keksaman, lekin meni ham chiqasiz, degan. Maktabda esa o‘qituvchi yo‘q hisobi. Lekin, o‘quvchilardan jertva bo‘libdi, degan gapni men shu vaqtgacha eshitmaganman", dedi nukuslik o‘qituvchi.

Bu hodisadan xabar topgan qoraqalpog‘istonlik faollar Malika Yembergenova o‘limini Qoraqalpog‘istondagi paxta kampaniyasining ilk qurboni, deb baholamoqda.

Ozodlik to‘plagan ma‘lumotlarga ko‘ra esa, 17 yoshli bu o‘quvchi qiz O‘zbekistondagi bu yilgi paxta terimi kampaniyasining beshinchi qurbonidir.

Kuni kecha Jizzax viloyatining Do‘stlik tumanidagi fermer Abdug‘ani Jumaboyevning 20 yashar kelini (ism-familiyasi hozircha noma‘lum - Tahr.) paxtazorda vafot etgani xabar qilingan edi. Bu ayolning o‘limi sabablari ham noma‘lum qolmoqda.

15 sentyabr kuni Buxoro viloyatining Vobkent tumani Narchoq qishlog‘ida 6 yashar bolakay Amirbek Rahmatov paxta ortilgan pritsepga chiqib uxlab qolgan va shom qorong‘usida uning ustiga tashlangan paxta tagida bo‘g‘ilib o‘lgan.

Qarshi Davlat universiteti Tarix fakulteti milliy g‘oya yo‘nalishining 2-kurs talabasi shu fakulьtet 4-kurs talabalaridan 4 nafarini 16 sentyabr kuni paxta dalasida pichoqlab qo‘ydi. Pichoqlanganlardan biri voqea joyida halok bo‘ldi.

9 sentyabr kuni Qarshidagi Hilol agrosanoat kollejining 2-bosqich talabasi, 1996 yili Qarshi tuman, Saroy qishlog‘ida tug‘ilgan Muxlisa O‘rol qizi Rajabova paxta dalasida tok urib nobud bo‘ldi.
XS
SM
MD
LG