Линклар

O‘zbekiston Respublikasining davlat bayramlaridan biri – 1 oktabr - O‘qituvchilar va murabbiylar kuni arafasida mamlakat prezidenti 27 sentyabrь kuni imzolagan farmoni bilan bir qator pedagoglarni unvon, orden va medallar bilan muokofotladi.

Ayni paytda o‘zbekistonlik o‘qituvchi va murabbiylar o‘zlarining umumxalq bayrami sifatida tan olingan kasb bayramini dalada, paxta terimida o‘tkazishi kutilmoqda.

Islom Karimovning 2013 yil, 27 sentabr kungi farmoni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot xizmatining rasmiy saytida e‘lon qilindi.

Farmonga binoan bir guruh o‘qituvchi va murabbiylar “mamlakat ma‘naviy-ma‘rifiy salohiyatini yuksaltirish, yosh avlodni ona Vatanga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida sog‘lom va barkamol voyaga yetkazishga qo‘shgan salmoqli hissasi, ularga fan asoslarini hamda zamonaviy kasb-hunarlarni o‘rgatishdagi jonkuyarligi, ta‘lim-tarbiya sohasidagi ko‘p yillik samarali mehnati va jamoat ishlaridagi faol ishtiroki uchun” mukofotlangan.

Davlat rahbari 2 o‘qituvchiga “O‘zbekiston Respublikasi Xalq o‘qituvchisi”, 2 o‘qituvchiga “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan xalq ta‘limi xodimi”, 9 murabbiyga “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi”, yana 2 murabbiyga esa, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sport ustozi” unvoni berdi.

Boshqa bir guruh o‘qituvchi va murabbiylar esa, Prezident farmoni bilan “Fidokorona xizmatlari uchun”, “Mehnat shuhrati”, II darajali “Sog‘lom avlod uchun”, “Do‘stlik” ordenlari va “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi.

O‘qituvchilar va murabbiylar kuni – Davlat bayrami bo‘lgani uchun bu kun dam olish kunidir. Shuning uchun umumta‘lim maktablarining o‘quvchilari o‘z ustozlarini dushanba, 30 sentabr kuni tabrikladi.

Guliston shahrida istiqomat qiluvchi, o‘zini Sohibaxon, deb tanishtirgan o‘qituvchi ayolni bayram bilan qutladik.

- Bayramingiz muborak bo‘lsin!

- Rahmat. Sizgayam qutlug‘ bo‘lsin. O‘qituvchilarimiz bugun bayram qilishdi.
Muallimaning gaplaridan ma‘lum bo‘ldiki, u shu kunda uy bekasi –uzoq muddatli ta‘tilda. Lekin uning o‘qituvchilarning kundalik hayotidan xabari bor.

- Ikki yildan beri o‘qituvchilar guruh-guruh bo‘lib paxtaga borishayapti. Har kunlikka esa chiqishgani yo‘q. Yotoqqa ketganlari bor. O‘shalar paxtada. Qolganlar dam olsa kerak, dedi gulistonlik o‘qituvchi.

O‘zini Abdi, deb tanishtirgan qoraqalpog‘istonlik 43 yashar o‘qituvchining aytishicha, uning hamkasblari 1 oktabr kuni musobaqada qatnashadi.

- Bayramingiz muborak bo‘lsin!

- Rahmat.

- Bayramni qanday kutib olayapsiz?

- Musobaqa uyushtirayapmiz.

- Qanaqa musobaqa?

- Paxta terish bo‘yicha. Kim ko‘p tersa – prizi bor, dedi o‘zini Abdi, deb tanishtirgan qoraqalpog‘istonlik 43 yashar o‘qituvchi.

Buxorolik o‘qituvchilar ham o‘zlarining kasb bayramlarini dalada o‘tkazajagi, pedagogik jamoalarning dasturxonlari daladan qaytgach yozilajagi to‘g‘risida Olot tumanilik o‘qituvchi ma‘lum qildi.

30 sentabr kuni Ozodlikka Marg‘ilondan tahrirsiz berayotganimiz mana bu maktub keldi:

“Mening ismim Zebo (ismim o'zgargan) kasbim o'qituvchi. Farg'ona viloyati Marg'ilon shahardagi kasb hunar kollejinin o'qituvchisiman. Havfsizligim nuqtai nazaridan kollejimi ismini berolmayman. Bugun ertalab kollejimiz direktori hurmatli ............ bizga quyidagi 2 topshiriqni berdilar:

Ertaga kasb bayramimiz kuni ommaviy pahtaga chiqishimiz ihtiyoriy majburligini. Agar ushbu buyruqdan bosh tortsak 2 oktyabr kuni ishdan bo'shashimiz haqidagi arizamizni rahbariyat olishini aytib o'tdilar. Yoki o'rnimizga boshqa terimchi yoki bo'lmasam 15 000 yoki 20 000 mingdan berish sharti”.


Biz bu maktubni olgach, Marg‘ilondagi kollejlarning barchasi bilan bog‘lanishga kun davomida urindik, lekin telefon go‘shaklarini hech kim ko‘tarmadi.
XS
SM
MD
LG