Линклар

Andijon, Namangan, Farg‘ona, Qarshi va Termiz shaharlari aeroportlari Vazirlar Mahkamasining 2013 yil, 23 sentabrdagi qarori bilan xalqaro parvozlar uchun ochildi.

Shunday qilib, mamlakatda xalqaro aeroport maqomiga ega bo‘lgan havo maydonlari soni 8 taga yetdi.

Ayni paytda O‘zbekistonga va bu mamlakatdan tashqariga amalga oshiriladigan parvozlar uchun chiptalar narxlari ba‘zi qo‘shni davlatlardagiga nisbatan kamida ikki barobar qimmat qolmoqda.

Aeroportga “Xalqaro” maqomi berilishidan nima o‘zgaradi? Shu va boshqa savollarimizni Namangan aeroportining o‘zini tanishtirmagan mas‘ul xodimiga berdik.

- Ko‘p narsa o‘zgarishi kerak, birinchidan, (kuladi –tahr.) oyligimiz oshishi kerak. Passajirlarga xizmat ko‘rsatish madaniyati darajasi yuqori bo‘lishiga talab kuchayadi. Ular uchun imkoniyatlarni kengaytirishimiz, VIP zali, bolalar xonasi kabi qulayliklar bo‘lishi, hojatxonalarimiz qulay va ozoda bo‘lishi kerak, - dedi aeroport rasmiysi.

Uning aytishicha, Namangan aeroporti yangi maqom talablariga javob bera oladigan darajada:

- Aeroportimiz yangi maqom uchun yaroqli, hamma narsasi bor. Tayyorgarlik ko‘rganmiz. Toshkentdan kelib ko‘rib ketishgan, dedi havo maydoni vakili.
Uning aytishicha, Namangan aeroportining uchish-qo‘nish yo‘lagi ham eng katta uchoqlarni qabul qila oladigan holatda.

“O‘zbekiston havo yo‘llari” aviakompaniyasi xalqaro parvozlar uchun ochilgan Andijon, Namangan, Farg‘ona, Qarshi va Termiz shaharlari aeroportlarida Milliy xavfsizlik xizmati, Davlat bojxona qo‘mitasi, Sog‘liqni saqlash, Qishloq va suv xo‘jaligi hamda Tashqi ishlar vazirliklari bo‘limlarini ochish uchun ularni xonalar, aloqa vositalari, jihozlar hamda maxsus texnika bilan ta‘minlashi zarurligi hukumat qarorida belgilab qo‘yilgan.

Shunday qilib, O‘zbekistonning xalqaro parvozlar uchun ochilgan aeroportlari soni 8 taga yetdi: Toshkent, Nukus va Samarqand aeroportlarini xalqaro parvozlar uchun ochish to‘g‘risidagi Vazirlar Mahkamasi qarori 2012 yilning 21 iyunida qabul qilingan edi.

Ozodlik tinglovchilaridan olinayotgan xabarlarga qaraganda, aeroportlarning maqomi o‘zgarishi biletlar narxlariga ta‘sir qilmayapti.

Rossiyaning Krasnoyarsk shahrida ishlab yurgan so‘xlik yigit o‘tgan haftada Ozodlikka bunday degan edi:

- Irkutsk – O‘sh reysi bor. Kecha o‘zbekistonliklardan 35 kishi O‘shga uchib ketdi.

-Nima uchun O‘shga uchishadi?

- Chunki, bilet arzon. Bir tomonga 7 ming rubl. O‘zbekistonga qimmat. Masalan, Krasnoyarsk – Toshkent 19 ming, Krasnoyarsk – Namangan – 21 ming rubl. Irkutskdan Novosibirsk orqali Farg‘onaga borish uchun 28 ming 900 rublga bilet olish kerak, deydi so‘xlik yigit.

Namangan aeroporti rasmiysi Ozodlikning biletlar narxiga oid savoliga javob berolmadi. Uning aytishicha, “aviachiptalar narxlarini “O‘zbekiston havo yo‘llari”ning tijorat departamenti belgilaydi”. “Kerosin qimmatdir, xizmatlar narxlari oshgan bo‘lishi mumkin”, deb taxmin qildi u.

Aeroport vakili aytgan idora telefonini ko‘targan xodim savolimizni javobsiz qoldirdi.

Mazuni o‘tgan haftada o‘rgangan Ozodlikning qirg‘iz xizmati nafaqat o‘zbekistonliklar, balki tojikistonliklar ham chet davlatlarga Qirg‘iziston orqali uchayotganini, masalan, Qirg‘izistonning Botken va Isfana shaharlaridan Bishkekka uchayotganlarning 60 foizi tojikistonliklar ekanini aniqladi.

Ma‘lum bo‘lishicha, keyingi 1 yil ichida Qirg‘izistonda xalqaro reyslar soni 30 foizga oshgan, ayni paytda biletlar narxi ancha arzonlagan. Buning sababini mutaxassislar aviakompaniyalar soni oshayotgani va raqobatning kuchayayotgani bilan izohlagan.

Ozodlikning qirg‘iz xizmati muxbiri mintaqa shaharlaridan turli yo‘nalishlar bo‘yicha amalga oshiriladigan parvozlar uchun chiptalar narxining qiyosiy tablitsasini tuzib chiqdi.

Tablitsa muallifi bir oydan keyin amalga oshiriladigan parvoz uchun aviakompaniyaning o‘zidan (agentlikdan emas) sotib olinadigan chiptaning eng arzon narxini oldi.

XS
SM
MD
LG