Линклар

logo-print

O‘zbekistonlik boshpana izlovchi BMT vakolatxonasi faoliyatidan norozi


O‘zbekistonlik boshpana izlovchi Karimjon Bishkekdagi BMT uyi oldida flesh-mob o‘tkazmoqda.

O‘zbekistonlik boshpana izlovchi Karimjon Bishkekdagi BMT uyi oldida flesh-mob o‘tkazmoqda.

2013 yilning 30 sentyabr kuni o‘zbekistonlik boshpana izlovchi shaxs Bishkekdagi BMT uyi binosi oldida flesh-mob o‘tkazdi. U o‘zining mazkur norozilik tadbiriga chiqishiga BMT Qochqinlar ishi bo‘yicha oliy komissarligi Bishkek vakolatxonasi xodimlari faoliyatidan qoniqmasligi sabab bo‘lganini ta‘kidlaydi.

O‘zini Karimjon deb tanishtirgan bu boshpana izlovchi o‘z ishi bo‘yicha Bishkek vakolatxonasi xodimlaridan javob kutib, zada bo‘lganini aytadi.

- Mening bitta so‘zim bor: byurokratizm jonimga tegdi. Men byurokratik davlatda butun umr yashaganman. Qo‘limdan hech narsa kelmaydi. Peshonam bilan devorga urilaverib-urilaverib, jonimga tegdi. Shuning uchun men chiqdim, - deydi BMT uyi oldida flesh-mob o‘tkazgan Karimjon.

O‘zbekistonlik boshpana izlovchi BMT Qochqinlar ishi bo‘yicha oliy komissari Bishkek vakolatxonasi vakillari oldiga qo‘yayotgan talablariga ham to‘xtaldi.

- Mening talabim – mening ishlarimni ko‘rsin bular. Tezroq javob berishsin. “Kutinglar, kutinglar, kutinglar...” Qachongacha kutaman? Necha yil kutishim kerak. Paysalga solishlar... “ Ertaga, indinga, o‘zimiz chaqiramiz...” Telefon qilib chaqirtirganidan keyin texnicheskiy sabablar[ni ro‘kach qilayapti]. Texnicheskiy sabablar ikki soatda bitsa kerak, - deydi o‘zbekistonlik boshpana izlovchi Karimjon.

Suhbatdoshimizning aytishicha, u qochqinlik maqomini olish uchun BMT Qochqinlar ishi bo‘yicha oliy komissari Bishkek vakolatxonasiga 2011 yilning iyul oyida murojaat qilgan. O‘zbekistonda turli sabablarga ko‘ra 5 marta qamalgan Karimjon hibsxonalarda o‘ziga nisbatan g‘ayriinsoniy munosabatda bo‘linganini, oxiri bu ta‘qiblardan bezib, O‘zbekistondan bosh olib chiqib ketishga majbur bo‘lganini aytadi.

- Men hamma protseduradan o‘tdim. 2011 yildan beri “qiynoqlar, qiynoqlar” deb kelaman. Qo‘l-oyoqlarim sindirib tashlangan, burunlarim, qovurg‘alarim polniy sinib ketgan. Hamma qog‘ozlarni olib kelib berganman UVKB OONga, - deydi 2011 yildan buyon boshpana izlovchi shaxs maqomida qolayotgan va ayni paytgacha “qochqin” maqomini ololmagan Karimjon.

Suhbatdoshimizga ko‘ra, BMT Qochqinlar ishi bo‘yicha oliy komissarligi Bishkek vakolatxonasi o‘tgan yil avgustida uning qochqinlik maqomini berish iltimosini rad etgan. Buni ular Karimjonning hujjatlarida kamchilik borligi bilan izohlashgan va shu vajdan uni qochqinlik maqomiga loyiq topmaganlarini aytganlar. Ammo o‘z iddaosida sobit Karimjon 2012 yil avgustida vakolatxona raddiyasi ustidan appelyatsiya arizasini yozgan. Shundan beri, o‘zbekistonlik boshpana izlovchiga ko‘ra, u vakolatxona xodimlaridan faqat “kuting” degan bir xil javobni olib kelayapti, xolos. Bunday noaniqlikdan zerikkan Karimjon pirovardida norozilik tadbiri uyushtirishga qaror qilganini aytadi.

O‘zbekistonlik boshpana izlovchi Karimjon bugungi flesh-mobdan keyin o‘z ishi chappasiga ketishi mumkinligini istisno qilmaydi. Ayni paytda u “mazkur norozilik aktsiyasi taqdiri havoda muallaq qolgan boshqa o‘zbekistonlik qochqinlar ishini biroz bo‘lsa-da, jo‘nashtirib yuborarmikin”, degan umidda.



BMT Qochqinlar ishi bo‘yicha oliy komissarligi Bishkek vakolatxonasining jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha mutaxassisi Aynagul Abdraxmanova “O‘zbekistonlik boshpana izlovchi Karimjonning noroziligi naqadar asosli?” degan savolimizga javoban vakolatxona xavfsizlik nuqtai nazaridan individual keyslar (yakka tartibdagi ishlar) bo‘yicha ma‘lumot berolmasligini, buning uchun keys egasidan rozilik olinishi lozimligini aytdi.
XS
SM
MD
LG