Линклар

logo-print
“O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi vakillariga ko‘ra, Yaponiyadan tashqari Pokistonga ham O‘zbekistondan parvozlar bekor qilinadi va bu chora mazkur yo‘nalishlar bo‘yicha parvozlarning norentabel ekanligi bilan izohlanmoqda.

Milliy aviakompaniyaning aviachiptalar narxi sohasidagi siyosati tufayli uning potentsial mijozlari qo‘shni davlatlar aviakompaniyalari xizmatidan foydalanishga o‘tmoqda.

“O‘zbekiston havo yo‘llari” o‘z rasmiy saytida Toshkent – Volgograd – Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha 25 sentyabrda bajarilgan birinchi qatnov to‘g‘risida xabar berar ekan, “...bu voqea MAKning parvozlar geografiyasi to‘g‘ri olib borilayotganligining va aviakompaniyaning o‘z yo‘lovchilari haqida qayg‘urishining yana bir tasdig‘i bo‘ldi”, deb yozdi.

Kompaniya saytidan olingan ko‘chirmadagi maqtanishga Ozodlik tinglovchilaridan olinayotgan xabarlar biroz shubha bilan yondoshishga undamoqda.

Ishi Tokio bilan bog‘liq tinglovchimizning Yaponiya poytaxtiga Toshkentdan beto‘xtov (pryamoy) qatnov bekor qilinayotgani to‘g‘risidagi xabarini “O‘zbekiston havo yo‘llari”ning Tokiodagi vakolatxonasi tasdiqladi.

- Afsuski, noyabrdan boshlab Toshkent-Tokio-Toshkent qatnovi bekor qilindi, dedi vakolatxona xodimi.

Uning aytishicha, qatnovning bekor qilinishi yo‘lovchilarning ozligi, ayniqsa, qish mavsumida yaponlarning O‘zbekistonga qiziqishi susayishi bilan izohlanadi va hozirda vakolatxona kelasi yil bahoridan qatnovni yana yo‘lga qo‘yish ustida ish olib bormoqda.

-Yo‘lovchilarning bu qatnovga qiziqishi pasayishiga aviachiptalarning qimmatligi ham sabab bo‘lishi mumkinmi, degan savolimizga “O‘zbekiston havo yo‘llari” vakili

- Ha, endi, masalaning bu jihati ham bor. Lekin qatnov avval-boshdanoq chiqimli bo‘lsa, tekinga ucha olmaymizku, axir, deb javob berdi.

Toshkentdagi aviakassalardan birining vakilidan Toshkent-Tokio qatnovi uchun bir oylik chipta (borib, bir oydan so‘ng qaytish) narxini so‘radik.

- 2 878 000 so‘m, agar naqd pulda to‘lasangiz, 2 750 000 qilib beramiz, dedi u.

“O‘zbekiston havo yo‘llari”ning Germaniyadagi vakolatxonasiga ko‘ra, Toshkentdan bu mamlakatga qatnovlar qisqartirilishi haqida so‘z bo‘layotgani yo‘q.

- Lekin, dedi vakolatxona xodimi, - Pokistonga qatnov to‘xtatilishi to‘g‘risida ma‘lumot bor. Biroq bu vaqtincha.

- Pokistonga qatnovning to‘xtatilishi ortidagi sabablar orasida aviachiptalarning qimmatligi omili yo‘qmi, degan savolimizga Germaniyadagi vakil javob bermadi.

Mavzuga oid avvalgi materialimizda o‘zbekistonlik va tojikistonlik yo‘lovchilar Qirg‘izistondagi aviakompaniyalar xizmatidan foydalana boshlagani, bunga Qirg‘izistonga qarashli aviakompaniyalar xizmati 2, ba‘zi yo‘nalishlarda 3, hatto 4 barobar arzonligi sabab ekanligi to‘g‘risida yozgan edik.

Tinglovchimizdan olingan va Ozodlik radiosi o‘rganib tasdiqlagan bu informatsiyani “O‘zbekiston havo yo‘llari”ning Novosibirskdagi vakili ham tasdiqladi.

- Novosibirsk – Farg‘ona qatnoviga chiptaning eng arzoni 15 ming rublь, Novosibirskdan O‘shga esa, 6 – 7 ming rublь, dedi vakil.

U bu tafovut sababini aviakompaniyalar siyosatining turlicha ekanligi bilan izohladi.

Va nihoyat “O‘zbekiston havo yo‘llari” o‘z rasmiy saytida yaqinda e‘lon qilingan yana bir xabar:

"2013-yilning 15-sentabridan Toshkentdan O‘zbekiston Respublikasining viloyat markazlariga boradigan va qaytadigan yo‘nalishlardagi yo‘lovchi va bagaj tashuvlariga e’lon qilingan tarif o‘rtacha 10 foizga oshadi. Faqatgina Toshkentdan Urganchga boradigan va qaytadigan qatnovlarning tarifi bundan mustasno".
XS
SM
MD
LG