Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 23:41

Rossiyada Qur‘on taqiqiga qarshi aktsiyalar boshlandi


"Rossiyaga islomga qarshi" aktsiyasi ishtirokchisi Chelyabinsk shahrida. Surat "GolosIslama" saytidan olindi.
"Rossiyaga islomga qarshi" aktsiyasi ishtirokchisi Chelyabinsk shahrida. Surat "GolosIslama" saytidan olindi.
Moskva, Tyumen, Qozon va Chelyabinsk shaharlaridagi jamoat joylarida "Rossiya islomga qarshi: 17 sentabrda Qur‘on taqiqlandi" deb yozilgan plakatlar osib chiqildi. Bu aktsiya islomshunos olim Elmir Kuliyevga oid "Qur‘oni karim ma‘nolari rus tiliga tarjimasi"ning Oktyabrskiy tuman sudi tomonidan esktremistik deb topilganiga qarshi o‘tkazilmoqda.

Rossiyaning bir necha yirik shaharlarida Qur‘oni karim ma‘nolari tarjimasining ekstremistik, deb topilganiga qarshi norozilik aktsiyasi o‘tkazilmoqda.

Tashkilotchisi ochiqlamagan aktsiya ishtirokchilari Moskva, Tyumen, Qozon va Chelyabinsk shaharlarining gavjum bekatlarida Rossiya hukumatining islom va musulmonlarga nisbatan siyosati qoralangan plakatlar osib chiqilmoqda.

Jumladan, Moskva shahri metrosining bir necha gavjum bekatlarida "Rossiya islomga qarshi. Hijobni taqiqladilar", "Rossiya islomga qarshi. Qur‘onni taqiqladilar" mazmunidagi plakatlar osildi.

Tyumen, Qozon va Chelyabinsk shaharlarida esa "Rossiyada islom taqiqlangan. Ammo, Olloh yagona va Muhammad uning rasulidir" mazmunidagi plakatlar yopishtirildi.

Shuningdek, bu shaharlarda yosh yigitlar qo‘llarida plakat tutgan holda, bir kishilik piketlar o‘tkazdilar.

Wordyou.ru saytida berilgan xabarga ko‘ra, Chelyabinsk viloyatida bir kishi qo‘lida tutgan piketda "Meni Ollohga e‘tiqodim uchun otdilar. Gappayev Abdulla. 16.09.2013" deb yozilgan edi.

Bu palakatlarda Rossiyadagi huquq-tartibot idoralarining islom va musulmonlarga siyosati qoralangan bo‘lsada, umumiyatla, bu norozilik 17 sentabr kuni Novorossiysk shahrida sud tomonidan Qur‘on tarjimasining esktremistik deb topilgani sabab bo‘lmoqda.

17 sentabr kuni Oktyabrьskiy tuman sudi Rossiyada tanilgan islomshunos olim Elmir Kuliyevga oid "Qur‘oni karim ma‘nolari rus tiliga tarjimasi"ni ekstremistik adabiyot deb topdi va taqiqladi.

Rossiya muftiylar kengashi raisi Ravil G‘anutdinning bu qarorni bekor qilishini so‘rab prezident Vladimir Putinga yozgan maktubiga, oradan 10 kun o‘tdi hamki, javob yo‘q.

Aynan shu kengash tomonidan tasdiqdan o‘tib, chop etilgan Qur‘oni karim ma‘nolari tarjimasining taqiqlanishiga nisbatan keskin norozilik kayfiyati esa rossiyalik musulmonlar orasida kuchayib bormoqda.

Musulmonlar uchun faqat islomiy va halol internet xizmatini taqdim etish maqsadida tuzilgan SalamWorld ijtimoiy tarmog‘i tashkilotchilaridan biri Abdul-Vohid Niyozov bu qarorni “provokatsiya” deb baholadi.

- Bu yerda nafaqat tarjima, balki dunyodagi eng yirik diniy konfessiyaning muqaddas birlamchi kitobining o‘zini taqiqlash haqida gap bormoqda. U yerda tarjimagina emas, Qur‘onning asli ham keltirilganku?! Boz ustiga, bunday qarorning qanaqadir tuman sudi tomonidan berilishi mutlaqo absurd, - dedi Abdul-Vohid Niyozov.

Rossiyada bunga qadar 2012 yilning may oyida ham Boshqirdiston Oliy sudi Qur‘onning bir necha oyatini ekstremistik, deb topish bo‘yicha kiritilgan da‘vo arizasini ko‘rib chiqqan edi.

O‘shanda sud qoshidagi lingvistik tahlil guruhi ekspertlari sud ishiga tirkalgan LiveJournal saytida e‘lon qilingan maqola ichidagi Qur‘on oyatlaridan 5 tasini ekstremistik mazmunda, degan xulosani bergan edi.

Jumladan, Toho surasidagi oyatlardan biri sud ekspertlari tomonidan “islomdan boshqa dinlarga qarshi salbiy munosabat uyg‘otuvchi” deb topilgan va ekstremistik adabiyot sifatida taqiqlash haqida xulosa berilgan edi.

Oktyabrskiy sudi qarori bilan tanishgan manbalarga ko‘ra, bu galgi sud ham Qur‘onning shunday mazmundagi oyatlarini taqiqlash haqida qaror chiqargan.

Rossiyalik yirik siyosat va jamoat arbobi, Rossiya islomiy qo‘mitasi raisi Geydar Jamol ham sudlarning Qur‘onni taqiqlashga urinish harakatlarini keskin qoraladi.

Shuningdek, u bunday qarorlar ortida turgan “ekspertlar”ning malakasiga jiddiy shubha bildirdi.

- Hozir bular Qur‘onning alohida oyatlarini umumiy kontekstdan sug‘urib olib, har tomonga tortqilashyapti. Istalgan diniy jamoa – nasroniylar, yahudiylarning ham muqaddas kitoblaridan alohida oyatlarni olib, bu “ekspertlar” kabi muhokama qilinsa, ularni ham Qur‘on kabi taqiqlash mumkin. Ammo, bunga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Axir bu alohida diniy jamoalar muqaddas va daxlsiz bilgan birlamchi diniy manbalarga nisbatan haqorat-ku, - deya e‘tiroz bildirdi Geydar Jamol.

20 milliondan ortiq musulmon istiqomat qiladigan Rossiyada tuman sudlarining musulmonlarni junbushga soluvchi bunday qarorlar chiqarayotganiga hali Kreml rasmiylari munosabat bildirgani yo‘q.

Rossiyada tanilgan, asli ozarbayjonlik islomshunos faylasuf Elmir Kuliyev esa shu kunga qadar bu haqda matbuotga biror bayonot bergani yo‘q.

Ammo, faylasuf bilan yaqin aloqada bo‘lgan rossiyalik jamoat arboblarining aytishicha, Kuliyev Oktyabrskiy tuman sudi qaroridan keskin norozi va ayni damda o‘z haqqi va muhimi, Qur‘oni karim himoyasi uchun advokat yollagan.

Elmir Kuliyev o‘girgan "Qur‘oni karim ma‘nolari rus tiliga tarjimasi" 20 milliondan ortiq rossiyalik musulmonlar orasida I.Yu.Krachkovskiy va V.M.Poroxovalar o‘girgan ruscha Qur‘ondan keyingi uchinchi o‘rinda turadigan diniy adabiyot sifatida tiga olinadi.
XS
SM
MD
LG