Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 16:39

Hasharchi tashiyotgan avtobus KamAZ bilan to‘qnashib ketdi


Hasharchilarga ajratilgan "Otayo‘l" avtobusiga sig‘mayotgan terimchilar.
Hasharchilarga ajratilgan "Otayo‘l" avtobusiga sig‘mayotgan terimchilar.
"WhatsApp Paxtakor" blogiga yo‘llanayotgan xabarlar orasida hasharchilar tashiyotgan transportlar halokatiga oid ma‘lumotlar ham kelmoqda. Ko‘pi bilan 50 yo‘lovchi olish mumkin bo‘lgan Otayo‘l avtobusida 100, 80 yo‘lovchiga mo‘ljallangan Mersedes-Bents avtobusida 150, 7 yo‘lovchilik Damasda esa 15-16 terimchi tashilayotgani aytilmoqda.

Ozodlikning "WhatsApp Paxtakor" blogiga yo‘llangan xabarlardan birida tibbiyot xodimlari borayotgan mikroavtobus Qumqo‘rg‘on tumanida KamAZ rusumidagi yuk mashinasi bilan to‘qnashib ketgani aytildi.

"... Fojea surxondaryo vil qumqurgon tumanidan paxtaga mediklarni olib ketayotgan avtobusning orqasidan zil avtomobili katta tezlikda urgan ulim yuq jaroxatlanganlar kup...", deb yozdi terimchi-blogger.

Ozodlikning Surxondaryodagi ismi sir saqlanayotgan manbasi tomonidan aniqlanishicha, terimchilar borayotgan transport halokati 1 oktabr kuni tonggi soat 10 larda sodir bo‘lgan.

"GAZ-53 rusumidagi mikroavtobusda mediklar paxta terimiga ketayotgan bo‘lgan. Orqasidan KamAZ kelib turtib yuborgan, shu. Avtobusning orqa buferi qiyshayib ketgan. Lekin ichida hech kimga zarar yetmagan, kasalxonaga ham yotqizilmagan. Faqat moddiy zarar yetgan, xolos", dedi Ozodlikning Surxondaryodagi manbasi.

Bu manbadan olingan ma‘lumotga ko‘ra, voqea joyida ishlayotgan Surxondaryo viloyatida DAN xodimlari mikroavtobusdagi yo‘lovchilar soni 15 nafar bo‘lganini aytgan.

Ayni damda DAN hodimlari avtohalokat sabablarini o‘rganayotgani va 2 oktabr kuni barcha hujjatlar Qumqo‘rg‘on tuman sudiga oshirilishi ham Ozodlikka ma‘lum bo‘ldi.

Ammo, bu kabi avtohalokatlar paxta dalalariga hasharchilar tashilayotgan avtomobil yo‘llarida ko‘plab sodir bo‘lmoqda.

Bunday halokatlarga guvoh bo‘layotgan Ozodlik mushtariylari jami 13 yo‘lovchiga mo‘ljallangan GAZ rusumidagi mikroavtobuslarda, odatan, 20 nafar va hatto, undan ham ko‘proq yo‘lovchi paxtaga tashilayotgani haqida yozmoqda.

Surxondaryo viloyatida banklardan birining xodimiga ko‘ra, viloyatda hasharchilar ko‘proq Otayo‘l avtobuslarida terimga tashilmoqda.

"Shu liniyadagi transportlarda tashilyaptida. Otayo‘l avtobuslari bizdagi liniyalarda. Har kuni Termiz OblONOsining binosi oldida yig‘iladi terimchilar. Shu shahar avtobuslarida, GAI soprovojdeniyesida qatnayapti. Endi odamni tiqib-bosib olib ketish bo‘ladi, tabiiy", dedi Termiz shahridagi bank xodimi.

Bu xodimning o‘zi har shanba-yakshanba kunlari tashkilot qoshidagi xizmat mashinalarida paxtaga chiqayotganini aytdi.

"O‘zi juda ko‘p tashkilotlarga transport masalasini o‘zi hal qilsin, deyilgan. Biz Nexiada boramiz. 24 kishilik kichkina kollektivmizda biz", der ekan bu xodim 5 kishlik Nexia avtomobili orqa o‘rindig‘iga 3 kishi o‘rniga ba‘zan 4 kishining o‘tirishi hollari bo‘lib turishini inkor qilmadi.

Shu kunlarda "WhatsApp Paxtakor" blogiga yo‘llangan xabarlarda ko‘pi bilan 50 yo‘lovchi sig‘ishi mumkin bo‘lgan Otayo‘l avtobusida 100 terimchi tashilayotgani aytilmoqda.

Hatto, Toshkent viloyatida paxtaga qatnayotgan bloggerlardan biri bitta Otayo‘lga 150 ga yaqin yo‘lovchi olingani haqida yozdi.

"Toshshahartransxizmat" tashkiloti qoshidagi Transport xizmati sifatini nazorat qilish boshqarmasidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, jamoat transporti qatnoviga qo‘yilgan avtobuslarning asosiy qismini O‘zbekistonda chiqarilgan Otayo‘l avtobuslari tashkil qiladi.

"Toshkentda Mersedes-Bents qo‘yilgan. Lekin viloyatlarda davlat tomonidan qo‘yilgan avtobuslarning ko‘pi Otayo‘l. Shuning uchun hasharchilar Otayo‘l avtobuslarida tashilayaptida", dedi bu mulozim.

Biz bu mulozimdan avtobuslarda yo‘lovchi tashish qoidasi, xususan, avtobuslarda ruxsat berilgan yo‘lovchilar maksimum soni haqida so‘radik.

"Otayo‘l avtobusida 14 ta o‘rindiq bor. Lekin, tik turgan yo‘lovchilar soni 28 nafar. Shu bilan jami 42 yo‘lovchi mo‘ljallangan. Lekin, maksimum 50 tagacha odam olish mumkin. Unaqa 150 tagcha odam olish kategoricheskiy mumkin emas i sig‘maydiyam", dedi "Toshshahartransxizmat" tashkiloti qoshidagi Transport xizmati sifatini nazorat qilish boshqarmasi xodimi.

Bu mulozim shu kunlarda shaharlik terimchilarni Toshkent, Sirdaryo va Jizzax viloyatlariga tashiyotgan Mersedes-Bents rusumli avtobuslarga ham meyoridan ortiq yo‘lovchi olish hollari uchrashini ham ehtimoldan soqit qilmadi.

"Mersedesda 34 ta o‘rindiq bor. Tik turgan yo‘lovchilar bilan birga 70-80 nafargacha yo‘lovchi tashish mumkin. Rosa borsa, 100 yo‘lovchi olsa bo‘lar, ammo bundan oshirish kerak emas, avtobus ko‘tarmaydi", dedi mulozim.

"WhatsApp Paxtakor" blogiga yo‘llangan xabarlarda 80 yo‘lovchiga mo‘ljallangan Mersedes-Bents avtobusida 150, 7 yo‘lovchilik Damasda esa 15-16 nafarlab odam tashilayotgani aytilmoqda.

2011 yilda Yotube tarmog‘iga o‘zbekistonlik militsionerlar tomonidan olingan bir video tashlangan va unda bitta Damasga 22 o‘quvchi joylangani aks etgan edi.

XS
SM
MD
LG