Линклар

Yolg‘iz qariyalarni tunashda gumon qilinganlar qo‘lga olindi


WhatsApp orqali jo‘natilgan ushbu suratda o‘g‘irlikda gumonlanib, ushlangan shaxslar aks etgani aytilgan.

WhatsApp orqali jo‘natilgan ushbu suratda o‘g‘irlikda gumonlanib, ushlangan shaxslar aks etgani aytilgan.

Toshkent shahridagi yolg‘iz qariyalarni tunashda gumonlangan guruh a‘zolari 30 sentyabr kuni qo‘lga olindi. Qo‘lga olinganlar bir oila a‘zolari bo‘lgan ayol, erkak hamda 8-12 yoshdagi qizaloqdan iborat ekani aytilmoqda.

Huquq-tartibot idoralari xodimlari “Iskovuch” guruh deb atayotgan shaxslar dushanba kuni Toshkent viloyati Zangiota tumani Ichki ishlar bo‘limi tomonidan qo‘lga olingan.

Buni tasdiqlagan Zangiota IIBning navbatchi xodimi tergov-surishtituv ishlari ketayotgani uchun ushbu shaxslarning ismi shariflari ochiqlanmasligini ta‘kidladi.

Toshkent shahar Chilonzor tuman IIBdagi manbaning aytishicha, er-xotin va ularning qizidan iborat guruh a‘zolari so‘nggi uch oy davomida Chilonzor tumanida kamida to‘rtta jinoyatni sodir etganlikda gumonlanmoqda.

WhatsApp orqali jo‘natilgan ushbu suratdagi erkak o‘g‘irlikda gumonlanib, ushlangan shaxs ekani aytilgan.

WhatsApp orqali jo‘natilgan ushbu suratdagi erkak o‘g‘irlikda gumonlanib, ushlangan shaxs ekani aytilgan.

“Erkak bilan ayoldan iborat talonchilar guruhi dastlab ikki kishi bo‘lib harakat qilgan. Keyingi ikkita jinoyatda esa o‘zlariga 8-12 yoshlardagi bir qizaloqni ham sherik qilgan. Qizaloq asosan qariyalar ishonchiga kirish vositasi sifatida qo‘llanilgan”, deydi militsiya xodimi.

Ozodlikka WhatsApp orqali qo‘lga olingan gumondorlarning surati ekani aytilgan 2 ta surat keldi. Ushbu suratlarda 45 yoshlarda bo‘lgan erkak, 40 yoshlardagi ayol va 10 yoshlardagi qizaloq aks etgan.

Qo‘lga olingan shaxslar 26 sentyabr kuni Toshkent shahrining Chilonzor tumani 19-kvartalida yolg‘iz yashovchi 65 yashar ayol uyini tunashda gumonlanmoqda.

Shuningdek, ular 6 sentyabrda Chilonzor tumanidagi Muqimiy ko‘chasi 160-uy 31-xonadonda yashovchi 87 yoshli Xadicha Nosirovaning uyiga o‘g‘irlikka tushib, uning uch million so‘m pulini o‘marishda gumonlanayapti.

Huquq-tartibot idoralariga ko‘ra, ushlangan shaxslar o‘tgan oyda Chilonzor tumanining Chilonzor mahallasidagi ko‘p qavatli uylardan birida yashovchi 89 yashar qariya ayol uyiga tushishda gumonlanmoqda. Militsiya ma‘lumotiga ko‘ra, ushbu bosqin oqibatida 89 yashar ayol vafot etgan.

Chilonzordagi kamida to‘rtta jinoyatni sodir etganlikda gumonlangan shaxslarning fotoroboti.

Chilonzordagi kamida to‘rtta jinoyatni sodir etganlikda gumonlangan shaxslarning fotoroboti.

Toshkent shahar Ichki ishlar boshqarmasidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, keyingi bir yil mobaynida Toshkent shahrida yolg‘iz pensionerlarni tunash va o‘ldirish holatlari soni o‘ttizdan oshgan.

Ismini oshkor qilmayotganimiz manbaga ko‘ra, Toshkentda yolg‘iz qariyalarni tunash holatlari dastlab 2011 yilning boshida qayd qilingan bo‘lib, bir xil o‘g‘irlik senariy asosida bir qancha guruhlar harakat qilgan.

Toshkent militsiyasi ma‘lumotiga ko‘ra, yolg‘iz qariyalarni o‘ldirishda jinoyatchilar dastlab soxta kommunalchilar niqobidan foydalangan.

Qizalog‘i bilan jinoyat qilgan er-xotinlar esa qariyalarni aldashda har safar turli xil ususllardan foydalangan. Militsiyadan olingan ma‘lumotga ko‘ra, ushbu guruh 87 yoshli Xadicha Nosirovaning uyiga tushishda “Yaqinda pul almashadi, shuni sizga almashtirishga yordam beramiz” deb aldab, uning eshigini ochtirib, uyga kirishgan. Keyin Xadicha momoning og‘ziga latta tiqib, qo‘l-oyoqlarini skotch bilan bog‘lab, uning 3 million so‘m pulini o‘marib ketishgan.

Talonchilarni qidirish ishlari MXX, prokuratura va militsiya xodimlari hamkorligida olib borilmoqda.
XS
SM
MD
LG