Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 11:05

Qoraqo‘tanda noqonuniy oltin qazish ishlari Toshkent nazaridan chetda qolmoqda


Navoiy kon-metallurgiya kombinati tasarrufidagi konda g‘ayriqonuniy guruhlar oltin qazimoqda. Ozodlik manbalarining iddaosiga ko‘ra, "bu guruhlarga mahalliy rasmiylar, militsiya va prokuratura rahbarlari homiylik qilmoqda". Ozodlik Qoraqo‘tan oltin konida 3 yildan beri davom etayotgan g‘ayriqonuniy oltin qazish jarayonini o‘rganishga harakat qildi.

Navoiy kon-metallurgiya kombinatiga qarashli Birinchi gidrometallurgiya zavodining Qoraqo‘tan oltin konida g‘ayriqonuniy ravishda oltin qazib olish uch yildan buyon davom etayotganligi haqida Samarqand viloyatining Paxtachi tumanida yashaydigan Ozodlik manbasi xat orqali xabar qildi: (Maktub va suhbatdoshlarning aytganlari tahrirsiz beriladi - Tahr.)

“Assalomu alaykum Ozodlik! Samarqand viloyati Paxtachi tumani Ziyovuddin qo‘rg‘onining tog‘ zonasida joylashgan Navoiy gorniy metallurgiya kombinatiga karashli Qoraqo‘tan oltin kazib olish bo‘limida ishchi xizmatchilar qiladigan ishlarni mahalliy aholi shunchalik mohirlik bilan qilyaptiki, davlat ishchilariga hech qancha ish qolmayapti. Mahalliy aholi, qolaversa boshqa davlat tashkiloti rahbarlari o‘zlari ishchi yollab oltin qazdirishayapti, ya‘ni homiylik qilishayapti. Masalan, ancha vaqtdan beri mahalliy aholi bolalari o‘z jonlarini o‘ylamasdan tilla deb o‘zlarini 100-200 metr keladigan shaxtalarga kirib qurbon bo‘lishgacha borgan va ko‘pchilikni tosh bosib o‘liklari tosh tagida xam qolib ketgan”, deb yozdi Ozodlik manbasi.

Ozodlik Qoraqo‘tan konidagi g‘ayriqonuniy oltin qazish jarayonini ikki hafta davomida o‘rgandi. Bu vaqt mobaynida shu konda ishlab, olti oy avval boshqa konga ishga o‘tgan va ayni paytda Qoraqo‘tanda ishlayotgan ikki nafar konchi bilan suhbatlashishga muvaffaq bo‘ldi.

Xavfsizlik nuqtai nazaridan bu konchilarning ism-shariflari sir tutiladi. Maqolamizda bu konchilar "Birinchi konchi", "Ikkinchi konchi" tarzida ishtirok etishadi.


“Rejimli zona” nomigagina “rejimli”


Qorako‘tan oltin koni maxsus qo‘riqchilar tomonidan qo‘riqlanadi.

Birinchi konchining aytishicha, garchi bu hudud “rejimli zona” hisoblansada, biroq mahalliy va yollanma ishchilardan iborat g‘ayriqonuniy guruhlar bemalol kon hududiga kirib, oltin qaziydi:

- Haqiqatan ham bugun o‘sha yerda mahalliy aholidan va respublikaning turli hududlaridan olib kelingan yuzlab odam g‘ayriqonuniy oltin qazish bilan band. Navoiy kon metallurgiya kombinatining rejim bo‘limiga qarashli maxsus qorovullar qo‘riqchilik qiladi. Biroq, ular ham manfaatdor bo‘lgani uchun hech kim indamaydi, deydi Birinchi konchi.

Uning iddao qilishicha, g‘ayrionuniy oltin qazuvchilarning faoliyatini Samarqand viloyati, Paxtachi tumani militsiyasi, milliy xavfsizlik xizmati, prokuraturasi rahbarlari juda yaxshi biladi:

- Bu oltin talvasasini nazorat qiladigan idoralardagi maxsus odamlar shu oltin qazuvchilarning boshliqlariga aytadi. Masalan, har bir odam boshiga bir milliondan so‘mdan pul berasan deydi. Endi tasavvur qiling, bu pul bir oyda milliardlarga aylanadi. Shuning uchun ham, davlat muhofazasida bo‘lgan konda ana shunday "lixoradchik"lar ishlaydi, deydi konchi.


Tillasi bor ruda qanday qazib olinadi?


Birinchi konchining aytishicha, g‘ayriqonuniy oltin qazib oluvchilar texnika xavfsizligiga rioya qilmasdan, ibtidoiy usulda ruda qazadi:

- Yer ostidagi konni shamollatish uchun har joy, har joyda tunnellar qazilgan. Ular ana shu tunnellardan beliga arqon bog‘lab 60 metr pastga tushadi. Kirka va lopatkalar yordamida rudani qazib, yuqoriga olib chiqishadi. Ana shu ruda tarkibida oltin bor, deydi birinchi konchi.

Ikkinchi konchi esa bu odamlar o‘z hayotlarini katta xavfga qo‘yayotganini aytadi:

- Bu odamlar 8-10 kishilik brigada bo‘lib oladi. Yosh yigitlar, 16 dan 40 yoshgacha. Tashlandiq shaxtalar orqali hozir ishlab turgan shaxtalarga tushadi. Bu brigadalar ko‘p holatlarda konda portlash ishlari o‘tkazilgandan keyin keladi. Hali ichkarida gaz yig‘ilib turgan bo‘lsa ham kirib ketadi. Bu brigadalar ba‘zan yer ustiga chiqmasdan 3-4 sutkalab ishlaydi. Gaz ballon orqali tosh qizdiriladi va u uqalanib tushadi. Yerga yoyilgan palatkaga tushgan ruda yig‘ilib, qoplarda olib chiqiladi. Bundan tashqari o‘zlari mustaqil quduq qazib oltin qidirayotganlar ham bor, deydi konchi.


Ruda “rejimli zona”dan qanday olib chiqiladi?


Birinchi konchiga ko‘ra, qazib olingan ruda kondan maxsus mashinalarda olib chiqiladi:

- Konning atrofi ochiq, lekin har joyda KPPlar bor. Biroq lixoradchiklar uchun doim zelyoniy svet. Ular istagan vaqtda kirib chiqadi. Masalan, ular asosan UAZiklarda, keyin Niva, Moskvich moshinalarida keladi. Bu moshinalarni men bir necha bor ko‘rganman. Birortasining nomeri yo‘q. Agar ekstrenniy biror narsa bo‘lib qolsa, moshinani tashlab ketaveradi, deydi konchi.


O‘g‘irlangan ruda qayerda qayta ishlanadi?


Konchilarning har ikkisi ham kondan olib chiqilgan ruda Qoraqo‘tan koniga yaqin joyda joylashgan shaharcha va qishloqlarga olib borilib, undan oltin ajratib olinishini aytadi:

- Konning yaqinida Ziyovuddin degan shaharcha bor, Cheryomushka degan posyolka bor, Qarnoq ota degan qishloq bor. Ana shu shaharcha va qishloqlardagi uylarda maxsus "tegirmonlar" bor. Ruda ana shu tegirmonlarga olib boriladi. Tegirmonda ruda maydalanib, un holatiga keltiriladi. Keyin uni maxsus kislotalar orqali tozalab tilla zarralarini ajratib olishadi, deydi Ikkinchi konchi.


Tillaning xaridori kim?


Qoraqo‘tan konidan g‘ayriqonuniy yo‘l bilan olingan oltinning xaridorlari samarqandlik yoki navoiyliklar emas, ularning “ega”lari Toshkent tomondan kelishadi, deydi Birinchi konchi:

- Oltin asosan, Toshkentga ketadi. Haftaning ma‘lum bir kunida dahshatli mashinalarda kelishadi. Bu mashinalarning nomeri ham bo‘lmaydi, balki bu yerdan chiqqandan keyin qo‘yib olishar, bilmadim. Oltin grammlab sotiladi. Eshitishimcha, yoz oylarida tillaning bir grammi 90-100 ming so‘mdan sotilayotgan ekan, deydi Birinchi konchi.

Konchilarining aytishlaricha, oltin talvasasi shunchalik avjiga chiqdiki, tilla qidiruvchilarning toshlar ostida qolib qurbon bo‘lish holatlari ham buni to‘xtata olmayapti:

- O‘tgan yili 13 oktabrda davlat konida katta avariya bo‘lgandi. O‘shanda uch nafar yosh yigit o‘lgandi. Ko‘pchilik og‘ir jarohat oldi. Xususiy lixoradchiklarni ham tosh bosib qolibdi, gazdan bo‘g‘ilib o‘lib qolibdi, deb ko‘p eshitamiz. Lekin buni oshkor qilishmaydi, deydi Ikkinchi konchi.


Oltin quturtirib yubordi


Ozodlikning elektron pochtasiga kelgan maktublardan birida yozilishicha, g‘ayriqonuniy tilla qazib olish bilan shug‘ullanadigan guruhlar boshliqlarini oltin "quturtirib" yuboryapti:


“Hozir kimki oltin orqasidan pul topayotgan bo‘lsa becpredel bo‘lib qolgan. Ular xohlagan odamini urishi, qizlarni nomusiga tegishi, qari kampirlarni xam zo‘rlashgacha borganligi bizga ayon. Lekin o‘sha bolalarni xech kim to‘xtata olmaydi, na ichki ishlar va na hokimiyat. Hozir juda ko‘p miqdorda oltin qazib olgan bolaning uyida xar kuni 50 ka yaqin tog‘da ishlovchilar kelib joyingni prokatga berib tur deb elanishadi”, deb yozadi paxtachilik Ozodlik manbasi.


Rasmiylar sukut saqlamoqda


Ozodlik Samarqand viloyatining Paxtachi tumani hududidagi Qoraqo‘tan oltin konida bo‘layotgan g‘ayriqonuniy ishlarga oid iddaolarga munosabatini bilish maqsadida Paxtachi tumani hokimligi bilan bog‘landi.

O‘zini tanishtirmagan tuman hokimligi mulozimi, Qoraqo‘tan oltin koni harbiy rejimda qo‘riqlanadigan ob‘ekt bo‘lganligi uchun, ularning bu ishga aloqasi yo‘qligini aytdi.

Shundan so‘ng Ozodlik Navoiy kon-metallurgiya kombinati bosh direktori Quvondiq Sanaqulov qabulxonasi bilan bog‘landi. O‘zini tanishtirmagan mulozim savollarimizni obdon eshitgach, "kombinat rahbariyati har qanday savollarga faqat maktub orqali javob beradi", degan javob bilan cheklandi.

Ozodlik ushbu maqolani tayyorlab bo‘lgan 2 oktabr kuni Paxtachi tumanidagi manbasidan yana bir maktub oldi:

“3 kun oldin vagondan tushib ketgan ikki nafar bolani markaziy shifoxonaga olib kelishdi. Ularning birini qo‘li ezilib, osilib qolgan, ikkinchisi esa o‘zini bilmaydigan xolatda qoniga belangancha olib kelingan. Bunday oltinni orqasidan o‘z jonini o‘ylamasdan shu ko‘yga tushayotganlar soni juda ko‘p”, deb yoziladi maktubda.

Joriy yilning 17 iyulida Navoiy viloyatida noqonuniy oltin qazish bilan shug‘ullanaëtgan artellarga homiy bo‘lganlikda ayblanib qo‘lga olingan Xatirchi tuman Ichki ishlar bo‘limining sobiq boshlig‘i Bahriddin To‘xtayevni "vatan oldidagi ulkan xizmatlarini inobatga olgan" sud uni jazodan ozod qilgan edi.

Kuzatuvchilar fikricha, Bahriddin To‘xtayev O‘zbekiston Oliy sudi raisi Bo‘ritosh Mustafoyevning qayin inisi bo‘lganligi uchun ham jazodan qutulib qolgan.

Navoiy viloyat sudida bo‘lib o‘tgan mahkama poraxo‘rlik va korruptsiyada ayblangan sobiq mirshab Bahriddin To‘xtayevning jinoiy sheriklarini 11 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilgan edi.
XS
SM
MD
LG