Линклар

O‘zbekiston Mustaqillik bayrami arafasida yopilgan o‘zbek-turkman chegarasi hamon deyarli yopiqligicha qolmoqda. O‘zbekiston Davlat chegara qo‘mitasining Ozodlik bog‘langan xodimi ikkala tomon o‘zaro chegaraoldi hududlarida yashovchi aholining uch kunga vizasiz o‘tib-qaytishiga oid kelishuv ijrosini to‘xtatganini ma‘lum qildi.

Turkmanistonning O‘zbekistonga chegaradosh Toshhovuz viloyatida yashovchi 28 yoshli Qurbonoy qariyb bir oydan buyon Xorazmdagi qarindoshlarining to‘y-ma‘arakalariga borolmayotganini aytadi:

- Chegaradan o‘tkazmayapti. 8 avgustdan buyon yopiq. O‘zbek chegarachilari ham, turkman chegarachilari ham o‘tkazmayapti. Viza bo‘lsa o‘tasan, bo‘lmasa yo‘q, deyapti. Oldin uch kunga vizasiz o‘tib kelar edik, hozir shu imtiyozlarni bekor qilishibdi. O‘zbekistondagi qarindoshlarimning ikki-uchta to‘yiga borolmadim, deydi Qurbonoy.

Chegara hududlarida yashovchi o‘zbek va turkman fuqarolari 2004 yilda ikki mamlakat o‘rtasida erishilgan kelishuvga muvofiq, vizasiz qo‘shni davlat hududiga bir necha kunga borib-qaytish huquqiga ega edilar.

Ayni paytda O‘zbekiston fuqarolari ham chegaradagi to‘siqlar bois Turkmanistondagi qarindoshlarini ziyorat qila olmayotganliklarini aytishadi.

Xivada yashovchi 46 yoshli So‘najon shularning biri:

- O‘tgan oy Mustaqillik bayrami arafasida chegara vaqtincha yopiladi, deb aytishgan edi. O‘shandan buyon hali ochilgani yo‘q. Singlim Toshhovuzga kelin bo‘lib tushgan, chegara yopiqligi uchun ko‘risholmayapmiz, deydi So‘najon.

O‘zbekiston Davlat chegara qo‘mitasining Ozodlik bog‘langan xodimi ikki mamlakat o‘rtasidagi chegara postlarida kuchaytirilgan tartib hozir ham saqlanib qolayotganini tasdiqladi:

- Bayramdan oldin kuchaytirilgan tartibga o‘tildi. Hozir chegara hududida yashovchilar telegramma bilan o‘tkazilayapti. Telegramma jo‘natishi kerak u yoqdan. Masalan, kimdir Turkmanistonga bormoqchi bo‘lsa o‘sha yerdagi qarindoshi telegramma jo‘natishi kerak. U yoki bu sababga ko‘ra yetib kelishini so‘raymiz, degan mazmundagi telegramma. Shuni ko‘rsatib chegaradan o‘tishi mumkin. Bo‘lmasa o‘tkazilmaydi, dedi O‘zbekiston Davlat chegara qo‘mitasining o‘z ismini aytmagan rasmiylaridan biri.

O‘zbekistonga o‘tmoqchi bo‘lgan turkman fuqarolari esa Turkmanistondagi o‘zbek konsulxonasiga murojaat etib viza olishlari kerak bo‘ladi.

Toshhovuzlik Qurbonoyning aytishicha, oylik-maoshi 50 dollardan oshmaydigan fuqarolar uchun o‘zbek vizasini olish qimmatlik qiladi:

- O‘zbekistonga o‘n kunga turistik viza 150 AQSh dollari turadi. O‘n kun uchun qimmat-da, yo‘l xarajatlari bilan O‘zbekistonga borish 200 dollarga tushayapti. Ammam O‘zbekistonda, kel deydi, borolmayapman, chegara qachon ochilar ekan, deb kutib o‘tiribmiz, deydi Qurbonoy.

O‘zbekistonning Xorazm, Qashqadaryo va Buxoro viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Turkmaniston bilan umumiy chegaraga ega. Ikki mamlakat o‘rtasidagi chegara uzunligi 1650 kilometrni tashkil etadi.

Xorazmdagi “Najot” inson huquqlari tashkiloti rahbari Hayitboy Yoqubovning aytishicha, O‘zbekiston va Turkmaniston chegarasi atrofida yashovchi minglab aholini qarindosh-urug‘chilik rishtalari bog‘lab turadi:

- Xorazmdan kimnidir qizi Turkmanistonning Toshhovuz viloyatiga kelin bo‘lib tushgan. Turkmanistonda Sovet davridan buyon oila qurib yashayotgan o‘zbeklar bor. Ularni qarindoshlari bu yerda. Chegaradagi to‘siq sabab o‘zini otasini, onasini mozorini ziyorat etolmayotganlar son-mingta, deydi Yoqubov.

Turkmanistonning Lebap va Toshhovuz viloyatlarida etnik o‘zbeklarning avlodlari yashab keladi.

Ayni paytda bu mamlakatda qariyb yarim million etnik o‘zbek istiqomat qilishi va ular Turkmaniston jami aholisining 12 foizini tashkil etishi aytiladi.

O‘zbekistonning Xorazm, Surxondaryo viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasida 150 mingdan ziyod etnik turkman yashaydi.
XS
SM
MD
LG