Линклар

O‘zbekistonda UCell ochgan shaxs korruptsiya ayblari ortidan ishdan bo‘shatildi


Tero Kivisaari¸ TeliaSoneraning 2013 yil 3 oktabr kuni ishdan bo‘shatilgan o‘zbek muzokarachisi. Surat sverigesradio saytidan olindi.

Tero Kivisaari¸ TeliaSoneraning 2013 yil 3 oktabr kuni ishdan bo‘shatilgan o‘zbek muzokarachisi. Surat sverigesradio saytidan olindi.

O‘zbekiston mobil aloqa bozoriga kirish uchun millionlab dollar pora berganlikda gumonlanayotgan Shvetsiyaning TeliaSonera shirkati yana bir rasmiysini “qurbon “ qildi. Shirkatni bevosita O‘zbekistonga olib kirish uchun mas‘ul bo‘lgan Mobil aloqalar xizmati prezidenti Tero Kivisaari 3 oktabr kuni ishdan bo‘shatildi.


TeliaSonera rasmiy bayonoti


“Tero Kivisaarining tanqidga uchragan O‘zbekistonga sarmoya olib kirish jarayonidagi roli va uning shu ish bilan jamoatchilik diqqat-markaziga tushgani uning TeliaSoneraning eng yirik biznes hududi prezidenti sifatida na shirkat ichkarisi va na tashqarida risoladagiday faoliyat yuritishini imkonsiz qilib qo‘ydi. Shu bois biz uning bu lavozimdan ketishi yuzasidan kelishuvga erishdik”¸ deyiladi TeliaSonera shirkati prezidenti va bosh ijroiya direktori Yohan Dennelind nomidan e‘lon qilingan bayonotda.

“O‘zbekistonga sarmoya kiritish jarayoni TeliaSonera amal qilib keladigan biznes qoidalariga muvofiq bo‘lmagan holda o‘tkazilgan. Bu xatoliklarning kattagina qismi esa noadekvat tartib va qoidalar oqibatida yuzaga chiqqan. Mannheimer Swartling hozirlagan hisobotda ham shunday xulosaga kelindi. Shirkatimizning shu kabi muammolardagi boshqaruvini kuchaytirish oldimizdagi ustivor vazifamizdir”¸ deb davom etadi Yohan Dennelind.

“Biz Shvetsiya prokuraturasi bilan O‘zbekistonga sarmoya olib kirish jarayoni yuzasidan borayotgan tergovda hamkorlik qilishni davom ettiramiz va bu jarayonning nihoyasiga yetishini kutib qolamiz”¸ deb xulosa qiladi aktsiyalarining 37 foizi Shvetsiya hukumatiga qarashli bo‘lgan TeliaSonera prezidenti o‘z bayonotida.

3 oktyabr kuni ishdan bo‘shatilgan Tero Kivisaari 2007 yilda TeliaSonera shirkatining Yevroosiyo bo‘limi rahbari sifatida O‘zbekiston rasmiylari bilan shirkatni o‘zbek mobil aloqa bozoriga olib kirish yuzasidan muzokaralarga boshchilik qilgan shaxsdir.


Rasmiy bayonotga rasmiy izoh


Tero Kivisaarining ishdan bo‘shatilishi e‘lon qilinishi ortidan Ozodlik savollariga javob bergan TeliaSonera matbuot kotibi Irene Krohn Kivisaarining Shvetsiya prokuraturasi ochgan jinoiy ishdagi asosiy gumonlanuvchilardan biri ekanini tan olishga majbur bo‘ldi:

- Ha¸ u jinoiy ishda gumonlanayotganlardan biri. Tergov jarayoni davom etar ekan¸ janob Kivisaari na shirkat ichkarisi va na tashqarisida lozim bo‘lgan darajadagi ishlarni bajara olmay qoldi. Shu bois¸ u Mobil xizmatlar prezidenti lavozimidan bo‘shatildi. Ammo u TeliaSonera guruhi ichida qoladi¸ degan Irene Krohn, Kivisaarining yangi vazifasiga oydinlik kiritishni istamadi.

Ozodlik muxbirining Kivisaarining ishdan bo‘shatilishi u boshchiligidagi TeliaSonera shirkatini O‘zbekistonga olib kirish jarayonida ulkan miqdorda pora aralashganiga oid ayblovlarni bilvosita tan olishmi? degan savoliga shirkat matbuot xodimi:

- Yo‘q¸ yo‘q. Bu O‘zbekistonga kirish jarayonida TeliaSonera amal qiladigan qoidalarning buzilganiga oid tanqidlarga javobdir¸ der ekan shirkat "amal qiladigan qoidalar"ga izoh berishni istamadi.


TeliaSonera va "o‘zbeklar ishi"


Shvetsiya jamoatchilik televideniyesi 2012 yil sentyabrida namoyish qilgan “Vazifa: tekshirish” jurnalistik surishtiruv rukni doirasida tayyorlangan “TeliaSonera – O‘zbek ishi” hujjatli filmida 37 foiz aktsiyasi Shvetsiya¸ 11 foizi Finlyandiya hukumatiga qarashli TeliaSonera shirkati vositachi Takilant firmasi orqali Gulnora Karimovaga yirik miqdorda pora berganiga oid iddaolar ilgari surilgan edi.

Bu pullar aslida¸ jurnalistlar taxminicha¸ TeliaSonerani UCell brendi ostida O‘zbekistonga olib kirish uchun Karimovaga berilgan otkatdir.

2012 yil dekabrida Shvetsiya jamoatchilik televideniyesi jurnalistlari filmning ikkinchi qismi - “TeliaSonera va Diktatorning qizi” nomli hujjatli filmni efirga berdi.

Ikkinchi filmda ham TeliaSonera shirkati Takilant vositachi firmasi orqali Gulnora Karimovaga jami 320 million AQSh dollari miqdorida pora bergani iddao qilindi.

Jurnalistik surishtiruvning may oyida e‘lon qilingan hozircha so‘nggi 3-qismi - "Moskvadan kelgan chopar" filmida esa¸ TeliaSoneraning O‘zbekistonga kirishini ham¸ uning o‘zbek bozoridagi keyingi faoliyatini ham asosan bir shaxs - prezidentning to‘ng‘ichi Gulnora Karimova nazorat qilgani va pora hamda otkatni ham asosan Karimova olgani oid yangi dalil va iddaolar ilgari surildi.

Hujjatli filmlarda ilgari surilgan ayblovlar Shvetsiya prokuraturasining TeliaSonera shirkati ustidan tergov boshlashiga, hamda shirkat prezidenti Lars Nyubergning iste‘fosi va boshqaruv hay‘ati tarkibining to‘la almashtirilishiga sabab bo‘ldi.

Tero Kivisaarining 2013 yil 3 oktyabrida TeliaSonera shirkatidagi lavozimidan bo‘shatilishi¸ kuzatuvchilar fikricha¸ tergov davomida u olib borgan muzokaralarning qonun doirasidan chiqqanini bilvosita tasdiqlaydi. Zotan¸ Kivisaari¸ O‘zbekistonga kirish uchun TeliaSonera nomidan pora berganlikda gumonlanayotganlardan biridir.


"O‘zbeklar ishi"ning o‘zbek figurantlari


Shvetsiyada “o‘zbek ishi” deb nom olgan bu tergov jarayonida katta miqdorda pora olganlik va pul yuvish amaliyotlarini uyushtirganlikda gumonlanayotganlar orasida uch O‘zbekiston fuqarosi – Gayane Avakyan¸ Behzod Ahmedov va Alisher Sobirovlar bor.

Rasman ochiqlanmagan ma‘lumotga ko‘ra¸ shved prokurorlari tomonidan olib borilayotgan tergov jarayon davomida Gulnora Karimova ham gumonlanuvchilar ro‘yxatiga kiritilgan.

Ozodlik manbalariga ko‘ra¸ hozirda Gayane Avakyan va Alisher Sobirov Toshkentda¸ Behzod Ahmedovning qayerda ekani esa¸ noma‘lumligicha qolmoqda.

“Shveytsariya¸ Shvetsiya¸ Frantsiya va Latviyada millionlab dollar miqdorda pul yuvish va korruptsiya ayblari bilan tergovga tortilgan O‘zbekiston fuqarolari Shohruh Sobirov¸ Alisher Ergashev va ularga ko‘maklashganlar Toshkentda Gulnora Karimova ko‘rsatmasi bilan asoratda saqlanmoqda"¸ deb xabar qildi Ozodlikka bu shaxslarga yaqin manba.

Bu shaxslarni xorijdagi “o‘zbek ishi”ni o‘ziga qarshi uyushtirganlikda ayblayotgan Gulnora Karimova¸ Shohruh Sobirov va Alisher Ergashevni Shveytsariya hibsxonasidan chiqarish uchun to‘langan garov pulini ham ularning bo‘yniga ilib qo‘ydi. Oqibatda bu yigitlar oilasini boqa olmaydigan holga tushib qoldi”¸ deb xabar qildi bu shaxslarga yaqin manba o‘zini tanishtirmaslik sharti bilan.

“Gulnora Karimova Shohruh Sobirov va Alisher Ergashevni o‘zini “podstava” qilganlikda ayblamoqda. Yanvar oyida Sobirov. Ergashev va ularga yordam berganlar bir yarim oycha qamoqqa tashlandi¸ hozirda ularning pasportlari olib qo‘yilgan¸ nomiga ishda qoldirilgan bo‘lsa-da¸ oylik to‘lanmaydi. Doimiy nazorat ostida saqlanmoqda¸ uyidagi telefonlarigacha o‘chirib qo‘yilgan. Ular Karimovaga garov pulini to‘lash uchun mashinalarigacha sotdi¸ hozirda bolalarini boqa olmaydigan bo‘lib qoldi”.

Ozodlikka bog‘lanib¸ o‘zini “o‘zbek ishi” figurantlaridan birining yaqini deb tanishtirgan manba Gulnora Karimova¸ o‘z iborasi bilan esa¸ “opa”ning g‘azabidan qo‘rqib¸ ovozi eshittirilmasligini so‘radi.

Gulnora Karimovaga qarashli ekani iddao qilinadigan Coca Cola Uzbekistan shirkatining top-menejerlari bo‘lgan 37 yoshli Alisher Ergashev va 34 yoshli Shohruh Sobirovlar 2012 yilning 29 iyul kuni Jenevadagi Lombard Odier bankining Shveytsariya tergovchilari nazoratida bo‘lgan shubhali hisob raqamlaridan katta miqdorda pul chiqarishga uringan paytda hibsga olingan edi.

Shveytsariya prokuraturasi ikki yarim oydan ortiq qamoqda saqlagan Alisher Ergashev va Shohruh Sobirov bilan yana ikki O‘zbekiston fuqarosi Behzod Ahmedov va Gayane Avakyanga rasman pul yuvish va boshqa moliyaviy ayblovlar qo‘yilgan.

2012 yilning 15 oktyabr kuni Alisher Ergashev va Shohruh Sobirovlar miqdori e‘lon qilinmagan garov puli evaziga ozod qilingan bo‘lsa-da¸ ularga Shveytsariyada ochilgan jinoiy ish hali davom etmoqda. Taxminlarga ko‘ra¸ Gulnora Karimova Shveytsariya tergovchilariga sirni gullab qo‘yishidan cho‘chigan Sobirov va Ergashevlarni kamida 1 million AQSh dollari evaziga “qutqarib olib¸ Toshkentga keltirgan.

Ayni paytda¸ Gibraltarda ro‘yxatga olingan va O‘zbekiston prezidentining qizi Gulnora Karimova nazorat qilishi taxmin etilayotgan Avakyan nomiga rasmiylashtirilgan Takilant Ltd. firmasining Shvetsiyadagi Nordea bankidagi 30 million dollarga teng aktivlari 2012 yil oktyabrida Shvetsiya prokuraturasi tomonidan pora olish va pul yuvishga oid jinoiy ish dorasida muzlatib qo‘yilgan.

Alisher Ergashev va Gayane Avakyan Shvetsiya tergov idoralari tomonidan ham TeliaSonera va Takilant Ltd. bilan bog‘liq ish yuzasidan pul yuvish va moliyaviy jinoyatlarda ayblanmoqda.

Ozodlikka ma‘lum bo‘lishicha¸ o‘tgan oy Shvetsiya sudi borayotgan tergov munosabati bilan bu pullarni muzlatish qarorini 2014 yil yanvariga qadar uzaytirgan.

Ozodlik hozircha Shohruh Sobirov¸ Alisher Ergashev va Gulnora Karimova bilan bog‘liq xalqaro tergov jarayoniga aloqador boshqa O‘zbekiston fuqarolarining Karimova tomonidan tazyiqqa olinganiga oid ma‘lumotni mustaqil manbalar tomonidan tasdiqlay olmadi.

Coca Colaning Ozodlik bog‘langan xodimi ularning rasman hamon shirkat xizmatchilari ro‘yxatida ekanini aytishdan boshqa ma‘lumot berishni istamadi.

Ozodlik tahririyati hozircha na Shohruh Sobirov va na Alisher Ergashevning o‘zlari va na ularning bevosita oila a‘zolarini topib¸ gaplashishga muvaffaq bo‘la oldi.

Ozodlikning bu vaziyatga oydinlik kiritish uchun Gulnora Karimovaga qilgan murojaatlari¸ xususan uning Twitter akkauntiga yuborilgan so‘rovi javobsiz qoldirildi - Karimova xonim bunday murojaat yo‘llagan Ozodlik muxbirlarini darhol o‘z folloverlari ro‘yxatidan chiqarib tashladi.


Prokuror sharhi


Ozodlik muxbiri TeliaSonera shirkatini jinoiy ishga asos bo‘lgan muzokara va moliyaviy sxemalar orqali O‘zbekistonga olib kirgan Tero Kivisaarining ishdan bo‘shatilishiga munosabat bildirishni so‘rab¸ Shvetsiya Bosh prokuraturasining Korruptsiya va moliyaviy jinoyatlarga qarshi kurash bo‘limi rahbari¸ "o‘zbek ishi"ni olib borayotgan Gunnar Stetlerga murojaat qildi.

Tergov manfaatlari yuzasidan davom etayotgan jarayon tafsilotlarini ochiqlay olmasligini bildirgan Stetler¸ "o‘zbek ishi" deb nom olgan tergov ko‘lamining kengayib borayotganini ta‘kidladi.

"Tergovga tortilgan shaxslar aybini isbot qilish va bu ishni muvaffaqiyatli yakunlash istiqbolini qanday baholaysiz?" degan savolga prokuror Stetler:

- Agar bu tergovning muvaffaqiyat bilan yakunlanishiga zarracha shubha qilganimda edi¸ uni allaqachon yopib qo‘ygan bo‘lardim. Hozirda bu tergovga ham TeliaSonera shirkatida ishlaganlar¸ ham xorij fuqarolari tortilgan. Xorijdagi hamkasblarimiz bilan muttasil hamkorlik qilmoqdamiz. Shvetsiyada gumonlanuvchilarning 30 million dollar puli muzlatilgan bo‘lsa¸ Shveytsariyada ularning yuzlab million dollari muzlatilganicha qolmoqda. Tergov davom etmoqda va bu yaqin kelajakda uning muvaffaqiyat bilan yakun topajagini anglatadi. Faqat uning qachon¸ qanday tugashi haqida sizga tafsilotlarni ochiqlay olmayman¸ dedi Shvetsiyaning mashhur prokurori Stetler.

Shvetsiyada "komissar Katani" taxallusi bilan tanilgan Gunnar Stetler mamlakat tarixidagi eng jiddiy¸ eng shov-shuvli ishlarni tergov qilish mas‘uliyatini o‘z zimmasiga olib keladi.

Shved matbuotining ta‘kidicha¸ hozirga qadar shved "Katani"si tomonidan jinoyatda gumonlanganlarning deyarli barchasining jinoiy qilmishlari mahkamada o‘z isbotini topgan va ular qonuniy jazosini olgan.
XS
SM
MD
LG