Линклар

logo-print

O‘zbekistondagi Mustaqil mardikorlar kasaba uyushmasi, deb ataluvchi norasmiy tashkilot faollarining Ozodlikka aytishlaricha, shanba kuni ertalab Toshkentning Qo‘yliq bozorida militsiya xodimlari o‘ttizdan ziyod mardikorni poytaxtda propiskadan o‘tmaganini pesh qilib, majburiy tarzda paxtaga olib ketgan.

Sirdaryolik 32 yoshli Husniddin o‘zi qatori boshqa mardikor yigitlar bilan tirikchilik ilinjida shanba kuni ertalab Toshkentdagi Qo‘yliq bozoriga chiqqanida militsiya xodimlari tarafidan o‘rab olinib, paxtaga olib ketilganini aytadi:

-Tirikchilik qilish uchun Qo‘yliqdagi bozorga chiqqan edik, men bilan birga bo‘lgan o‘ttizdan ziyod ishchini bugun militsiya avtobusga bosib olib ketdi. “Bekor yuribsizlar, prapiskasiz, davay paxtaga hammang”, deb olib ketdi. Men zo‘rg‘a qutilib qoldim. Bilishimcha, ulardan tekin ishchi sifatida foydalanishayotgan ekan.

Toshkent shahar Ichki ishlar boshqarmasi rasmiylari bu yuzadan izoh bermadi.
O‘zbekistondagi Mustaqil mardikorlar kasaba uyushmasi faollariga ko‘ra, bu militsiya xodimlarining o‘zboshimchaligi bo‘lishi ham mumkin.

- Hozir davlat hizmatchilari paxtaga haydalyapti. Paxtaga borishni xohlamaganlar o‘rniga mardikorni yollab, pulga paxta terdirishi hollari ko‘payib ketdi. Kimdir shu peshona teri bilan tirikchiligini qilayotgan mardikorlarni qo‘rqitib, ularni mehnatidan bepul foydalanmoqchi bo‘layapti, shekilli. Chunki, paxtaga olib ketilgan tanishlarimning aytishicha, ular bepul ishlatilyapti. Militsiya: "Paxta termasang viloyatlaringga haydavoramiz", deb qo‘rqitayotgan ekan, -deydi O‘zbekistondagi Mustaqil mardikorlar kasaba uyushmasi faollaridan biri Fahriddin.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, majburiy bolalar mehnati bois xalqaro bosimlar ostida qolgan O‘zbekiston hukumati maktab o‘quvchilarini paxta yig‘im-terimiga ommaviy tarzda jalb etmaslikka harakat qilmoqda.

Bolalar o‘rniga hukumat paxtani qo‘lda terib olish jaraëniga davlat byujetidan moliyalanadigan korxonalar, jumladan, shifoxona xodimlari va maktab o‘qituvchilarini majbur etmoqda.

So‘nggi yillarda esa paxta mavsumida mardikorlarning ham bozori chaqqonlashgani kuzatiladi.

-Hozir tirikchiligimiz paxtadan bo‘lyapti. Kilosiga o‘zi 200 so‘m atrofida olamiz. Lekin ayrim davlat ishida ishlaydiganlar kilosiga 300 so‘mdan ham beradi. O‘zi paxta termay uyida o‘tiradi, uni o‘rniga biz teramiz, - deydi ismini aytmagan o‘zbek mardikorlaridan biri.

Hyuman Rayts Uotch xalqaro inson huquqlari tashkilotiga ko‘ra, O‘zbekiston hukumati o‘tgan yilgi paxta mavsumida bir milliondan ortiq fuqarosini, jumladan, o‘qituvchi, shifokor va hamshiralarni og‘ir sharoitda paxta terishga majbur qilgan.

Shu kunga qadar dunyoning yuzdan ziyod chakana savdo shirkati majburiy mehnat evaziga yetishtiriladigan O‘zbekiston paxtasidan tayyorlangan mahsulotlardan voz kechgan.
XS
SM
MD
LG