Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 22:02

@GulnaraKarimova g‘oyib bo‘ldi


O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaga tegishli @GulnaraKarimova akkaunti ikki kundan buyon ishlamayapti. Buni Karimova xonimning muxlislari hakerlar hujumi o‘laroq baholasa, mustaqil ekspertlar mazkur qadam piar aktsiya bo‘lishi mumkinligini e‘tibordan soqit qilmayaptilar.

Ma‘lumotlarga ko‘ra, Tvitter mikroblogidagi @GulnaraKarimova akkaunti 5 oktyabr kuni deaktivatsiya qilingan (falajlangan). Gulnora Karimova muxlislari tomonidan ochilgan GOOGOOSHAFC.UZ saytining yozishicha, O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi shaxsiy profili hakerlar hujumiga uchragan. Ayni paytda Googoosha fan klubi vakillari “barchasi aynan qanday sodir bo‘lgani va boshqa ma‘lumotlarni faqat Gulnara Karimovaning o‘zigina biladi”, deya qo‘shimcha qilishni unutmaydilar.

Googoosha muxlislari ma‘lumotiga ko‘ra, @GulnaraKarimova akkauntining 39 ming folloveri (mushtariysi) bor edi, unda Karimova yozgan tvitlar soni esa 15 mingdan oshib ketgandi.

Ayni paytda Karimovaning muxlislari @GulnaraKarimova akkaunt egasining o‘zi tomonidan o‘chirilib yuborilgan bo‘lishi mumkinligiga ham ishora qilib ketadilar. Xususan, ular Tvitter foydalanuvchilaridan biri @uzchase xabariga tayangan holda, “Gulnara Karimova shaxsiy profilini o‘chirib yuborishi va tez fursatda yangi profil ochishi haqida yozma xabar qoldirgan”ini yozadilar.


Shu ma‘lumot haqiqatga yaqinroq ekanini urg‘ulagan mustaqil ekspertlar @GulnaraKarimova profilining yo‘qolida hakerlar qo‘li borga o‘xshamaydi, demoqdalar.

- Chunki asosan hakerlar sindirilgan akkauntlarda defeysing (deface) amalga oshiradi, ya‘ni akkaunt egasi nomidan tvitlar qoldirib ketadi. Umuman, Tvitterda akkauntni birdaniga o‘chirib yuborishning ilojisi yo‘q. Dastlab akkaunt 30 kunga deaktivatsiya qilinadi. Shu vaqt mobaynida tvitterchi o‘z akkauntini qayta jonlantirmasa, akkaunt avtomatik tarzda butunlay o‘chirib yuboriladi.

Gulnora Karimovaning o‘zi akkaunti orqali hakerlar hujumiga uchraganini aytgani ham shubhali. Chunki hakerlar tarafidan qo‘lga olingan akkauntning parollari va elektron manzillari odatda o‘zgartiriladi.

Gulnora Karimovaning o‘z akkauntini deaktivatsiya etishiga bir qancha sabablar bo‘lishi mumkin. Birinchisi – piar aktsiya. Ya‘ni, hakerlar hujumini vaj qilib ko‘rsatib, akkauntga va uning egasiga bo‘lgan e‘tiborni oshirish.

Ikkinchisi – Tvitterdan charchash. Bu Tvitter foydalanuvchilari, ayniqsa faol foydalanuvchilari orasida tez-tez uchrab turadi. Ular o‘zlaricha “tarki dunyo” qilib, akkauntlarini deaktivatsiya etishadi, lekin bir necha kunlik tanaffusdan so‘ng yana Tvitterga, yana eski akkauntiga qaytishadi, - deydi yangi medialar bo‘yicha ekspert To‘lqin Umaraliyev.

O‘zbekiston prezidenti to‘ng‘ich qizining @GulnaraKarimova akkauntini ayrim kuzatuvchilar uning tashqi dunyoga tuynugi o‘laroq ko‘rardilar. Unda Karimova xonimning yarim rasmiy, yarim norasmiy talqinlari-tahlillari-tanqidlari-ta‘nalari aks etib borardi.

Tvitter mikroblogida Gulnora Karimovaga tegishli @realgoogoosha akkaunti ham bor, biroq bu akkaunt shu yilning 5 yanvaridan buyon falajligicha turibdi.
XS
SM
MD
LG