Линклар

Uzun yupka kiygan o‘quvchini qirg‘iz tili o‘qituvchisi darsdan quvdi


Bugun aksar maktablarda ro‘mol o‘rab, darsga qatnayotgan muslima-o‘quvchi qizlardan biri.

Bugun aksar maktablarda ro‘mol o‘rab, darsga qatnayotgan muslima-o‘quvchi qizlardan biri.

Qirg‘izistonning Qorasuv shahrida ro‘mol o‘ragan, uzun yupka kiygan o‘quvchi qizlarni darsga qo‘ymagan hamda ularga qo‘pol munosabatda bo‘lgan o‘qituvchi ustidan ota-onalar prokuraturaga arz qildi. O‘quvchi qizlardan birining Ozodlikka aytishicha, qirg‘iz tilidan dars beradigan o‘qituvchisi e‘tiroz bildirgani uchun unga nisbatan kuch qo‘llagan.

Qirg‘izistonning Qorasuv shahrida istiqomat qiluvchi Hakimaxon (Ismi o‘zgartirildi - Tahr.) shaharning Karimjon Rahimov nomidagi 68-maktabida o‘qiydigan qizining uzun yupkasi tufayli o‘qituvchisi tomonidan darsdan quvilganidan norozi bo‘lib, Ozodlikka qo‘ng‘iroq qildi.

- U ayol qirg‘iz tili o‘qituvchisi, ham zovuch bo‘lib ishlaydi. Uzun yupka kiygani uchun darsdan chiqarvorgan. Direktoriga yig‘lab kirgani uchun orqasidan borib bexosdan urvorgan. Uch-to‘rt marta urgan, boshiga qattiq urgan. Direktori bilan kutubxonachisi zo‘rg‘a qo‘lidan tortib olibdi qizimni, - dedi Hakimaxon.

Hakimaxonning Ozodlikka aytishicha, 14 yashar qizi Nargizani (Ismi o‘zgartirildi - Tahr.) kalta yupka kiyish va ro‘molini yechtirishga urinish bunga qadar ham bo‘lgan. Ammo, qizning otasi maktab rahbari bilan murosa qilib, uzun yupka kiyishga ruxsat olgan.

Bu ayolga ko‘ra, shunga qaramasdan ismini oshkor qilmayotganimiz o‘qituvchi nafaqat Nargiza, balki boshqa uzun yupkali ro‘mol o‘ragan o‘quvchi qizlarni ham darsga kiritmayapti.

Ozodlik muxbiri nomi tilga olingan maktab direktori bilan ham bog‘landi. Ammo, maktab rahbari bu hodisani hozircha izohlamadi.

Ozodlikka so‘zlagan Nargiza esa o‘sha kungi kaltaklanishidan buyon o‘zini yomon his qilayotgani va maktabga borishdan cho‘chib qolganini aytadi.

- Boshim aylanib, ko‘nglim ozayapti. Hozir o‘sha voqeani eslasam, qo‘rqib ketayapman. Chunki, noxosdan urvordida, men o‘zimni bilmay qoldim, - dedi Nargiza.

Nargizaning aytishicha, uni darsga kirishiga qarshilik qilayotgan o‘qtuvchi o‘z e‘tiroziga maktab nizomini asos qilib keltirmoqda.

Maktab nizomi bilan yana bir bor tanishgan ona esa talab qilingan tartibda qizlarini kiyintirayotgani aytadi.

Unga ko‘ra, qizaloq-o‘quvchilar kiyayotgan yupkalar aytilganidan biroz uzun va bu uzunlik maktab rahbariyati bilan kelishilgan.

- Nizomni bugun yana ko‘rib keldim, yupkasi tizzasidan 10-15 santimetr pastda bo‘lishi kerak deyilgan. Kolgotki, deyilgan. Lekin bu o‘qituvchisi kapron paypoq kiyasan, deyapti ekan. Ibo-hayosini saqlagan qizlarimiz u maktabda o‘qiy olmaydimi endi?! - dedi Hakimaxon.

Unga ko‘ra, 68-maktabning ismini oshkor qilmayotganimiz o‘qituvchisi harakatlaridan norozi bo‘lgan bir necha ota-ona Qorasuv shahar prokuraturasi va IIB ga ariza kiritgan.

Qirg‘iziston janubida aksariyatni tashkil qiluvchi muslima o‘quvchilar haqida 24 sentyabr kuni chiqish qilgan O‘sh shahri meri Melis Mirzakmatov o‘quvchilarga nafaqat ro‘mol, balki hijob taqiqlanmagani haqida gapirgan edi.

Hokim mamlakatda maxsus maktab kiyimi haqida qonun bo‘lmagani bois, o‘z qo‘li ostidagi mutasaddilarni ro‘molli va hijobli o‘quvchilarning haqqini buzmaslikka ham chaqirgan.

Mamlakat janubidagi maktablarda o‘quvchi qizlarning ro‘mol va uzun kiyim kiyishlariga qarshilik ko‘rsatish hollari muntazam ravishda kuzatiladi.
XS
SM
MD
LG