Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 15:25

"Neftchi" klubi futbolchilari bir kunda bir tonna paxta terib berishdi


"Neftchi" futbolchisi Pavel Smolyachenko paxta dalasida. (Surat San‘at Sharipovning Twitter sahifasidan olindi)
"Neftchi" futbolchisi Pavel Smolyachenko paxta dalasida. (Surat San‘at Sharipovning Twitter sahifasidan olindi)
7 oktyabrdan boshlab Farg‘onaning “Neftchi” klubi futbolchilari paxta terimiga jalb qilindi. Klub a‘zolaridan birining Ozodlikka aytishicha, dalaga chiqqan 40 kishilik guruh Qo‘shtepa tumani paxta xirmoniga 1 tonnalik hissa qo‘shgan.


Paxtakor futbolchilar


Dushanba kuni “Neftchi” futbol klubi a‘zolari Qo‘shtepa tumanidagi “Erali Safarov” nomli fermer xo‘jaligi dalalarida paxta terishdi.

Ozodlikka ismini ochiqlamaslik sharti bilan gapirgan “Neftchi” klubi futbolchilaridan biriga ko‘ra, klubdan jami 40 kishi paxta terimiga borgan.

“20 tacha dublyor keyin osnovadan futbolchilar hamda farroshlar, qorovullar yana bugalteriyadan - hammamiz kechgacha paxta terib keldik. Jami 1 tonnaga yaqin paxta terdik. Farg‘ona televidenisidan kelib, s‘yomka qilishdi. Bugun “Jarayon”da ko‘rsatadi”, deydi “Neftchi” futbolchisi mikrofonsiz suhbatda.

Suhbatdoshimizning aytishicha, “Neftchi” klubi futbolchilari 8 oktyabr kuni paxta terimiga chiqarilmagan.

“Bugun paxtaga bormadik. Yana boramizmi-yo‘qmi, bilmadim. Bu haqda aytishmadi”, dedi futbolchi.

Farg‘ona viloyat futbol federatsiyasining o‘zini tanishtirmagan xodimiga ko‘ra, futbolchilarning paxta terimiga chiqarilishi hukumat siyosati bilan bog‘liq.

“Bilasiz paxta- bu siyosat. Hech kim bu jarayondan chetda qolmasligi kerak. Shu jumladan, futbolchilar ham. Futbolchilarimiz paxtakorlarga madad bo‘lish uchun o‘z xohishlari bilan borishdi. Hozircha bir kun. Zarur bo‘lsa, yana borishadi”, dedi federatsiya xodimi.


“Futbolchilar o‘rniga o‘zimiz paxta terdik”


Qo‘shtepa tuman hokimligining paxta shtabi mas‘ullaridan birining Ozodlik muxbiri bilan mikrofonsiz suhbatda aytishicha, “Neftchi” futbolchilariga 1 tonna paxtani terishda mahalliy terimchilar ham “ko‘maklashgan”.

“Albatta, rahmat aytamiz futbolchilarimizga. Kelib hasharchilarga ko‘maklashishdi. 1 tonna paxta terishdi. Lekin ularni qiynab qo‘ymadik. Futbolchilar o‘ynashdi, ko‘p vaqtini dam olish bilan o‘tkazishdi. Ular o‘rniga o‘zimiz terdik paxtani (kuladi). Yeb-ichishini ham joyida qildik. Bitta qo‘y so‘yib, yedirdik. Yana kelishsa bosh ustiga”, deydi paxta shtabi xodimlaridan biri.

“Neftchi” futbolchilari Qarshida “Nasaf” jamoasi bilan o‘ynab, 2:0 hisobida mag‘lubiyatga uchraganidan ikki kun o‘tib, paxtaga haydaldi.

5 oktyabrь kungi ushbu o‘yin O‘zbekiston Oliy ligasi musobaqalari doirasida o‘tkazildi.

“Neftchi” futbolchilari 18 oktyabr kuni o‘z maydonida Jizzaxning “So‘g‘diyona” jamoasini qabul qiladi.

Ko‘rinadiki, futbolchilar bu o‘yinga paxta dalalarida tayyorgarlik qilmoqda. Qo‘shtepa tuman hokimligidagi manba ham “Futbolchilarimiz o‘ynashdi, biz paxta terdik”, deya yozg‘irdi.

Futbol agenti San‘at Sharipov Twitter dagi o‘z sahifasida “Neftchi” futbolchilarining paxta terimiga chiqarilgani haqida suratli-tvit e‘lon qildi.



Suratda “Neftchi” jamoasining yarim himoyachisi Pavel Smolyachenko bir siqim paxtani qo‘lida ushlagan holda turibdi. Lekin futbolchining paxta terish uchun zarur bo‘lgan etagi suratda eks etmagan.


"Futbolchilar paxtaga majburiy haydalgan"


Futbol bo‘yicha o‘zbek bloggeri Bobomurod Abdullayevga ko‘ra, futbolchilarning paxta terimiga majburiy jalb qilinish holatlari avval ham bir necha bor kuzatilgan bo‘lib, bu aslida xo‘jako‘rsinga qilinadi.

- Futbolchilar paxtaga olib chiqiladi. Lekin ular amalda paxta termaydi. "1 tona paxta terdi", deb aytilaveradi. Futbolchilar birovlar tergan paxtani sotib olishadi yoki pulini berib, birovga terdiradi. Amalda paxtaga chiqdimi, chiqdi, degan gapni hokim eshitsa bo‘ldi, - deydi blogger.

Unga ko‘ra, mahalliy hokimiyatlarda kollej o‘quvchisi paxtaga chiqayaptiyu nimaga endi futbolchi chiqmasligi kerak, degan tushuncha bor.

- Lekin professinal nuqtai nazardan bunday qilinishi kerak emas. Futbolchi o‘zining ishini qilishi kerak. O‘qituvchi o‘zining ishini qilishi kerak. O‘quvchi mashg‘uloti bilan shug‘ullanishi kerak. Hozir futbolchilaridan: “O‘z xohishingi bilan chiqdingmi?” deb so‘rasangiz, albatta: “Ha”, deydi. Lekin chin dildan gapiriladigan bo‘lsa, qaysi futbolchi paxtaga chiqishni xohlaydi. Menimcha, ularni majburiy olib chiqqan paxtaga, - deydi Bobomurod Abdullayev.
XS
SM
MD
LG