Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 12:28

FMS Domodedovodagi o‘zbek ona-bolalariga yon bosdi


Rossiya Federal migratsiya xizmati Domodedovo aeroportining tranzit zonasida qolayotgan o‘zbekistonlik Zulxumor Alijonovaning siyosiy boshpana so‘rab yozgan arizasini navbatdan tashqari tartibda ko‘rib chiqadigan bo‘ldi. Unga qadar Zulxumorning u bilan birga aeroport hibsxonasida saqlanayotgan to‘rt farzandining deportatsiyasi to‘xtatib turiladi.

Rossiya Federal migratsiya xizmatining Moskva bo‘yicha boshqarmasi Zulxumorning farzandlariga vaqtinchalik qochqinlik so‘rab topshirgan arizasini tez muddatda ko‘rib chiqishga qaror qildi.

Bu haqda boshqarma vakili Zalina Kornilova Ozodlikka ma‘lum qildi:

- Aynan hozirga kelib biror o‘zgarish bo‘lgani yo‘q. Haqiqatan, ularning hujjatlari tezlashtirilgan tartibda ko‘rib chiqiladi. Bundan ortiq biror ma‘lumot bera olmayman, - dedi Moskva FMS boshqarmasi vakili.

Moskvaning Domodedovo aeroportida qolayotgan Zulxumor Alijonovaning Bishkekdan uchib kelgan to‘rt farzandi ortga deportatsiya qilinish xavfi ostida qolmoqda.

Ajablanarlisi, Domodedovo bojxonachilari Zulxumorning o‘ziga hech qanday e‘tirozi yo‘qligi, surati onasining pasportiga kiritilmagani bois bolalarini Rossiyaga kiritish mumkinmasligini aytmoqda.

Aeroport ma‘muriyati bolalarning yukini Bishkekka qaytarib yuborgani bois yupun ahvolda panjara ortida saqlanayotgan bolalarga esa hibsga olinganidan ikki kun o‘tib issiq ovqat berila boshladi.

O‘zbekistonlik voyaga yetmagan qochqinlarni o‘z himoyasi bilan Moskvadagi “Fuqaroviy ko‘mak” qo‘mitasi va Rossiya Ombudsmani Vladimir Lukin shug‘ullanmoqda.

4 kundirki farzandlarining aeroportdan chiqishini Rossiyadan qochqinlik maqomini olgan otasi (Ismini aytmaslikni so‘ragan - Tahr.) ham intizorlik bilan kutmoqda.

Rossiya Federatsiyasi BMTning qochqinlar maqomini belgilovchi 1951 yilgi Jeneva Konventsiyasi va 1967 yilgi Protokoliga 1992 yilda qo‘shilgan.

O‘rnatilgan tartibga ko‘ra, vaqtinchalik qochqinlik maqomini so‘rab borayotgan shaxslarning arizasi davlat chegarasida qabul qilinadi. Bunday arizani katta yoshli shaxslar bilan birga voyaga yetmagan bolalar ham topshirishi mumkin.

Arizani ko‘rib chiqish esa ikki bosqichdan iborat. Birinchi bosqich 5 kun, ikkinchi asosiy bosqich esa 3 oygacha davom etishi mumkin.

Ayrim vaziyatlarda qochqinlik arizasini ko‘rib chiqish muddati yana 3 oyga uzaytirilishi ham mumkin.

Ariza kiritgan shaxs bu muddat davomida Rossiyada vaqtinchalik yashab turishga haqli va buning uchun unga qochqinlik maqomini so‘ragani ifoda etilgan guvohnoma beriladi. Shuningdek, Rossiya Federatsiyasida qochqinlik maqomini so‘rayotganlardan majburiy tibbiy ko‘rik va daktiloskopiya qaydidan o‘tish ham talab qilinadi.

Talabgor shaxsning arizasini ko‘rib chiqib, unga qochqinlik maqomini berish jarayoni uchun esa 3 yillik muddat belgilangan. Bu muddat ichida qochqinlik maqomini so‘ragan shaxsning boshqa mamlakatga chiqarib yuborilishi mumkin emas.
XS
SM
MD
LG