Линклар

logo-print
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki qiymati 5000 so‘m bo‘lgan yangi pul banknotalarini muomalaga chiqara boshlaganiga uch oydan oshdi. Ammo banklarda hanuz o‘tkir naqd pul tanqisligi davom etmoqda.

Bunday holat, Ozodlik bog‘langan mutaxassislarga ko‘ra¸ banklarning byudjet tashkilotlari oldidagi majburiyatlar hajmi oshgani xamda paxta mavsumiga ketayotkan xarajatlar bilan izohlanmoqda.

Xususan¸ Agrobank filiallaridan birining pul muomalasi bo‘limida ishlaydigan xodimning ta‘kidlashicha, barcha e‘tibor hozirgi kunda paxtaga qaratilgan:

- Sentyabr oxiridan boshlab Markaziy bankka topshirish kerak bo‘lgan naqd pul hajmi oshirib berildi, viloyatlarda paxta terimi boshlangani sababli. Hamma pul paxtaga ketayapti! Undan tashqari¸ bilasiz¸ pensiyalar ham avgustdan 15 foizga oshgan. O‘shanga qiyin bo‘layapti¸ deydi bank ishchisi.

Xodimdan yaqinda muomalaga chiqarilgan 5000 so‘mlik haqida so‘ralganda u quyidagicha javob qildi:

- 5000 so‘mlik chiqqani bilan u katta miqdorda muomalada emas. Pul aholi qo‘lida qolib ketayapti. Qancha pul chiqarmang¸ odamlar bankka pul topshirmasa undan nima naf??? Bizda xarajat katta¸ ammo naqd pul tushimi hajmi oshmayapti¸ deydi Ozodlik suhbatlashgan bank xodimi.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ naqd pul taqchilligi sababidan tadbirkorlar ham o‘z pullarini vaqtida olisha olmayapti:

- Bizlarga buyruq bor. Paxta birinchi navbatda. Keyin esa pensiya! Shularni naqd pul bilan ta‘minlashimiz zarur. Tadbirkorlarga plastik kartalar xizmatini keng qo‘llash tavsiya etilgan. Oylik, divident va boshqa pullarini plastik kartalariga tushirib berayapmiz¸ deydi O‘zbekistondagi yana bir bank - Aloqabank mutasaddilaridan biri.

Ozodlik suhbatlashgan yana bir bank xodimi "bo‘zchi belboqqa ëlchimaydi"¸ degan naqlni aytib¸ naqd pulning faqat paxtaga ketaëtgani bois¸ bank xodimlarining o‘zi ham ikki oydan beri maosh ola olmaëtganliklarini bildirdi.

O‘zbekistonda keyingi yillarda naqd pul taqchilligi muammosi keskinlashib bormoqda. Bu muammoni ma‘muriy-buyruqbozlik usulida hal qilishga urinaëtgan hukumat rasmiylari xususiy tadbirkor va savdogarlarga qo‘yilaëtgan naqd pul topshirish majburiyatini oshirib bormoqda.
XS
SM
MD
LG