Линклар

Paxtadan qaytgan o‘qituvchi endi uyma-uy pul yig‘ishga jo‘natildi


O‘qituvchilar birlamchi vazifalari qolib, mahalliy hokimlarning tekin mardikorlariga aylanib bormoqda

O‘qituvchilar birlamchi vazifalari qolib, mahalliy hokimlarning tekin mardikorlariga aylanib bormoqda

Qo‘qon shahridagi maktablar o‘qituvchilari uyma-uy yurib aholinining gaz, elektr energiyasi va kommunal xizmatlardan qarzdorligini aniqlash va undirishga safarbar etildi. Qo‘qonlik o‘qituvchilarning Ozodlikka xabar berishicha, shahar hokimi bu borada maktab direktorlariga og‘zaki buyruq bergan.

Qo‘qon shahridagi maktab o‘qituvchilaridan birining Ozodlikka yozishicha, o‘qituvchilarga paxta terimida qatnashishdan tashqari yana bir vazifa yuklandi:

“Paxtaga navbat bilan chiqarishayotgandi, endi esa bizni kommunal to‘lovlar qarzdorligini yig‘ishga majburlashayapti. Aytishlaricha, qarzdorlikni yiqqani ishchi kuchi yetishmayotgan ekan. Darslarimiz o‘lda-jo‘lda qolib, endi ko‘chama-ko‘cha sanqib yuribmiz. O‘qituvchilar qachon mardikorlikdan xalos bo‘ladi?”, deb yozadi qo‘qonlik o‘qituvchilardan biri.

O‘qituvchilarning uyma-uy yurib, qarzdorlikni hisob-kitob qilayotgani haqidagi xabarni Qo‘qon shahridagi Chorsu mahallasida yashayotgan 34 yoshli uy bekasi Manzuraxon ham tasdiqladi:

- Ikkita o‘qituvchi keldi uyimizga, gaz, svet hisoblagichlarini tekshirib ko‘rishdi. Bizning qarzimiz yo‘q ekan. Aytishlaricha, ularga ko‘chalarni bo‘lib berishgan ekan, dedi Manzuraxon.

Qo‘qon shahridagi 41- maktab direktori Yelena Lyaxova o‘qituvchilarning kommunal to‘lovlar qarzodorligini yig‘ishga safarbar etilganini tasdiqlar ekan, buni hokimiyatga yordam berish deb atadi:

- Bizning maktabdan bu ishga ikki nafar o‘qituvchi birkitilgan. Biz ularni darsdan ozod qilganmiz. Ular uyma-uy yurishayapti. To‘g‘ri, printsipda bu noto‘g‘ri narsa. Lekin shaharga yordam kerak bo‘lsa¸ nega biz yo‘q deyishimiz kerak? Aholining qarzdorligi haddan tashqari ko‘payib ketgan, elektrosetda esa uyma-uy yurgani odam yetishmaydi. Bizdan iltimos qilishdi va biz yo‘q demadik, dedi maktab direktori Yelena Lyaxova.

Ozodlik muxbiri o‘qituvchilarning qarzdorlikni undirish ishlariga safarbar etilgani xususida izoh so‘rab Qo‘qon shahar hokimligi bilan bog‘landi. Telefon go‘shagini ko‘targan hokimlik mulozimi savolimizni obdon eshitgach, go‘shakni qo‘yib qo‘ydi.

O‘zbekistonda o‘qituvchilar mahalliy hokimiyatlarning tekin mardikorlari bo‘lib qolgani aytiladi. Obodonlashtirish, qishloq xo‘jaligi ishlarida ishtirok etish, qarzdorlikni undirish o‘qituvchilarning oddiy ish kunlariga aylanib qolgan.

Joriy iylning bahorida O‘zbekiston qator viloyatlarida qariyalarning pensiyalarini plastik kartochkalarga o‘tkazishga kollej o‘qituvchilari safarbar etilgan edi.

2012 yilning noyabrida Samarqand viloyatidagi 169 ta kollejning o‘qituvchilari paxta terimidan so‘ng namunaviy uy-joylar qurilishiga “hashar”ga jalb qilindi.
XS
SM
MD
LG