Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:09

Britaniya oliygohlari o‘zbek rejimi bilan yaqinlikda ayblandi


Vestminster universitetining Toshkentdagi filiali
Vestminster universitetining Toshkentdagi filiali
"Vestminster universitetining Toshkentdagi bo‘limiga to‘qqiz yil davomida hukumat tarafidan tayinlangan sobiq KGB ofitseri rektorlik qilib kelgan". Bu haqda Wikileaks oshkor etgan ma‘lumotlar Britaniya jamoatchiligi orasida shov-shuvga sabab bo‘lmoqda.

Britaniyada chiqadigan The Guardian gazetasining Wikileaks oshkor etgan maxfiy hujjatlarga asoslanib yozishicha, Vestminster universitetining Toshkentdagi filiali ochilgan 2002 yildan boshlab to‘qqiz yil davomida unga sobiq KGB ofitseri Abdujabbor Abduvohitov rektorlik qilgan.

Shuningdek, mazkur bilim dargohi boshqaruviga Karimov rejimiga ishlovchi Milliy xavfsizlik xodimlari ham kirib qolgani haqida ham taxminlar bor.

9 oktyabrь kuni Wikileaks oshkor etgan maxfiy hujjatlardan ayon bo‘lishicha, AQShning O‘zbekistondagi sobiq elchisi Jon Purnel 2006 yilgi ëzishmalaridan birida Vestminster universiteti Toshkent bo‘limining britaniyalik prorektori aytganlariga tayanib, universitet boshqaruviga Karimov rejimining maxfiy xizmatlariga ishlovchi odamlar kirib qolgani haqda yozgan.

Janob Purnel o‘z yozishmasida Abduvohitovning 2005 yilda namoyishchilar o‘qqa tutilgan Andijon viloyati Milliy xavfsizlik boshqarmasining sobiq boshlig‘i bo‘lganini ham qo‘shimcha qilgan.

Vestminster universitetining Londondagi bosh qarorgohi vakillari Ozodlik bilan suhbatda Toshkentdagi kampusi sobiq rektorining o‘zbek maxsus xizmatlari bilan aloqadorligi haqida ma‘lumotga ega emasliklarini bildirishdi.

AQSh elchisi o‘z yozishmasida tilga olgan Vestminster universitetining Toshkentdagi bo‘limi prorektori Alan Fransdir.

Janob Frans The Guardian muxbiri bilan suhbatda AQSh elchixonasi rasmiysi bilan 2006 yilda qilgan suhbati Wikileaks saytida paydo bo‘lganini ko‘rib shokka tushganini aytgan.

O‘z suhbatining ayrim jihatlari noto‘g‘ri talqin etilganini ta‘kidlagan Frans¸ sobiq rektor Abdujabbor Abduvohitovning o‘tmishi hech kimga sir bo‘lmaganini ham bildirgan.

Britaniyaning yetakchi oliygohlaridan biri sanalgan Vestminster universiteti xalqaro huquq tashkilotlari tomonidan dunyodagi eng shafqatsiz rejimlardan biri deb ko‘riladigan mamlakatda 2002 yilda o‘z kampusini ochgan edi.

"Aynan o‘sha yili Britaniya Tashqi ishlar vazirligi O‘zbekiston qamoqxonasida ikki mahbus tiriklayin qaynoq suvga solib o‘ldirilishi yuzasidan tashvish bildirgan. 2005 yilda esa Forin ofis Andijonda yuzlab odam o‘ldirilishini qattiq tanqid qilgan edi"¸ deb yozdi The Guardian.

Vestminster universitetining Toshkentdagi bo‘limi xodimlaridan biri Ozodlik bilan suhbatda o‘quv jarayoni to‘laligicha Britaniya tizimi bo‘yicha o‘qitilishi, O‘zbekiston hukumatining o‘quv jarayoniga aralashmasligini ta‘kidladi:

- O‘zbekistonda davlat bizning o‘quv jarayonimizga aralashmaydi, faqat Britaniya tizimi bo‘yicha ishlaymiz. O‘qituvchilarning 20 foiz chet ellik, 80 foizi o‘zbekistonliklar. Lekin o‘zbekistonlik o‘qituvchilarning hammasi chet davlatda bilim olib kelgan mutaxassislar. Fanlarning hammasi Britaniyaniki. Masalan¸ Britaniyada Business administration kursi bor, bizda ham xuddi shunday. O‘zbekistondagi hech qaysi fan kiritilmagan, deydi Vestminster universitetining Toshkentdagi bo‘limi xodimi.

The Guardian gazetasining yozishicha, Britaniyadagi yana kamida beshta universitet Toshkentdagi Britaniya Kengashi qo‘llab quvvatlovi ostida O‘zbekistondagi oliygohlar bilan hamkorlik qilib kelmoqda.

Bular Kembrij, Bata, Sharqiy Angliya, London Metropolitan universitetlari hamda London Feshn kollejidir.

Ozodlik bog‘langan Toshkentdagi Britaniya Kengashi vakili maorif sohasida O‘zbekiston bilan hamkorlik qilinishi to‘g‘ri ekanini ta‘kidladi:

- O‘zbekistondagi bilimga tashna odamlarni ihotalab qo‘ygandan ko‘ra¸ u yerda yangi avlod yetakchilarini tayyorlash, maorif va madaniyat sohalarida ijobiy hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan to‘g‘riroq¸ deb hisoblaymiz, deb javob berdi Britaniya Kengashi rasmiysi Ozodlik savoliga 10 oktabr kuni.
XS
SM
MD
LG