Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 16:26

Abdurashid Do‘stum o‘tmish xatolari uchun kechirim so‘radi


General Abdurashid Do‘stum 2014 yilgi saylovlarda vitse-prezidentlikka da‘vogar.
General Abdurashid Do‘stum 2014 yilgi saylovlarda vitse-prezidentlikka da‘vogar.
Afg‘onistondagi eng qattol urush qo‘mondonlaridan biri sifatida ko‘riladigan Abdurashid Do‘stum fuqarolik urushi davridagi roli uchun mamlakat aholisidan uzr so‘radi. yozma tarzda e‘lon qilingan bu bayonot¸ kelasi yilgi prezidentlik saylovlarida vitse-prezidentlikka da‘vo qilayotgan Do‘stum tomonidan o‘tmishdagi qilmishlar uchun so‘ralayotgan ilk kechirimdir.

Afg‘onistonlik etnik o‘zbek generali Abdurashid Do‘stum mamlakatdagi qonli fuqarolik urushi davrida qilgan xatolari uchun jamoatchilikdan uzr so‘ragan ilk dala qo‘mondoni bo‘ldi va shu bois bu bayonot ham Afg‘oniston ichkarisi¸ ham xorijda shov-shuv uyg‘otdi.

Xalqaro inson huquqlari guruhlari tomonidan og‘ir jinoyatlarda ayblanib kelinayotgan general Do‘stum¸ 7 oktyabrь kuni e‘lon qilingan yozma bayonotida o‘tmishdagi qilmishlari uchun chuqur afsusda ekanini bildirdi.

"Fuqarolik urushi davrida juda ko‘p xatoliklarga yo‘l qo‘yildi. Bugun ana shunday salbiy siyosatimiz oqibatida talofat ko‘rgan afg‘on xalqidan uzr so‘rash vaqti keldi. Men shu yo‘lda birinchi qadamni qo‘ymoqchiman va zo‘ravonlik hamda fuqarolik urushidan aziyat chekkanlarning barchasidan uzr so‘ramoqchiman”¸ deyiladi general Do‘stum bayonotida.

SSSR Afg‘onistondan o‘z askarlarini olib chiqishi ortidan turli afg‘on qurolli guruhlari o‘rtasida boshlanib ketgan o‘zaro urush oqibatida 1992-96 yillar davomida yuz minglab odam nobud bo‘ldi¸ mamlakat infratuzilmasi butkul vayronaga aylandi.

“Keyingi 20 yil davomida oramizda o‘zini oppoq kabutar qilib ko‘rsatishi mumkin hech kim qolmadi. Mamlakat hayotida yangi sahifa ochishni istar ekanmiz¸ biz fuqarolik urushiga tortilgan barcha guruh va qo‘mondonlarni o‘zlarida jasorat topib xatolarni tan olish va xalqdan kechirim so‘rashga chaqiramiz. Faqat shu yo‘l bilangina bu xatolarning kelajakda yana takrorlanishi oldini olishi mumkin”¸ deyiladi Do‘stum bayonotida.

Do‘stumning ochiqdan-ochiq qilingan bu iqror va uzri¸ Afg‘oniston yaqin tarixida misli ko‘rilmagan hodisadir.

Ozodlik bilan suhbatda Afg‘oniston Mustaqil inson huquqlari komissiyasi matbuot kotibi Rafiulloh Bidar¸ garchi bu bayonot adolat qaror topganini anglatmasa-da¸ to‘g‘ri yo‘nalishda tashlangan ilk qadam ekanini aytadi:

- Do‘stumning bu bayonoti o‘ta muhim. Zotan u urush qurbonlari yarasiga qay ma‘nodadir malham bo‘lishi mumkin. Ammo bunday kechirim va bunday so‘zlar yetarli emas va ular adolat o‘rnini bosa olmaydi¸ deydi Bidar.

Yaqinda Afg‘on milliy armiyasi shtabi boshlig‘i lavozimidan iste‘foga chiqqan Do‘stum¸ fuqarolik urushi davrida¸ so‘ngra sobiq Shimoliy ittifoq tarkibida Tolibonga qarshi mojaroda og‘ir jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanib keladi.

Unga qo‘yilayotgan ayblar orasida oddiy fuqaro va mahbuslarni qirg‘in qilish¸ butun boshli qishloq va shaharlarni yoppasiga vayron qilish kabi jiddiy urush jinoyatlari ham bor.

Shunday ayblardan biriga ko‘ra¸ Do‘stum 2001 yil dekabrida Qunduzda taslim bo‘lgan 2000 ga yaqin tolib janggarisini metal konteynerga solib¸ ularning bo‘g‘ilib o‘lishini uyushtirgan. Ammo Do‘stum bunday vahshiyliklar haqidagi iddaolarni rad qilib keladi.

O‘tmishdagi bunday amallariga qaramay¸ Do‘stum kabi sobiq urush qo‘mondonlari AQSh bilan hamkorlikda ishlayotgan bugungi Kobul hukumatida jiddiy ta‘sirga ega va hozirga qadar mamlakatdagi yuqori siyosiy va harbiy lavozimlarni egallab kelmoqda.

2007 yilda Afg‘oniston parlamenti urush jinoyatlarida ayblangan barcha shaxs¸ xususan qo‘mondonlarni yoppasiga avf etdi va ularga huquqiy daxlsizlik berdi.
Do‘stumning afg‘on xalqidan uzr so‘rash haqidagi bayonoti¸ o‘zbek generali 2014 yil apreliga belgilangan prezident saylovlarida vitse-prezidentlikka da‘vogar sifatida ro‘yxatga olinganidan sanoqli soatlar o‘tib e‘lon qilindi.

Do‘stum bu saylovlarda prezidentlikka da‘vogar sobiq Moliya vaziri Ashraf G‘ani bilan juftlikda qatnashish rejasida.

Human Rights Watch tashkilotining mahalliy tadqiqotchisi Ahmad Shuja fikricha¸ bunday ketma-ketlik Do‘stumning saylovoldi imijini yaxshilash uchun qilingani borasidagi taxminlarga asos bo‘ladi.

Ayni paytda¸ kuzatuvchi fikricha¸ bunday kechirim¸ hukumatning o‘tmishdan kelajak tomon ilgarilishi uchun turtki bo‘lishi mumkin:

- Bunday uzr so‘rash hukumatga umummilliy¸ barcha guruh va qatlamlarni o‘z ichiga oluvchi haqiqiy adolat dasturi yaratish¸ uni rivojlantirish imkonini beradi. Bunday dasturga sobiq qo‘mondonlar barobarida ular qurbonlari ham birdek qo‘shilishlari mumkin¸ deydi Shuja.
XS
SM
MD
LG