Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 03:15

Sochida Olimpiadadan oldingi "tozalash" kuchaydi


Sochi-2014 Qishki Olimpiada o‘yinlari boshlanishiga uch oydan kamroq qolgan ayni kunlarda mahalliy ma‘muriyat mintaqani O‘zbekiston, Tojikiston, Ozarbayjon, Turkiya va boshqa qo‘shni mamlakatlardan kelgan mehnat muhojirlaridan tozalashga faol kirishdi.

Sochi hukumati g‘ayrat bilan shaharni migrantlardan tozalashga kirishdi. Migratsiya va, ayniqsa, politsiya xodimlari o‘z maqsadiga erishishda noqonuniy yo‘llarni, zo‘ravonlikni qo‘llayotgani to‘g‘risida xabarlar tinimsiz kelib turibdi.

29 yoshli andijonlik Abdumannob Rahmonov Ozodlik muxbiriga ikki kun davomida Sochining Markaziy politsiya bo‘limi hovlisida saqlanganini gapiradi:

- Garajda edik, u yerda umuman bardak. Dahshat! Garajda sovuq bo‘lgani sababli kechasi belim og‘rib qoldi. Buni ko‘rgan politsiya xodimlari tez yordamni chaqirdi, ukol qilishdi va keyin yana o‘sha yerga tiqib qo‘yishdi. Garajlarda mendan tashqari, chamamda, 40 kishicha bor edi. Sal kam ikki kun o‘tirdim u yerda. Ovqat berishgani yo‘q, politsiya bo‘limida do‘kondan u-bu narsa olib kun o‘tkazdik. Yotadigan joyimiz – tumbochkalar edi. Deyarli ikki kun uxlamadik, deydi izboskanlik Abdumannob Rahmonov.



Uning aytishicha, politsiyadagi ikki kunlik “mehmonlikdan” keyin qulog‘i va buyragi shamollab qolgan.

O‘zbekistonlik Abdumannob va boshqa bir qancha muhojirlar huquqlari poymol etilgani yuzasidan Sochi prokuraturasiga ariza bilan murojaat qilgan. Advokat Aleksandr Popkov Rahmonov ishi oxirgi paytlarda politsiya tomonidan sodir etilayotgan yuzlab qonunbuzarliklardan bittasi ekani gapiradi:

- Hozirda, ish materiallari bilan tanishib chiqib, garajda bo‘lganlar, xususan Rahmonovga nisbatan hibsga olish bo‘yicha protokol tuzilmaganini anqiladik. Ya‘ni uni noqonuniy qo‘lga olishgan, politsiyaga olib kelinganidan 3 soat o‘tib unga qandaydir ayblov e‘lon qilinishi kerak bo‘lgan. Unga nima uchun ushlab turilganini tushuntirishgani ham yo‘q. Afsuski, bunday holatlar sanoqsiz, konveyyerga qo‘yilgan: kuniga bu garajga 40-50-60 odam saqlangan, deydi boshqa politsiya uchastkalarida ham ahvol bunday yaxshi emasligini ta‘kidlagan huquq himoyachisi Aleksandr Popkov.

Avdokatning so‘zlariga ko‘ra, politsiya Rahmonovning hujjatlarini tekshirishga ham urinmagan, vaholanki 1 ming rubl turadigan patent muddati tugaganidan keyin oktyabr o‘rtalarida Abdumannob O‘zbekistonga chiqib ketishni rejalashtirayotgan bo‘lgan.

Popkov o‘zbekistonlik bu muhojir patent muddati tugaganidan keyin yana 15 kun Rossiyada qonunan yashash huquqiga ega bo‘lganini qo‘shimcha qildi.

Sochilik huquq himoyachilari yuzlab markaziy osiyolik, bosniyalik, moldaviyalik va turkiyalik mehnat muhojirlari politsiya, migratsiya xizmati va mahalliy ma‘muriyat zo‘ravonligiyu bedodligidan aziyat chekayotganiga jamoatchilik e‘tiborini qaratmoqda.

Buning uchun mahalliy huquq faollari XXII Olimpiya va XI Paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik paytida Krasnodar o‘lkasi ma‘muriyati migrantlarga qarshi olib qorayotgan “tozalash” kampaniyasini to‘xtatish talabi bilan chiqdi.

Ular Internetda Rossiya hukumat rahbari, Bosh prokurori nomiga yuborilgan petitsiya ostida imzo yig‘ishni tashkillashtirdi.

“Huquq himoyachilari ma‘lumotlariga ko‘ra, minglab O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Moldova, Turkiya va Rossiyaning boshqa mintaqalaridan kelganlar Sochidagi Olimpiya qurilish ob‘ektlarida 10 soat va undan ortiq vaqt ob‘ektlarga qilingan sarf-xarajatlarni qoplash uchun haq to‘lanmasdan ishlatilmoqda. Ayrimlar hatto uyga qaytib ketish uchun chipta sotib olish imkoniyatiga ega emas”, deyiladi nomada.

Huquq himoyachilari Krasnodar o‘lkasi ma‘muriyati migrantlarni chiqarib yuborishga politsiya va kazaklar drujinalari yordamida oblavalarni uyushtirayotgani, odamlar tahqirlanayotgani va kaltaklanayotgani qayd qilib bormoqda.

Shuningdek, mahalliy sudlar bu odamlarning deportatsiya qilish bo‘yicha noqonuniy qarorlarni “konveyyerda shtampovka” qilayotganini gapiradi Ozodlik bilan suhbatda fuqaroviy ko‘mak tashkiloti a‘zosi Valeriy Suchkov:

- Rahmonovning ishi Rossiya davlati ichkarisida insonga bo‘lgan munosabatning yorqin ifodasidir. Albatta, bu migratsiya siyosati, qonunchilik, so‘zsiz registratsiya va migratsiya nazorati bo‘lishi shart, ammo politsiya va nazorat idoralari qonun doirasida ularga yuklangan bu vazifalarni qonun doirasida bajara olmayapti. Shu sababli ular o‘z vazifasini bajarish uchun barcha qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘yishga tayyor.

Bunday insofsizlik, qattiqqo‘llik, adolatsizlik nafaqat politsiya va migratsiya xizmati, balki umuman Olimpiadaga tayyorgarlik ruhini ifodalaydi, deydi Valeriy Suchkov.
XS
SM
MD
LG