Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 22:55

Samarada 10 nafar o‘zbekistonlik avtohalokat qurboni bo‘ldi


Rossiyaning Samara viloyatida Toyota mikroavtobusi ro‘paradan kelayotgan Mersedes yuk mashinasi bilan to‘qnashib, yonib ketgani oqibatida 13 odam, jumladan, 10 nafar o‘zbekistonlik nobud bo‘ldi. Avtohalokat markaziy osiyolik muhojirlar o‘z vizalari muddatini uzaytirish uchun Rossiya-Qozog‘iston chegarasini kesib o‘tish uchun ketayotgan paytda ro‘y berdi.

Rossiyaning Samara viloyati Bolshechernigovsk tumanidagi "Samara-Uralsk" avtotrassasida Toyota rusumidagi kichik avtobus qarshi yo‘lga chiqib ketib, ro‘paradan kelayotgan Mersedes yuk mashinasi bilan to‘qnashib ketgani oqibatida 13 odam nobud bo‘ldi.

Rossiyadagi axborot agentliklari avtohalokatda qurbon bo‘lganlarning aksari o‘zbekistonliklar, ikki nafari tojikistonlik va bir nafari ozarbayjonlik ekani haqida xabar qildi.

Falokat natijasida 12 kishi voqea joyida va yana bir kishi kasalxonada jon taslim qilgan.

Avariyada og‘ir jarohat olgan uch kishiga kasalxonada tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda.

Bolьshechernigovsk tuman IIBning o‘z ismi oshkor etilmasligini so‘ragan politsiya zobiti Ozodlik bilan suhbatda Toyota avtomobili haydovchisi Bolьshechernigovsk tuman markaziy kasalxonasida ekani va u bilan birga politsiya xodimi ham borligini aytdi.

- Avariyaga uchraganlarning shaxsi aniqlanmoqda. Hozirgacha faqat Toyota haydovchisi Sattorov Dilshod Razzoqovich va bir yo‘lovchi 1986 yilda tug‘ilgan Husanboyev Hayot Husanboy o‘g‘lining shaxsi aniqlandi, dedi politsiya zobiti.

Unga ko‘ra, Dilshodning cho‘ntagidan 1981 yilda tug‘ilgan Amirgeldiyev Ulug‘bek To‘xtaboyevich nomiga berilgan haydovchilik guvohnomasi topilgan.

Politsiya zobiti avtohalokat qurbonlarining jasadlari Samara viloyat morgiga jo‘natilgani, hozir ularning shaxsini aniqlash ustida ish olib borilayotganini qo‘shimcha qildi.

Moskva vaqti bilan shanba kuni 23:50da sodir bo‘lgan avariyaga ikkita versiya sabab qilib ko‘rsatilmoqda.

Axborot agentliklari mikroavtobusning old g‘ildiragi yorilib ketgani avariyaga sabab bo‘lgani taxmin qilinayotganini bildirdi.

Biroq Samara viloyati Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati boshliq o‘rinbosari Viktor Mitnik 13 oktyabr kuni jurnalistlarga avtohalokat uchun kichik avtobus haydovchisi aybdor ekani taxmin qilinayotganini aytdi.

- Yo‘l halokatiga kichik avtobus haydovchisi charchagani natijasida boshqaruvni yo‘qotib qo‘ygani sabab bo‘lgani taxmin qilinmoqda. Ayni paytda, avtobusga o‘rnatilgan gaz baloni portlagani halokat oqibatini yanada yomonlashtirdi, dedi Viktor Mitnik.

Samara viloyati IIB matbuot xizmati rahbari Sergey Goldshteyga tayanib Interfaks axborot agentligining birdirishicha, kichik avtobusda 14 yo‘lovchi, jumladan, 11 nafar o‘zbekistonlik, ikki tojikistonlik va bir ozarbayjonlik bo‘lgan.

Qozog‘istondan kelayotgan Mersedes yuk mashinasida faqat haydovchi bo‘lgan.

Vesti telekanali muxbiri voqea joyidan bergan reportajida mikroavtobusdagi yo‘lovchilar Rossiyada ishlayotgan markaziy osiyolik mehnat muhojirlari bo‘lgani va ular viza muddatini uzaytirish maqsadida Rossiya chegarasini kesib o‘tib pasportlariga muhr bostirish uchun Qozog‘istonga ketayotgan bo‘lganini aytdi.

Avtohalokat chegaraga taxminan 60 kilometr qolganida ro‘y bergan.

Muxbirga ko‘ra, bu 2013 yilda ayni avtotrassada markaziy osiyolik mehnat muhojirlari bilan ro‘y bergan to‘qqizinchi mudhish avtohalokatdir.

Hozirda voqea yuzasidan tekshiruv davom etmoqda.
XS
SM
MD
LG