Линклар

Markaziy Osiyo musulmonlarining ustozi hisoblangan Mavlaviy Hindistoniy, Abdulhakim Vosiyev va shu kabi zabardast olimlar tomonidan 21 yoshida “Alloma” maqomini olgan, 32 yoshida esa sirli tarzda nobud bo‘lgan Rahmatullo alloma — "O‘zbek imomlari" turkumining navbatdagi qahramonidir.


21 yoshida alloma bo‘lgan Rahmatullo


“O‘zbek imomlari” turkumidan berayotganimiz eshittirishlar davomida O‘zbekistonda sobiq sovet zamonida yashab o‘tgan va din, toat-ibodat mutlaqo taqiqlangan zamonlarda o‘zi hamda yurtdoshlarini ibodatga chaqirgan islom olimlari haqida hikoya qilib kelayapmiz.

Ularning aksariyati olamdan o‘tib ketganlar.

Bugungi qahramonimiz — Rahmatullo alloma shu kunga qadar tilga olganimiz olimlar orasida eng ilmlisi, deb tan olingan va eng qisqa umr ko‘rgan biridir.

Alloma 32 yoshida sirli avtohalokat bois vafot etgan.

Unga 21 yoshida Markaziy Osiyo musulmonlarining ustozi hisoblangan Mavlaviy Hindistoniy, Abdulhakim Vosiyev, Abduvali Mirzayev va shu kabi zabardast olimlar tomonidan “alloma” maqomi berilgan.

Qizig‘i shundaki, bugungi kunga kelib bu odam haqida biladiganlar orasida suhbatlashganlarimizning aksariyati u kishining familiyasini ham bilmas ekan. Ya‘ni, ustozlar bergan nom bilan bu kishi xalq tiliga tushgan va erta vafot etgani bois, u haqda biladiganlar ham ozchilik.

Allomaning hozir Qirg‘izistonda yashayotgan qarindoshlaridan biri orqaligina aniqladikki, 1949 yilda Andijonda tug‘ilgan Rahmatullo allomaning familiyasi Qodirov bo‘lgan.

U kishi oddiy xizmatchi oilasida tug‘ilgan.

O‘rta maktabning 9-sinflarida o‘qib yurgan kezlarida, kutilmaganda arab tiliga qiziqib qolgan va shu qiziqish ortidan Islom dinini ham o‘rgangan.


Rahmatullo ilmini hamma tan olgan


Allomani yaqindan tanigan, u bilan qariyb 10 yil davomida ko‘p muloqotda bo‘lgan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Abdulaziz Mansur mana bularni so‘zlab berdi:

- Farg‘onada ishlab yurgan paytlarimda taniganman allomani. Haqiqatda, Xudo bergan olim bo‘lgan. Bunaqasini shu paytga qadar ham qaytib ko‘rmadik. U paytda men ham o‘qib, ham ishlab yurar edim. Xudo bergan olim bo‘libdi, deganlardan biri shu Rahmatullo alloma, yana bir Abduvali qori edi. Rahmatullo ikki yilmi-uch yil ustozda o‘qigan, hujrada. Bo‘ldi, keyin qolganini o‘zi mustaqil o‘qib o‘rgangan. Mendan ham kitoblar olib o‘qigan, kechasi bilan uxlamay kitob o‘qirdi, deyishadiyu, - deya xotirladi Abdulaziz Mansur.

Abdulaziz Mansurning hikoya qilishicha, boshqa toliblar bir-ikki oyda o‘qiydigan kitobni u bir-ikki kechada o‘qib bitirgan.

- Endi uning yodida saqlab qolishini aytmaysizmi! Xotirasi ham kuchli edi, Xudo bergan iqtidor edi. Bunaqasini boshqa uchratganimni eslolmayman. Endi yosh o‘tib ketdi, rahmatlik, - deya xotirladi shayx Abdulaziz Mansur.


G‘oyibona ilm sohibi


Ustozlarining ustozlari bilan ham qiziqqan, yosh bo‘lishiga qaramay sobiq sovet zamonida vafot topib ketgan ulamolar haqida ko‘p ma‘lumot yiqqan qorasuvlik imom Rashod qori Kamolov Rahmatulloh alloma haqida qiziq ma‘lumotlarni aytib berdi.

- 32 yillik umr ichida Olloh u kishiga lol qoladigan darajada katta g‘oyibona ilm bergan ekan. Qishloqlarda 8 metrga 4 metrlik uylar bo‘ladi. Shu bittasi aytib berganki, bu kishi shunaqa katta uyni to‘ldirib kitoblarni yoyib olib, birini-biriga solishtirib, ilm o‘rgangan ekan. O‘zining ustida ishlashda ustozlaridan ham o‘zgan ekanda. O‘zi Olloh bergan g‘oyibona ilm sohiblariga qarasangiz, aqlingiz yetmaydiki, bular qachon ilm o‘qigan, qachon oilasi bilan bo‘lgan, qachon shuncha kitobni yozib bitirganu, qachon shuncha tolibga dars berishga ulgurgan - lol qolasizda! - dedi Rashod qori.


“Janoh ut-tolib” – Toliblarning qanoti


Diniy mazmundagi kitoblar deyarli chop etilmagan sobiq sovet davrida Rahmatullo alloma musulmonlar orasida qo‘lma-qo‘l bo‘lgan kitoblari bilan el og‘ziga tushgan.

Uning eng mashhur kitobi “Janoh ut-tolib” – "Toliblarning qanoti" nomli kitobdir.

Bu kitobni takror va takror o‘qigan, o‘zi ham o‘zbek musulmonlari orasida arab tili grammatikasi bo‘yicha mukammal ilmi bilan nom chiqargan dindorlardan biri ismi sir qolishi sharti bilan mana bularni so‘zlab berdi:

- Men yaxshi ko‘radigan kitoblari sarf fani bo‘yicha “Janohut tolib”, degan kitobni yozgan. Mukammal kitob. Arab tili grammatikasi bo‘yicha. Nahv va sarf. Nahv sintaksis bo‘ladigan bo‘lsa, sarf fani morfologiyaga to‘g‘ri keladi. Ya‘ni, nahv fani gapni o‘rgansa, sarf fani so‘zni o‘rganadida. Shu so‘zni o‘rganadigan fan bo‘yicha bitta kitob yozgan, - dedi Rahmatullo allomani o‘ziga ustoz bilgan o‘zbekistonlik dindorlardan biri.

Rahmatullo allomani mashhur qilgan yana bir kitob esa din va namoz taqiq bo‘lgan davrlarda islom dini haqida eng zarur birlamchi tushunchalarni bergan kichikkina qo‘llanma bo‘lgan.

- "Islom dini nima?” degan asar yozgan. Kichkinagina kitobcha. Shu kitobcha mashhur bo‘lgan o‘sha paytlarda. Namozni o‘rganmoqchi bo‘lganlar o‘sha kitobdan foydalanishgan, - dedi yosh ketgan allomaning shogirdlaridan biri.


Qo‘lyozmada tarqalgan ilm


Bu kitoblar qo‘lma-qo‘l, undagi baytlar esa og‘izma-og‘iz ko‘chib yurgan zamonlarda kserokipiya, degan narsalar yo‘q edi. Xalq orasida tarqalgan bu kitoblarni chop etish imkonsiz edi.

- Sovet zamonida o‘zi dinga bog‘liq hamma narsa mumkinmas bo‘lganu?! Qo‘lda yozilgan bo‘lgan. O‘sha paytda endi kimlardir qanaqadir yo‘l bilan 5-10ta qilib ko‘paytirgan bo‘lsa kerak. O‘sha “Janohut tolib” degan kitobni biz, bilmadim endi u kishi vafot qilgandan keyin 10 yillardan keyinmi qo‘limizga tekkan bo‘lsa kerak. O‘shanda ham qo‘lda yozilganda, kopiya qilib ko‘paytirilgan. Arab harfidagisini aytayapman. Hozir endi kirill harfida ham chiqib ketdi u kitob, - deya xotirlaydi Rahmatullo allomaning shogirdi.

Bu shogird o‘ziga ustoz bilgan allomaning yana bir muhim fazilayatini: "U kishining fikri keng bo‘lgani va erkin fikr va g‘oyasi uchun kurashuvchan bo‘lganidir" deb xotirlaydi.


Sobiq sovet rejimining kuchli tanqidchisi


Rashod qori Kamolovning so‘zlariga ko‘ra, 1970 yillardan keyin el og‘ziga tushgan Rahmatullo alloma umri bitib borayotgan sobiq sovet rejimining ham kuchli tanqidchisi bo‘lgan.

Ayni paytda u ustozsiz, mustaqil ravishda olgan ilmidan shakllangan dunyoqarashi va fikrlari bilan bora-bora atrofdagilari, hatto ustozlaridan ham ajralib chiqa boshlagan.

Faqat hali juda yosh bo‘lgani va diniy ulamolarda bo‘lgani kabi katta minbarlarga chiqish imkoniga ega bo‘lmagani bois, bu kishining ma‘ruzalari, qarashlari o‘ta yaqin, xos doiralar ichida qolgan.

Ayrim suhbatdoshlar fikricha, ustoz-shogirdlar muloqotida ba‘zi ziddiyatlli nuqtalar ham ko‘rina boshlagan.

Rahmatullo allomaning yaqinlaridan biri: "O‘sha davrda Abduvali qoriga va u kishiga o‘xshab, Qur‘onni mahkam ushlagan ulamolarga tirkalgan tamg‘a – vahhobiylik tamg‘asini Rahmatullo allomaga ham tirkash urinishlari bo‘lgan edi", deb xotirladi.

Ammo, Rahmatullo alloma dindorlarning bir-biri bilan tortishgan izdihomlariga ko‘p vaqt sarflamagan.

Shu bois, unga qanadir tamg‘alarni yopishtirish urinishlari besamar qolgan.

- Bu kishi o‘ziga ustozlik qilganlar va boshqa ahli ilmlar tomonidan ancha tanqid qilingan. Lekin shunga qaramasdan, haq yo‘lida qat‘iy kurashgan. O‘ziga yarasha mustaqil siyosiy fikri bo‘lgan va shuning uchun, KGBning nazariga tushgan. Oxir-oqibat, shu KGB o‘ldirib yuborgan, deyishadiku, - deydi Rashod qori.


Tirik lug‘at


Rahmatullo allomaning yana bir keng tarqalgan ta‘rifi "tirik lug‘at" degan hazilnamo ibora bo‘lgan.

- Arab tilining lug‘at kitoblarida topilmagan so‘zlarni kelib Rahmatullo allomadan so‘rashar ekan. Bu lug‘atlarda 40 mingdan ortiq so‘z bor. O‘sha so‘zlar orasida topilmaganini Rahmatullo alloma bilgan ekan. Bu endi ilohiy ilm bo‘lganda, - deydi Kamolov.


Sirli avtohalokat


Qorasuvlik imom Rashod qori Kamolovning aytishicha, o‘n yillar davomida kommunistik mafkuradan saboq berib kelgan olimlarni bir suhbati bilan iymonga keltirib qo‘yayotgan yoshgina yigit tezda sobiq sovet tuzumining maxsus xizmatlari nazariga tushgan.

O‘sha davrda KGB - Davlat xavfsizligi qo‘mitasi, deb nomlangan idoraning xodimlari tomonidan Rahmatullo allomaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri tazyiq bo‘lgani haqida aniq ma‘lumotlar yo‘q.

Ammo, u kishining kitoblari qo‘lma-qo‘l bo‘lgan 1975-1980 yillar — Farg‘ona vodiysida nomi chiqqan ahli ilmlarning aksariyati bot-bot hibs qilingan, hujra tutganlar ortidan esa KGB surishtiruvi kuchaygan davr edi.

Shu bois, 1981 yilda Namangan-Qo‘qon yo‘lida avtohalokatga uchrab, vafot etganida allomani tanigan-bilganlarning aksariyati "Buni KGB uyushtirdi", degan gumonga borgani aytiladi.

- Juda sirli o‘lim bo‘lganda. Yaqinlariga ko‘rsatilmagan, hatto. Namangan-Qo‘qon yo‘lida alloma borayotgan avtomobilni ikkita yuk mashinasi kelib urgan. Bu halokat keyinchalik surishtirilmagan ham. Juda noaniqliklar ko‘p bo‘lgani uchun, jasadi ko‘rsatilmagani va yana shunaqa holatlar ko‘p bo‘lgani uchun, buni aniq KGB uyushtirgan, degan gap bor, - dedi Rashod qori.

Albatta, Rahmatullo Qodirovning hayoti, kuchli shaxsiyati va sirli o‘limi tegrasidagi bahslar hozirga kelib tarixga aylandi.

Allomaning vafot etganda bir o‘g‘li bilan qolgan rafiqasi esa qayta turmush qurmagan. Allomaning o‘g‘li hozir onasi va oilasi bilan Andijon shahrida istiqomat qilmoqda.

Quyida Rahmatullo allomagan bag‘ishlangan "Islom va musulmonlar" eshittirishini to‘liq tinglashingiz mumkin.



O‘zbek imomlari haqida Ozodlikka bildiring!

Ko‘cha-kuyda to‘rt-besh tanishi bilan ikki og‘iz suhbatdan vaqt behuda ketmasin, deb qochadigan va imkoni boricha mutolaa hamda kitob yozishga vaqt sarflagan Rahmatulla allomaning shaxsiy hayoti haqida axborot juda oz.

Ammo, u kishi yozgan bir necha kitob kitob, jumladan "Janohut tolib" va "Ikki dunyo saodati" nomli kitoblar mustaqillik yillarida "Movaraunnahr" nashriyoti tomonidan kiril alifbosida chop etildi.

Hozir ham arab tili grammastikasini o‘rganishga kirishayotgan aksar ilmi toliblar uchun u kishi yozgan kitob ilk qo‘llanmalardan biridir.

Kichikkina, ixchamgina va soddagina tilda bitilgan bu kitob ortidagi buyuk iqtidor sohibi bo‘lgan ustozlardan yana biri Rahmatullo alloma haqida to‘plaganimiz ma‘lumotlar, albatta, daryoda tomchidir.

Marhamat, agar sizda ham bu kishi haqida bilganlaringiz bo‘lsa, bizga bildiring:

bizga maktub yozing: ozodlikmail@gmail.com, isakovab@rferl.org

bizga qo‘ng‘iroq qiling: +420 221 123 437, +420 608 549 460
XS
SM
MD
LG