Линклар

“O‘zbek snoudenlari”ning Rossiya hududiga kirishlariga ruxsat berildi


Zulxumor Alijonova va uning to‘rt farzandi Moskvadagi Domodedovo aeroporti tranzit zonasida bir hafta yashashga majbur bo‘lganlar.

Zulxumor Alijonova va uning to‘rt farzandi Moskvadagi Domodedovo aeroporti tranzit zonasida bir hafta yashashga majbur bo‘lganlar.

Roppa-rosa bir hafta Moskvadagi Domodedovo aeroporti tranzit hududida qolgan andijonlik qochqin Zulxumor Alijonova va uning to‘rt farzandi nihoyat aeroportni tark etishga muvaffaq bo‘ldi. Endilikda ular bir yilgacha muvaqqat boshpana izlovchi maqomida Rossiya hududlarida yurishlari mumkin.

Bu haqda Ozodlikka Zulxumor Alijonovaning o‘zi bildirdi.

- Juma kuni menga: “FMS (Federal migratsiya xizmati – tahr.) qarori keladi, ungacha sizlarni deport qilmaymiz”, deyishdi. “Bo‘pti” deb kutib o‘tirsak, soat 11 larda aeroport xodimlari kelib, “biz sizlarni olib ketamiz”, deyishdi. Biz yo‘l bo‘yidagi skameykada o‘tirgandik, “endi boshqa xonaga ko‘chirishadi shekilli”, deb tursam, “Ketdik-ketdik, sizlarni vataningizga qaytarib yuboramiz”, deb qoldi. Keyin men “Grajdanskoye sodeystviye”ga telefon qildim. Ular aeroportga telefon qilishib, bizni olib qolishdi, - deydi Zulxumor Alijonova.

Shundan so‘ng “o‘zbek snoudenlari” deb atalayotgan qochqin ayol va uning bolalari oldiga Rossiya Federal migratsiya xizmati vakili Kotov kelib, ularga bildirishnoma tashlab ketgan.

- FMS xodimi ketganidan bir-ikki soat keyin yana “Grajdanskoye sodeystviye”ga telefon qilib, “qog‘oz berib ketsayam, meni qo‘yib yuborishmayapti” desam, “sabr qilib turing-chi, buyog‘i yaxshi bo‘ladi”, deyishdi. Kutib o‘tirdik. FMS xodimi yana qaytib keldi. U bilan birga chiqib ketdik. Yetaklab o‘zi olib chiqib ketdi FMS xodimi: “Hamma narsalaringizni yig‘ishtiringlar” deb. Biz xursand bo‘lib, bolalar bilan yig‘ishtirinib, chiqib ketdik, - deydi suhbatdoshimiz.

Zulxumor Alijonova va uning to‘rt farzandi 4 oktyabr kuni Bishkekdan Moskvaga uchib kelganlaridan so‘ng oldiniga deportatsiya qilinadiganlar uchun mo‘ljallangan izolyatorda, keyin esa Domodedovo aeroporti tranzit hududida qolganlar. Ularning deportatsiya qilinishiga Moskvadagi “Fuqaroviy ko‘mak” (“Grajdanskoye sodeystviye”) huquqni himoya qilish qo‘mitasi yo‘l qo‘ymagan.

O‘tgan bir hafta mobaynida qochqin ayol va uning bolalari Domodedovo aeroporti tranzit hududida durustroq yeguliksiz va issiq kiyimsiz qolib ketganlar.

Zulxumor Alijonova 14 oktyabr, dushanba kuni tegishli hujjatlar rasmiylashtirilishi uchun Federal migratsiya xizmati idorasiga taklif qilinganini aytadi.

- “Cherno-beliy suratlarni olib kelsanglar, dokument qilib beramiz”, dedi, – deydi qochqin ayol.

Ozodlikka ma‘lum bo‘lishicha, Alijonovlar oilasi boshlig‘i Havasbek o‘zbek maxsus xizmatlari ta‘qibidan qutulish uchun avvalroq Moskvaga kelgan. Dindor eri bilan birga Moskvada bo‘lgan Zulxumor Alijonova bir muddat avval yaqinlari tomonidan Qirg‘izistonga chiqarib yuborilgan to‘rt farzandini olib kelish uchun Bishkekka yetib borgan.

Qirg‘iziston poytaxtidan uchib ketishga muvaffaq bo‘lgan ona-bolalarni Moskvadagi Domodedovo aeroporti chegara xizmati xodimlari Zulxumor Alijonova pasportida farzandlarining fotosurati bo‘lmagani vajidan Rossiya hududiga kiritishdan bosh tortgandilar.
XS
SM
MD
LG