Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 09:30

Qoraqalpog‘istonda maktab o‘quvchilari paxta terimiga chiqarildi


Aleksey Protchenkov olgan surat.
Aleksey Protchenkov olgan surat.

Qoraqalpog‘iston Respublikasining To‘rtko‘l va Qonliko‘l tumanlarida maktab o‘quvchilari kun oralab paxta terimiga safarbar etilmoqda. Bu haqda xabar bergan Ozodlik manbalariga ko‘ra, paxta terimiga maktablarning yuqori sinf o‘quvchilari chiqarilmoqda. Biroq Qorqalpog‘iston Xalq ta‘limi vazirligi buni inkor etmoqda.

Qoraqalpog‘istonning To‘rtko‘l tumanida istiqomat qiladigan, ismi sir qolish sharti bilan Ozodlikka gapirgan dehqonga ko‘ra, Odurdiyev ovul fuqarolar yig‘ini hududida bo‘lgan 9-umumta‘lim maktabining 8-9-sinf o‘quvchilari shanba kuni darsdan to‘g‘ri paxtazorga olib ketilgan:

- O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining maktab o‘quvchilari paxtaga chiqmaydi degan qarori bor edi. Lekin bugun 9-maktabning 8-9-sinf o‘quvchilari maktabning o‘zidan paxtaga olib ketildi. Men o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim. Ular Boltaboy Homidov degan fermerning dalasida paxta teryapti, dedi to‘rtko‘llik dehqon.

To‘rtko‘llik dehqonning bu haqdagi xabaridan bir kun oldin, 11 oktyabr kuni Qoraqalpog‘istonning Qonliko‘l tumanida yashaydigan Ozodlik manbasi ham 7-8-9-sinf o‘quvchilarining paxtaga chiqarilganini aytgan edi:

- Qonliko‘l tumanidagi aksariyat maktablarning 7-8-9-sinf o‘quvchilarini paxtaga haydadi. Uch-to‘rt kundan buyon ertalab ularni oziq-ovqati, fartugi bilan paxtaga ketayotganini ko‘ryapman, dedi qonliko‘llik manba.

Qonliko‘l tumani gaz ta‘minoti idorasida ishlaydigan mutaxassis ham, uning sakkizinchi sinfda o‘qiydigan o‘g‘li bir kun paxtaga olib chiqilganini aytdi:

- Bugun maktabga ketdi. Bir kun paxtaga chiqarishdi, o‘g‘lim sakkizinchi sinfda o‘qiydi, dedi qonliko‘llik gazchi.

Ozodlik O‘zbekiston vazirlar mahkamasining maktab o‘quvchilarini paxta terimiga jalb etmaslik haqidagi qaroriga amal qilinmayotganiga munosabat olish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta‘limi vazirligi bilan bog‘landi.

O‘zini vazir yordamchisi Sulaymon Abiyev deb tanishtirgan shaxs, Ozodlik savollariga javob berar ekan, maktab o‘quvchilarining paxta terimiga chiqarilayotganini keskin rad etdi.

Keyingi ikki yil davomida majburiy bolalar mehnatini to‘xtatish borasida kuchaygan xalqaro bosimlar ostida O‘zbekiston hukumati maktab o‘quvchilarini paxta yig‘im-terimiga ommaviy jalb etmaslikka harakat qilmoqda.

O‘zbekiston hukumati 2011 yilda bolalar majburiy mehnatini tugatishga qaratilgan qonun qabul qilgan.

Bundan tashqari, 2011-2012 yillar davomida xususiy fermerlarga bolalar mehnatidan foydalanish ham qattiq taqiqlandi.

Ayni paytda¸ 2011-2012 yillardagi paxta yig‘im-terimi mavsumida, hatto Toshkent shahridagi xususiy bog‘chalar, klinikalar, savdo muassasalari zimmasiga ham paxtaga terimchi yo‘llash topshirig‘i yuklandi.

BMT qoshidagi Xalqaro Mehnat tashkiloti ekspertlari shu kunlarda O‘zbekiston paxta dalalarida terim jaraënini kuzatib¸ unda bolalar mehnatidan foydalanish holatlarini maxsus o‘rganishga urinmoqda.
XS
SM
MD
LG