Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 14:09

Samarqandlik jurnalist o‘z nabirasini paxtaga chiqarmadi


Samarqandlik mustaqil jurnalist va bloger Toshpo‘lat Rahmatullayev 15 yashar nabirasining majburiy paxta terimiga jalb qilinishiga izn bermadi.

Majburiy bolalar mehnatiga qarshi bo‘lgan bu tadbirni o‘z blogida izohlagan jurnalist 15 yashar kollej o‘quvchisining o‘rni paxta dalasida emas¸ balki sinf xonasida bo‘lishi kerak, deb hisoblaydi.


“15 yoshli paxtakor. Bo‘lishi mumkin emas!” deya sarlavhalangan maqolada jurnalist “Nega boshqarma nabiramni paxta terimidan olib qolganimga qarshilik qilmadi?” degan savolga javob beradi.

64 yoshli jurnalist o‘z nabirasini majburiy mehnatdan ozod qilish uchun qilgan harakatlarini maqola mobaynida batafsil yozadi.

“Samarqand shahar kollejlaridan birida tahsil olayotgan nabiram o‘tgan hafta o‘zi o‘qiyotgan guruhni paxta terimiga yuborishayotganligini aytib qoldi. Men kollej direktoriga uchrashib, nabiram shu yilning sentabr oyida 15 yoshga kirganligi, uni paxta yig‘im-terimiga jalb qilish mumkin emasligini eslatdim. Ammo rahbar hech narsa qilolmasligini, viloyat hokimligining ko‘rsatmasini bajarayotganligini uqtirdi“, deyiladi maqolada.

Ana shundan keyin mustaqil jurnalist Toshpo‘lat Rahmatullayev Samarqand viloyat o‘rta maxsus va kasb-hunar ta‘limi boshqarmasi huzurida tashkil etilgan paxta shtabiga borib, masalani tushuntiradi.

U O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy himoya qilish hamda Sog‘liqni saqlash vazirliklarining “O‘n sakkiz yoshdan kichik shaxslar mehnati qo‘llanishi taqiqlanadigan noqulay mehnat sharoitlari ishlari ro‘yxatini tasdiqlash haqida”gi 2009 yil 26 iyundagi qarori mavjudligini paxta shtabi mutasaddilariga anglatadi.

O‘z blogida Rahmatullayev bolalar mehnatiga barham berishi lozim bo‘lgan bu qarorning 2009 yilning 29 iyulida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganini urg‘ulaydi.

Shu o‘rinda jurnalistga o‘z nabirasinini paxtadan pora bermasdan qonuniy olib qolishga imkon bergan qaror haqida biroz eslatsak.

Qarorga ilova qilingan ro‘yxatning 28-bo‘limida qishloq xo‘jaligi sohasidagi o‘n sakkiz yoshdan kichik shaxslar mehnati qo‘llanishi taqiqlanadigan noqulay mehnat sharoitlari ishlari sanab o‘tilgan. Bular quyidagilar:
- Ipak qurti zavodlarida band bo‘lgan ishchilar;
- Issiqxonalar ichidagi ishlarda band bo‘lgan ishchilar;
- Tamakini yig‘ish, tashish va birlamchi ishlov berishda band bo‘lgan ishchilar;
- Paxtani qo‘lda sug‘orish bilan band bo‘lgan ishchilar;
- Paxtani qo‘lda terishda band bo‘lgan ishchilar.

Samarqandlik mustaqil jurnalist Toshpo‘lat Rahmatullayev boshqarma paxta shtabidagilarga kollej o‘quvchilarini majburiy mehnatga jalb qilish qonunga zid ekanligini hijjalab tushuntirganini yozadi.

Bu gaplarni inobatga olgan Samarqand viloyat o‘rta maxsus va kasb-hunar ta‘limi boshqarmasi huzurida tashkil etilgan paxta shtabi mulozimlar kollej direktorini yuqoridagi qaror mazmun-mohiyatidan xabardor qilishga va‘da berishadi.

Jurnalistning 15 yashar nabirasi bu harakatlar samarasi o‘laroq paxtaga jalb qilinmaydi.

“Ayni kunlarda kollejda paxtadan qolgan o‘quvchilar uchun o‘quv mashg‘ulotlari davom etmoqda¸” deb yozadi o‘zi va nabirasining haq-huquqlari uchun kurashib, muvaffaqiyat qozongan samarqandlik bloger Toshpo‘lat Rahmatullayev.

Toshpo‘lat Rahmatullayev 1997 yili “O‘zbekistonning eng yaxshi jurnalisti” degan nomga sazovor bo‘lgan edi.

Rahmatullayev Samarqand viloyatidagi ijtimoiy muammolarni yoritib kelayotgan mustaqil bloger sifatida ham tanilgan.
XS
SM
MD
LG