Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 20:18

Paxtaga chiqmagan qo‘shiqchi litsenziyadan ayrildi


Jasur Umerov
Jasur Umerov
O‘zbekistonlik taniqli qo‘shiqchi Jasur Umerov paxtaga chiqmagani uchun "O‘zbeknavo” estrada birlashmasi tarafidan tanqid qilindi va litsenziyasidan mahrum bo‘ldi.

11 oktabr kuni "O‘zbeknavo” estrada birlashmasining “paxta mavsumida o‘zbek san‘atkorlarining ishtirokiga” bag‘ishlangan maxsus majlisda taniqli qo‘shiqchi Jasur Umirovning “kasal bo‘ldim deya bahona qilib”, paxtaga chiqmagani uchun litsenziyadan maxrum qilingani boshqalarga o‘rnak sifatida aytildi.

Bu haqda "O‘zbeknavo" estrada birlashmasining o‘zini tanishtirmagan mulozimi Ozodlikka ma‘lumot berdi.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ qo‘shiqchi Jasur Umirov “yolg‘ondan o‘zini kasal deb e‘lon qilib, paxtaga chiqmaganlik va milliy mentalitetga zid ashula aytgani uchun jazolangan."

Suhbatdoshga ko‘ra, xonanda litsenziyasidan ayrilishidan avval "Masha” nomli qo‘shiq kuylab, unga klip ham suratga olib qo‘ygan edi.

Aynan mana shu qo‘shiq ham Jasur Umirovning “milliy-ma‘naviy qadriyatlarimizga, odob-ahloq me‘yorlariga va mentalitetimizga zid bo‘lgan qo‘shiqlar yaratgani”iga misol sifatida “keskin tanqid”ga uchragani aytildi.

Jasur Umirov keyingi 4 oy ichida ikki marta litsenziyadan mahrum qilindi.

Shu yilning 18 iyunь kuni "O‘zbeknavo” estrada birlashmasi tomonidan taqdim etilgan litsenziya talablariga rioya qilmaganligi uchun Jasur Umirov litsenziyadan mahrum etilgan edi.

“Oysara opaning qizi Jumagul” qo‘shig‘ini aytib tanilgan 27 yashar o‘zbek qo‘shiqchisi Jasur Umirov "O‘zbeknavo” estrada birlashmasi tomonidan “milliy-ma‘naviy qadriyatlarimizga, odob-ahloq me‘yorlariga va mentalitetimizga zid bo‘lgan qo‘shiqlar yaratilib, efirga uzatilayotganligi keskin tanqid qilingan” holda litsenziyasidan mahrum qilingani aytilgan edi.

Mustaqillik bayramiiga bag‘ishlangan tadbirlar repetitsiyasiga kechikkani Jasur Umirovning litsenziyasidan mahrum qilinishiga asos bo‘lgani Ozodlikka bildirilgan edi.

Ana shundan keyin Jasur Umirovning “tavbasiga tayanganini hisobga olgan” "O‘zbeknavo” estrada birlashmasi avgust oxirida honandaning litsenziyasini qaytarib berdi.

Jasur Umirovga berilgan litsenziya oktyabr oyida yana bekor qilindi. Bu safar ashulachi “o‘zbek milliy boyligi bo‘lgan paxtani terib olish safarbarligini” pisand qilmaganlikda ayblandi.


"Safar muborak, paxtakorlar”


"O‘zbeknavo” estrada birlashmasi ashulachilarning paxta terimchilariga xizmat qilishi uchun "Safar muborak, paxtakorlar”, degan rejani amalga oshira boshladi.

"O‘zbeknavo” estrada birlashmasining o‘zini tanishtirmagan mulozimi paxtaga borishi shart bo‘lgan qo‘shiqchilarning ro‘yxati tuzilganini ma‘lum qildi.

Ozodbek Nazarbekov paxta dalasida
Ozodbek Nazarbekov paxta dalasida
- Ro‘yxatga tushgan qo‘shiqchilar har qanday sharoitda ham paxtaga borishga majbur¸ ularning kontsert¸ gastrol yoki kasallikni bahona qilib, paxtadan qolishiga yo‘l qo‘yilmaydi, dedi "O‘zbeknavo” mulozimi Ozodlik bilan suhbatda.

Suhbatdosh paxta mavsumida qatnashmaganlar ayovsiz jazolaniishi va paxta mavsumida faol qatnashganlar taqdirlanishini ham bildirdi.

- Masalan, 2013 yilgi paxta mavsumida faol qatnashgan O‘zbekiston xalq aristi Ozodbek Nazarbekov ichida bir miqdor pul bo‘lgan plastik karta bilan mukofotlandi¸ deydi mulozim.


Paxtaga bormagan ashulachilar qora ro‘yxatga kiradi


Paxtaga chiqmagan o‘zbek ashulachilarini jazolash avvalgi yillar ham kuzatilgan edi.

Bu yil litsenziyadan mahrum qilingan musiqiy guruhning ismini aytmagan vakili, Ozodlik bilan suhbatda, “paxtaga bormagan ashulachilar qora ro‘yxatga kiritiladi”¸ degan fikrni bildirgan edi:

- Oldin bitta narsa bo‘lgan aka. O‘tgan yili O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori bilan "san‘atkorlar paxta terimchilariga borib¸ kontsert qilsin"¸ degan joyi bo‘lgan edi. O‘shanga paxta terimlariga bizni chaqirishgan, xullas, bir kun bittasi telefon qilib, “Aka, xizmat bor” dedi. “Qayerda?” desam, “Chinozda” dedi.

“Aka, bizning vaqtimiz yo‘q. Klip syomkamiz bor”. “Yo‘q, borib bermasanglar bo‘lmaydi. Mana shuncha pul berarkan”. “Aniqmi? Sizlar ham bo‘lasizlarmi?” dedim. “Ha” dedi. Keyin 1000 dollar berdi qo‘limga. Ertasi kuni soat 9 da o‘rtoq boshliq hurmatli Azamat Haydarovich xonalariga chaqirtirdilar. “Nimaga davlat tadbiri paxta uchun pul olayapsizlar?”. “Biz paxtaligini bilganimiz yo‘q”, deb srazu pulni qaytarib berib, undan tashqari Chinozga, To‘ytepaga, Yuqori Chirchiqqa, Davlat soliq akademiyasi kollejiga borib, xizmatlarni o‘tab, chiroyli qilib keldik. Lekin paxtaligini bilmaganmiz pul olayotganda.

Shu tushunmovchilik bo‘lgan o‘rtada. Bundan boshqa ortiq tushunmovchilik bo‘lmagan. Lekin shu davrgacha aytilgan "yoshlar festivali" bormi, davlat tadbirlari bormi viloyatlarda, "Mehribonlik uylari" bormi, birinchi aytishlari bilan srazu borib beramiz¸ deydi suhbatdosh.

Ashulachilar jilovi “O‘zbeknavo” qo‘lida


“O‘zbeknavo” estrada kontsert birlashmasining o‘z ismini aytmagan mulozimi, Ozodlik bilan suhbatda, ashulachilar bilan ishlashning “o‘ziga xos nozik taraflari” borligini aytib berdi:

- Bular bilan qattiq gaplashmasangiz bo‘lmaydi. Sal bo‘sh kelsangiz, kecha paydo bo‘lib uch-to‘rt muxlis orttirgan ashulachi sizni bemalol tortinmasdan haqorat qilaveradi. Bosar-tusarini bilmagan hofizlarni ramkada ushlab turish uchun “O‘zbeknavo” estrada kontsert birlashmasining litsenziya kelishuvi mavjud. “O‘zbeknavo”dan litsenziyasi bo‘lmagan birorta ashulachining qo‘shiq aytishga haqqi yo‘q, deydi mulozim.

Suhbatdoshga ko‘ra, "O‘zbeknavo" ashulachilarni litsenziyadan mosuvo qilishdan oldin ular bilan tarbiyaviy soatlar o‘tkazadi

Masalan, joriy yil boshida “O‘zbeknavo“ estrada birlashmasi o‘tkazgan majlisda ashulachilarning "ochiq-sochiq kiyinishi¸ behayo turmush tarzi" tanqid qilingan edi.
XS
SM
MD
LG