Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 14:33

Gulnora Karimova xolavachchasining qamalganini tasdiqladi


Gulnora Karimovaning Instagramdagi xabarini singlisi Lola Karimova Tillayevaning VVSga bergan “oshkora” intervyusiga "javob" sifatida qabul qilish mumkin.
Gulnora Karimovaning Instagramdagi xabarini singlisi Lola Karimova Tillayevaning VVSga bergan “oshkora” intervyusiga "javob" sifatida qabul qilish mumkin.
O‘zbekiston prezidentining qizi Gulnora Karimova xolavachchasi Akbarali Abdullayevning hibsga olinganini Instagramdagi xabari orqali tasdiqladi. Farg‘ona vodiysidagi neft oldi-sotdisini boshqarib kelgan yirik tadbirkor Akbarali Abdullayevning moliyaviy jinoyatlarda ayblanayotgani aytilmoqda.

@realgoogoosha: Akbarali qamoqda!


Gulnora Karimova o‘zining Instagramdagi @realgoogoosha akkauntida 16 oktabr kuni erta tongda qoldirgan qisqa xabarida xolasi Tamara Sobirovaning 29 yoshli o‘g‘li Akbaralining hibsga olinganini tasdiqladi.

Gulnora Karimova xolavachchasining hibsga olinganiga munosabatini bildirar ekan bitiklarini “Oilaning bir qismi (ota) “ta‘minlash” bilan boshqa qismi esa uni yo‘qotish va afsungarlar ila do‘stlashish bilan ovora”, degan ilmoqli so‘zlar bilan boshlagan.

Bitiklari davomida @realgoogoosha o‘sha - "boshqa qism"ning “Toshkentdagi Xlebushkina nomidagi 26- bolalar uyining peshtog‘idagi "Bismillohu Rahmonu Rahim" degan yozuvning zo‘rlik bilan o‘chirib tashlagani”ga to‘xtalgan.

Karimova xonimning yozishicha, bu bolalar uyi va shu kabi jami 25 ta ob‘ektni inisi Akbarali Abdullayev qayta qurib, ta‘mirdan chiqargan.

"Keyinchalik u yerdan qimmatbaho qandillar “sekingina olingan”, devordan fin bo‘yoqlari va kafellari qirtishlab tashlangan. Biroq u ko‘rsatmalarni “sodiqlik” bilan bajargani uchun hozirda qamoqda o‘tiribdi”, deb yozadi Karimova.

Gulnora so‘zining davomida singlisi Lola Karimova-Tillayevaning “tomorqasiga tosh otadi”.

“Bu ob‘ektlar barchasining ochilish marosimi “Sen yolg‘iz emassan” jamg‘armasi tomonidan tantanali ravishda o‘tkazilgan”, deydi Karimova Instagramdagi xabarida.

Keyin esa Karimova xonim “Bu paradoksmi?”, deya savol tashlab,“Aslida shunday bo‘lishi kerak edi”, deya o‘zi javob beradi.

Gulnora Karimovaning Instagramdagi ushbu qisqa xabarini xolavachchasi Akbarali Abdullayevning hibsga olingani tasdig‘i sifatida hamda singlisi Lola Karimova Tillayevaning VVSga bergan “oshkora” intervyusiga "javob" sifatida qabul qilish mumkin.

"Prezident qarindoshi 10 oktyabrda hibsga olindi"


Bir paytlari Farg‘ona vodiysidagi biznes tizimining aksar qismini o‘z nazoratiga olgan Akbarali Abdullayevning Quvasoydagi qarindoshlari ham uning 10 oktyabrda hibsga olinganini Ozodlikning Farg‘onadagi manbasiga tasdiqladi.

Uznews.net saytiga ko‘ra, Akbarali Abdullayev poraxo‘rlik, soliqlarni yashirganlik va mulkni o‘zlashtirishda ayblanayapti.

Akbaralining hozirda Toshkentdagi hibsxonalardan birida saqlanayotgani aytilmoqda.

Akbarali biznesiga qarshi harakat bir yil avval boshlangan

Akbarali Abdullayev nazoratida ekani aytiladigan Farg‘ona Neftni qayta ishlash zavodida o‘tgan yilning yozida "tozalash ishlari" olib borilib, bir guruh mulozimlar hibsga olingan edi.

Ozodlik muxbiri o‘sha paytda bu mavzuni o‘rganganida zavod direktori Bahodir Toshtemirov ham hibsga olinganlar ro‘yxatida borligini aniqlagan edi.

Mazkur zavodda 30 yildan ziyod ishlab, hozirda nafaqada bo‘lgan Ismoil Mallaboyev Ozodlikka zavodning o‘ttizga yaqin mulozimi hibsga olingani haqida xabar bergandi.

Bir yil oldingi "tozalash" payti mazkur zavod mulozimlaridan tashqari Akbarali Abdullayev boshqaradigan guruh a‘zolari bo‘lgan Sodiq va Akbar degan aka-ukalar ham ushlangan, biroq keyinchalik qo‘yib yuborilgani xabar qilingan.

"Farg‘onaneft" - prezident yaqinlari nazoratida"


O‘zbekistonda keyingi yillarda benzin ta‘minotida muammolar yuzaga kelgani ma‘lum.

Ozodlik pochtasiga farg‘onalik bir muxlisdan kelgan maktubda aytilishicha, mamlakatdagi benzin taqchilligi ortida ma‘lum "jinoiy guruhlar" turibdi.

Farg‘ona Neftni qayta ishlash zavodi faoliyatini mustaqil tahlil qilgan muxlisga ko‘ra, "Farg‘ona neft zavodi O‘zbekiston prezidentiga yaqin bo‘lgan shaxslar nazoratida bo‘lib, zavodda korruptsiya va o‘g‘irlik holatlari ko‘paygan".

Xat muallifi iddaosiga ko‘ra, Farg‘ona vodiysidagi neft oldi-sotdisi prezident Islom Karimovning rafiqasi Tatyana Karimovaning jiyani Akbarali Abdullayev tomonidan nazorat qilinib kelgan.


Prezident qarindoshlarini ham “ayamaydi”


Akbarali Abdullayev prezident Karimovning hibsga olingan yagona qarindoshi emas.

Islom Karimovning jiyani 44 yoshli Jamshid Karimov 2005 yil sentyabrida hibsga olinib, sud qaroriga ko‘ra ruhiy muolajaga majburlangan edi.

Yetti yil davomida Samarqanddagi maxsus ruhiy shifoxonada “davolangan” Jamshid Karimov o‘tgan yilning noyabr oyida ozod qilinganidan buyon jamoatchilikka ko‘rinish bergani yo‘q.

Xalqaro tashkilotlar Britaniyadagi Urush va tinchlikni yoritish instituti bilan hamkorlik qilib kelgan jurnalist Jamshid Karimov tanqidiy maqolalari uchun mana shu tarzda jazolanganini aytishgan.

Hibsga olinishidan avval Jamshid Karimov internetda mahalliy va markaziy hokimiyat idoralarini tanqid qiluvchi qator maqolalar e‘lon qilgan edi.
XS
SM
MD
LG