Линклар

So‘xning Hushyorida bolalarning “90 foizi” gepatitga chalindi


Joriy yil boshida qo‘shnilari - botkenliklar bilan bo‘lgan mojaro oqibatlaridan hanuzgacha qutula olmagan Hushyor ahli tashvishlariga yangisi qo‘shildi.

Joriy yil boshida qo‘shnilari - botkenliklar bilan bo‘lgan mojaro oqibatlaridan hanuzgacha qutula olmagan Hushyor ahli tashvishlariga yangisi qo‘shildi.

Farg‘ona viloyati, So‘x tumani, Hushyor qishlog‘ida bolalar sariqqa chalinayotgani to‘g‘risida shu qishloqda istiqomat qiladigan va shu kunda “sariq”qa chalingan farzandlarini kasalxonada olib yotgan ikki fuqaro xabar qildi.

So‘x tuman Markaziy kasalxonasi bosh vrachi “vahimaga asos yo‘q”, dedi. Lekin kasalxona boshqa bir xodimining aytganlaridan vaziyatning chindan ham tashvishli ekanligi bilinib qoldi.

O‘zini Mamirjon, deb tanishtirgan so‘xlik yigit 16 oktyabrь kuni ertalab Ozodlikka mana bu xabarni yetkazdi:

- So‘xda hozir bir yarim oydan buyog‘iga bir yarim yashardan 6-7 yashargacha bolalar hammasi, aksariyati - 95 foizi sariq kasalga chalingan. Nazorat degan narsa yo‘q...

Ozodlik: Ma‘murjon siz dahshatli raqamlarni aytayapsiz. Siz qayerdan oldingiz bu raqamni?

- Men o‘zim analiz topshirgani borganimda 47 nafar boladan ikkitasini sog‘lom dedi. Qolgani kasal.

Ozodlik: Sizga kim aytdi buni?

- Men o‘zim o‘sha yerda edim.

Ozodlik: “47 boladan deyarli hammasi kasal”, degan gapni kim aytdi? Siz kimdan eshitdingiz?

- Men o‘zim guvohman. Men bilan analizga borganlar hammasi, shu bolьnitsada o‘zim olib yotayapman bolani, hammasi shu yerga kelib yotayapti.


Hushyor qishlog‘i kasalxonasida farzandi davolanayotgan O‘lmasjon bilan ham gaplashdik.

- O‘g‘ilchamni olib yotibman.

Ozodlik: O‘g‘ilchangizga nima bo‘ldi?

- Bu ham sariq kasalga chalinibdi. O‘shanga olib keluvdik.

Ozodlik: Doktorlar sariq deyishdimi?

- Doktorlar sariq deyishdi. Hushyor bolьnitsasiga yotqizdik ikki kun bo‘ldi.

O‘lmasjonning aytishicha, kasalxona sariqqa chalingan bemorlar bilan to‘lgan.

- Zalda ham odamlar yotibdi. Koridorda. Joy yo‘qligi uchun. Kabinetda ham bitta katta yoshli erkak qizchasini olib yotibdi.

Hushyorlik Mamirjon kasallik tarqalishi sabablari to‘g‘risida mana bunday dedi:

- Bizda sel kelgan. Kuchli yog‘ingarchilik, kuchli sel kelgan. O‘sha seldan beri yomg‘ir yog‘magan. Sel iflos narsalarni olib kelgan. Ular qurib, havoni zaharlayapti. 90-95 foiz bolalar hammasi kasalga chalingan. Bolьnitsaga har kun uchta-to‘rtta kelayapti, beshta-oltita bola olib kelayapti. Hammasining isitmasi bor.

So‘x – O‘zbekistonning atrofi Qirg‘iziston hududi bilan qurshalgan eksklavi bo‘lib, Hushyor qishlog‘i chegarada joylashgan. Kasallik davlat chegarasini tan olmaydi. Lekin Ozodlik radiosi qirg‘iz xizmati muxbirining Botken viloyat bosh vrachi bilan bog‘lanib aniqlashicha, O‘zbekistonning Hushyor qishlog‘iga qo‘shni Qirg‘izistonning Chorboq va So‘g‘ment qishloqlarida gepatit bilan bog‘liq g‘ayriodatiy hodisa kuzatilmayapti. Ma‘lum bo‘lishicha, qo‘shni qishloqlar suv ta‘minoti hozirda mustaqildir.

Ismi sir qolishini istagan yana bir so‘xlikning aytishicha, Hushyor qishlog‘i ahlini ta‘minlab kelgan buloq suvi eng so‘nggi seldan keyin qishloqqa kelmay qolgan.

So‘x tuman markaziy kasalxonasi o‘zini No‘‘monjon aka, deb tanishtirgan bosh vrachi tumandagi sariq bilan bog‘liq vaziyat to‘g‘risidagi savolimizga javob berar ekan, “kasallik keskin ko‘paydi” degan ma‘noni beruvchi “vspыshka” so‘zini ishlatdi:

- Epidemiologik holat yomon emas. Vaziyat nazoratda. 2 -3 oy vspыshka bo‘ladi.

Ozodlik: Bu vspыshkani nima bilan izohlash mumkin?

- Iyundan oktyabrь oxirigacha kasallik har yili ko‘payadi. Faqat aholi zich joylarda bu yil ko‘paydi gepatit “A”.

“Aholi zich joylarda gepatit ko‘payganini” tan olgan vrach, ayni paytda Ozodlik bilan bog‘langan hushyorliklar vaziyatni bo‘rttiribroq ko‘rsatgan, degan fikrni uqtirmoqchi bo‘ldi va Hushyor qishlog‘idagi kasalxonanini tasvirlab, bunday dedi:

- U yerda ikkita bino bor edi. Bittasi remontda. Kasallarning hammasi bitta binoda. Shuning uchun odamlarning ko‘ziga ko‘p ko‘rinib ketgandir.

To‘g‘ri, do‘xtirning gapi ishonish mumkin, chunki kasalxonada yotgan odamga butun insoniyat kasalga o‘xshab ko‘rinishi – bor gap.

Lekin So‘x tuman kasalxonasining ismini aytmasligimizni so‘ragan bir xodimasining gapi sariqqa chalingan farzandlari bilan kasalxonada yotgan Mamirjon va O‘lmasjonlarning vahimasi asossiz emasligiga kuchli ishoradir:

- Ha, sariq kasal ko‘p. Rosa ko‘p. Hech iloji yo‘q. Judayam ko‘p.
XS
SM
MD
LG