Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 10:16

Qamalishdan qo‘rqqan to‘rtko‘llik fermerlar O‘zbekistondan qochib ketdi


Qoraqalpog‘istonning To‘rtko‘l tumanidagi bir necha fermer hokimiyat zo‘ravonligidan bezib, mamlakatni tark etgan. Bu haqda xabar bergan Ozodlik manbasiga ko‘ra, paxta topshirish rejasini bajarishga ko‘zi yetmagan fermerlar qamalib ketishidan qo‘rqib, Rossiya va Qozog‘istonga qochgan. To‘rtko‘l tumani hokimligi fermerlar ishini tashlab ketganligini qisman tasdiqladi.

Qoraqalpog‘iston respublikasining To‘rtko‘l tumanidagi uch fermer ayni paxta mavsumida ishini tashlab, qochib ketgan. Bu haqda Ozodlikning To‘rtko‘ldagi manbasi xabar berdi:

- Nurimbetov xo‘jaligidan “Abdulla Bekimbetov” fermer xo‘jaligi raisi Muxtor Bekimbetov, “Ismoil oqsoqol” fermer xo‘jaligi raisi hamda MTPning boshlig‘i Anvar Ismoilov va “Mashrizo Mashrif” fermer xo‘jaligi raisi Hamidjon Matrizayevlarning dalani tashlab ketib qolganiga bir hafta bo‘ldi, dedi manba.

Suhbatdoshga ko‘ra, fermerlar tuman hokimi va mahalliy huquq-tartibot idoralari rahbarlarining tazyig‘iga chidolmay, qochib ketgan:

- Bu fermerlar planni endi 30-40 foiz bajargan edi. Shunga har kuni kechki soat 8 dan tungi 2 gacha cho‘ziladigan majlislarda hokim, militsiya boshlig‘i, prokuror ishtirokida razbor bo‘ladi. Kam paxta topshirayotgan fermerlar xo‘rlanadi, haqorat qilinadi, kaltaklanadi, "qamalasan", deb qo‘rqitiladi. Bularning hammasi fermerlarning jonidan o‘tib ketgan va ular paxtayu yerini tashlab, Rossiya bilan Qozog‘istonga ketgan, dedi Ozodlik manbasi.

Uning aytishicha, hokimiyat fermerlar tashlab ketgan dalalardagi paxtani hasharchilarga terdiryapti.

To‘rtko‘l tuman hokimligining o‘zini tanishtirmagan mulozimi Ozodlik bilan suhbatda fermerlarning ishda emasligini qisman tasdiqladi:

- Men aniqladim, Muxtor Begimbetov shu yerda ekan. Lekin Anvar bilan Matrizayev Toshkentda ekan. Bugun poyezdga chiqishibdi, qaytib kelishayapti ekan, dedi mulozim.

Biroq hokimlik mulozimi fermerlar nima sababdan ayni paxta terimi vaqtida ishni tashlab ketgani sababini izohlamadi.

Ozodlik manbasiga ko‘ra, bu uch fermer o‘z ishini tashlab qochayotgan birinchi fermerlar emas. "O‘tgan yili fermer va MTP boshlig‘i Maqsud Bobojonov ham amaldorlarning kaltak va haqoratlariga chiday olmay, Rossiyaga qochib ketgan edi", deydi manba.

Uning aytishicha, “Asadbek Sabohatdin” fermer xo‘jaligi raisi Qurbondurdi va “Azizbek-Nodirbek-Otabek” fermer xo‘jaligi raisi Husanboylar paxtani kam ekib, uning o‘rniga boshqa ziroatlar ekkanligi uchun uch oydan beri hibsda saqlanmoqda.

O‘zbekistonda hokimlar va boshqa mansabdor shaxslarning o‘zidan past lavozimda bo‘lgan amaldor va fermerlarni urishi¸ haqorat qilishi ko‘p kuzatiladi.

Joriy yilning aprel oyida Toshkent viloyati Yangiyo‘l tuman hokimligida o‘tkazilgan majlis chog‘ida mahalliy fermer Tursunali Sodiqov ichki ishlar bo‘limi rahbari tomonidan kaltaklanganidan bir kun o‘tib, yurak xurujidan jon bergan edi.

Yana shu yilning aprel oyida Namangan viloyat hokimining o‘rinbosari O‘ktam Ergashev 19 aprel kuni Kosonsoy tumanida o‘tkazgan yig‘ilishida o‘nga yaqin fermerni kaltakladi.

2012 yilning avgust oyida Jizzax viloyati, Zarbdor tuman hokimi metallolom yig‘ish bo‘yicha vazifani bajarishga va‘da bera olmagan tuman Xalq ta‘limi bo‘limi mudirini kaltaklagan.

Surxondaryo viloyati hokimi Turob Jo‘rayev 2011 yilning 25 oktyabr kuni Jarqo‘rg‘on tumani hokimligida o‘tkazilgan yig‘ilishda 8 ta kollej direktorini mushtlab urgan edi.

2011 yilning sentyabrida Surxondaryo viloyatining Muzrobod tumanidagi Ziyodillo Qo‘ldoshev mahallasida istiqomat qilgan 50 yoshli fermer Ismoil To‘ranazarov hokim tazyiqlaridan so‘ng o‘z joniga qasd qilgandi.

Toshkent viloyati Yangiyo‘l tuman prokurori Ziyodulla Yo‘ldoshev 2011 yilning sentyabrida shu tumanning Ubay Muasev qishlog‘i mahalla qo‘mitasi raisining muovini Zuhriddin Zokirovni paxta terimiga yetarli odam yig‘magani uchun kaltaklagan.

2009 yilning noyabr oyida O‘zbekiston respublikasi Vazirlar mahkamasining Jizzax viloyatidagi vakili O‘ktam Tursunov fermerlardan birining ishidan kamchilik topib,uning o‘ziga go‘r qazdirgan, mahalla imomini chaqirtirib kelib, tirik fermerga janoza o‘qittirgan.
XS
SM
MD
LG