Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 09:40

AQSh Bishkekning Manas tranzit markazidan foydalanishni to‘xtatadi


Manas tranzit markazi.
Manas tranzit markazi.
AQSh Afg‘onistondan o‘z qo‘shinlarini olib chiqishda NATO ittifoqchisi bo‘lgan Ruminiya bilan Qora dengiz sohilidagi Ruminiya bazadan tranzit markazi sifatida foydalanish haqida shartnoma imzoladi. Kelishuvda Pentagon o‘z harbiylarini Qirg‘izistonning Manas tranzit markazi orqali emas, balki Ruminiyaning Mixail Kogelnichanu nomidagi aeroporti orqali AQShga olib kelishi nazarda tutilgan.

AQSh harbiylarining Qirg‘iziston poytaxti Bishkekdagi Manas tranzit markazidan foydalanish muddati 2014 yil iyul oyida tugaydi.

NATO yetakchiligidagi xalqaro koalitsiya kuchlari kelasi yil oxiriga qadar Afg‘onistonni tark etishi rejalangan.

Ruminiyadagi bazadan tranzit markazi sifatida foydalanish haqidagi kelishuv AQSh Mudofaa vaziri Chak Heygel va Ruminiya Mudofaa vaziri Mircha Dusha o‘rtasida juma kuni Vashingtonda bo‘lib o‘tgan so‘zlashuvdan keyin e‘lon qilindi.

Hozir Afg‘onistonda AQShning 50 mingdan ziyod askari bor. 2014 yil oxirigacha AQSh o‘zining barcha jangovar kuchlari va ularga tegishli bo‘lgan katta miqdordagi harbiy texnikani Afg‘onistondan olib chiqishi lozim.

Qo‘shma Shtatlar Manas tranzit markazidan foydalanganlik uchun har yili Qirg‘iziston hukumatiga o‘nlab million dollar to‘lab kelmoqda.

AQSh harbiylarining mazkur bazadan foydalanish muddatini uzaytirishni istamagan Qirg‘iziston hukumati mamlakat hududidagi Qant bazasini Rossiya harbiylariga ijaraga bergan.

Pentagon tarqatgan bayonotda “terrorga qarshi turishda, shuningdek, mintaqa hamda Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikka etishishda” AQSh va xalqaro koalitsiya kuchlarini qo‘llab-quvvatlaganlik uchun qirg‘iz xalqiga minnatdorlik bildirilgan.

AQSh harbiylari Manas tranzit markazidan 12 yildan beri foydalanib kelayotgan edi.

Pentagon bayonotida tranzit markazining ijara muddatini uzaytirmaslik haqida Qirg‘iziston hukumati qabul qilgan qarorni Vashington hurmat qilishi bildirilgan.

Hujjatda Qo‘shma Shtatlar Qirg‘izistondagi “demokratik va iqtisodiy rivojlanish jarayonini qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish niyatida" ekani va kelgusida ikki tomonlama aloqalar yanada rivojlanishga umid bildirilgan.

Ruminiya o‘z hududida Yevropa raketa hujumidan mudofaa tizimining bir qismi bo‘lgan AQShning Aegis Shore nomli bazasi barpo etilishiga ruxsat bergani uchun Qo‘shma Shtatlar Ruminiyaga minnatdorlik izhor qildi.

Zikr etilgan mudofaa tizimi Eron yoki boshqa davlatdan Yevropaga uchirilishi mumkin bo‘lgan raketalarni urib tushirishga mo‘ljallangan.

Radar va raketalar joylashtirilishi nazarda tutilgan Ruminiyaning Deveselu mintaqasidagi Aegis bazasi poydevorini qurish marosimi shu oy oxirida bo‘lib o‘tishi rejalangan.

AQSh e‘lon qilgan bayonotda Ruminiya Portugaliyadan 12 ta “F-16” rusumidagi ishlatilgan jangovar uchqichni sotib olishga qaror qilgani ham olqishlangan.
XS
SM
MD
LG