Линклар

O‘zbekistonlik bokschi Alisher Rahimov va rossiyalik Ayk Shaxnazaryan o‘rtasida 4 noyabr kuni Krasnodarda o‘tkazilishi kutilayotgan jang qoldirildi. Bunga 6 oktyabr kuni O‘zbekistonda noma‘lum shaxslar Alisher Rahimovni kaltaklab, unga jiddiy jarohat yetkazgani sabab qilib ko‘rsatilmoqda.

6 oktyabr kuni O‘zbekistonda noma‘lum kimsalar taniqli o‘zbekistonlik sportchi, birinchi yarim o‘rta vazndagi professional boks ustasi 35 yoshli Alisher Rahimovni kaltaklab, og‘ir jarohat yetkazgani ma‘lum bo‘ldi.

“U 4 noyabr kuni Krasnodar shahrining Basket Xollida o‘tkazilishi rejalashtirilgan WBC yo‘nalish bo‘yicha sobiq jahon chempioni, rossiyalik Oleg Maskayev va AQShlik Kori Sanders jangi anderkarti – turnir davomida o‘tkaziladigan asosiy jangdan oldingi musobaqada ishtirok etishi kutilayotgan edi”, deydi Rahimov-Shaxnazaryan o‘rtasida boks jangi qoldirilganini Ozodlik Radiosiga tasdiqlagan “Kirill Ovchinnikov promouterlik kompaniyasi” vitse-prezidenti Nikolay Baklanov:

- Rahimov O‘zbekistonda qattiq kaltaklanib, jarohatlanibdi. Endi Shaxnazaryan va Rahimov o‘rtasidagi jang bekor qilindi: Shaxnazaryanga boshqa raqib topildi. Bizga O‘zbekiston Boks Federatsiyasidan yigitlar qo‘ng‘iroq qilib, Alisher jangda ishtirok eta olmasligini ma‘lum qildi. Rahimovning so‘zlariga qaraganda, mashg‘ulotlardan keyin zaldan chiqib uyiga ketayotganida uning yoniga bir necha kishi kelib, “Siz Alisher Rahimovmi?”, deb so‘rashibdi. Keyin ular fotosuratga birgalikda tushishga ijozat so‘rabdi. Birdan, uni qurshab olgan yigitlardan biri yuziga gaz ballonidan purkab, yerga yiqitib kaltaklay boshlagan.



Hujumchilar Alisherni bita tayog‘i bilan urib, oyoqlariga jiddiy shikast yetkazgan. Krasnodardagi boks shousi tashkilotchisi Nikolay Baklanov hozirda Alisher Rahimovning ahvoli birmuncha yaxshi ekani, u yana 3 kun tibbiy muolaja olishini ma‘lum qildi.

O‘z vakillari orqali hozircha Toshkentda davolanayotgan Alisher keyingi musobaqalar doirasida Ayk Shaxnazaryan bilan jang tashkil etishni so‘rab, keyingi haftalardan boshlab yengil mashq va yugurishlarni boshlashini aytgan.

- Shaxnazaryanning raqibi etib Behzod Nabiyev tayinlandi. U ham O‘zbekistondan ekaniga shubhalanmasa ham bo‘ladi. U ham “Ural Boks promoushn” tomonidan janglarga chiqarilgan. Ilgari uni menedjeri Oleg Bogdanov edi. Juda kuchli bokschi – u havaskorlar orasida o‘zini ko‘rsata olgan. Fyodor Popazov bilan Noginskda uchrashganini eslayman – juda ajoyib jang ko‘rsatgan edi, -dedi Nikolay Baklanov.

35 yoshli Alisher Rahimov o‘tgan jangini va WBC Baltic turnirining yengil vazndagi chempioni unvonini rossiyalik boshqa sport ustasi 27 yoshli Denis Shafikovga boy berib qo‘ygan. O‘sha jangda referi Rahimovni 11 raundda Shafikovning belidan past qismiga berilgan zarbalari uchun diskvalifikatsiya qilgan edi.

O‘zbekistonlik “Ali” laqabi ostida jangga tushib yurgan Alisher Rahimov 1977 yilda Urganchda tug‘ilgan. Rossiyaning Nijniy Tagil dagi mahalliy boks federatsiyasida mashq qilib keladi. U professional ringda hozirgacha 27 jang o‘tkazib, 25 tasida g‘olib chiqqan, 2 jangni boy bergan. O‘tkazilgan janglarda Alisher raqiblarini 12 marotaba nokaut qilgan.
XS
SM
MD
LG