Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 03:31

Blog: Davlat tili yoki xo‘jako‘rsinga ochilgan saytlar


Zamona zayli deysizmi, davr talabimi, O‘zbekistondagi davlat idoralari ham ixtiyoriy-majburiy ravishda internetda o‘z sahifasini ochib, sayt yurityapti. Ammo kuzatuvlar sayt yuritishda ba‘zida ixtiyoriylikdan ko‘ra majburiylik ulushi ko‘proq ekanini ko‘rsatyapti.

21 oktabr – o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun. Shu sana bahona bo‘lib, mamlakatdagi ayrim davlat idoralarining veb saytlarini birrov ko‘zdan kechirdik. Saytlarni tahlil-taftish etaman desangiz, talabu mezonlar ko‘p. Biz doirani andak torroq olib, davlat idoralari saytlarining davlat tilidagi bo‘limi qay darajada ishlayotganigagina diqqat qildik.

Ichki ishlar vazirligi sayti faqat rus tilida ishlayapti. O‘zbekchasiga kirsangiz, sahifa “Vaqtincha ish faoliyatida emas” degan shapaloqdek e‘lonni o‘qiysiz.

Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi sayti ham faqat Pushkin tilida yuritilyapti. “O‘zbekcha” degan tugmani ko‘rib, ko‘p xursand bo‘lmang, u shunchaki xo‘jako‘rsinga qo‘yilgan, bossangiz, baribir ruschasiga o‘tib ketadi.

Monopoliyadan chiqarish davlat qo‘mitasining sayti o‘zbekcha bo‘limi pala-partish, sutga suv qo‘shgandek o‘zbekchayu ruscha matn aralash-quralash qilib yuborilgan.

Arxitektura va qurilish davlat qo‘mitasi sayti o‘zbekcha bo‘limida 28 avgustdan beri “texnik ishlar” olib borilyapti. Tushunish mumkin: qurilish bilan band bo‘lib, me‘morlarning saytga qo‘li tegmayapti chog‘i.

Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri qo‘mitasi ham nomigagina o‘zbekcha bo‘lim ochib qo‘ygan. Ammo barcha muhim hujjatlar – qonun, farmon, qaror, nizomlar rus tilida. Darvoqe, fuqarolarga kommunal sohadagi keng ma‘lumotlarni taklif qilayotgan http://e-kommunal.uz portalida ham shu ahvol. O‘zbekzabon fuqarolarda kommunal soha bo‘yicha hech savol tug‘ilmaydi shekilli.

Namuna bo‘lishi kerak bo‘lgan Intellektual mulk agentligi saytida ham o‘zbekchayu ruscha materiallar qorishtirib tashlangan. Xatolarni sanab tugatolmaysiz, administratorning boshqa jiddiy ishlari borga o‘xshaydi: maqolalarning sarlavhasi qo‘yilgan, ammo arzanda maqolaning o‘zini chiroq yoqib topolmaysiz.

Geologiya va mineral rerurslar davlat qo‘mitasi, “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspektsiyasi saytlari o‘zbekcha bo‘limi ham ma‘dani qazib olingan kondek huvillab yotibdi.

“O‘zdavtemiryo‘lnazorat” davlat inspektsiyasi saytidan o‘zbekcha material qidirsangiz, “Ushbu ma'lumot saytining rus tilidagi qismida mavjud” degan “lutf” bilan siylanasiz.

O‘zbekiston respublika tovar xomashyo birjasi, “O‘zbekneftegaz” kontserni, “O‘zavtosanoat”, “O‘zbekengilsanoat”, “Toshshahartransxizmat” uyushmalari ham fuqarolarga davlat tilida ma‘lumot berishni lozim topmagan.

“O‘zfarmsanoat” davlat kontserni, “O‘zagromash” uyushmasi saytlari o‘zbekcha bo‘limi “Bormi – bor!” qabilida – mardumko‘rsinga ish yuritadi.

“Kafolat” davlat sug‘urta shirkati saytidan ham “urug‘likka” birorta o‘zbekcha jumla topolmaysiz. O‘zbekzabon aholiga sug‘urta kerak emasmikin?!

Navoiy viloyati hokimiyati sayti o‘zbekcha bo‘limi huvillab yotibdi – yarim yildan beri o‘zbekcha bo‘limga bosh suqilmagan.

Respublika ma‘naviyat targ‘ibot, Milliy g‘oya va mafkura ilmiy-amaliy markazlari esa sayt ochmagan. Aftidan, sayt tashkil qilib, uni ruscha yuritgandan ochmay qo‘ya qolishni afzal ko‘rishgan.

O‘zbekiston tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi sayti o‘zbekcha bo‘limi “qayta ishlanmoqda”.

Chkalov nomidagi aviatsiya zavodi sayti o‘zbekcha bo‘limi esa “v stadii napolneniya”.

O‘zbekistondagi eng yirik metall kombinati sayti o‘zbekcha bo‘limiga kirib, “Saxifa ustida xali ish olib borilmokda” (xabar imlosi saqlandi) degan bildirgiga oshno bo‘lasiz.

O‘zbekcha bo‘limlardagi imloviy-uslubiy xatolar, dizayndagi kamchiliklarga to‘xtalmadik. Til bilgich ziyolilar va veb-dizaynerlar saytlarni bu jihatdan ham zarrabinga solib ko‘rar.

Muallif: Havaskor tahlilchi
XS
SM
MD
LG