Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 01:34

Toshkent militsiyasini oyoqqa turg‘azgan talonchilar qo‘lga olindi


Toshkentda kuppa-kunduzi ayollarga hamla qilgan shaxslar qo‘lga olindi. Dastlabki ma‘lumotlarga ko‘ra, 20 oktabr kuni qo‘lga olingan jinoyatchilar poytaxtning Uchtepa, Shayxontohur, Chilonzor, Yunusobod va Sirg‘ali tumanlarida ayollarning bo‘ynidan tilla zanjirini yulib qochishgan.

Tilla zanjir o‘g‘rilari jinoyat ustida ushlandi


Toshkentdagi huquq-tartibot idoralaridan olingan ma‘lumotga ko‘ra, yakshanba kuni kechqurun Sirg‘ali tuman Ichki ishlar bo‘limi xodimlari tilla zanjir o‘g‘rilarini jinoyat ustida qo‘lga olgan.

Ozodlikning ishonchli manbasiga ko‘ra, Toshkent shahrida yashovchi 33 yashar A.A. va 36 yashar Sh. H. hamda ularning uchinchi sherigi (Ozodlikka uchinchi shaxsning ismi-sharifi ma‘lum emas) poytaxt ko‘chalarida ayollarning bo‘ynidan tilla zanjirlarini o‘g‘irlash bilan shug‘ullanib kelishgan.

Manbaning aytishicha, uchovlon o‘z "faoliyatini" asosan Toshkentning Uchtepa, Shayxontohur, Chilonzor, Yunusobod va Sirg‘ali tumanlarida amalga oshirishgan.

“Bitta Shayxontohur tumanida ular ikkita jinoyatni amalga oshirgan. Bugun tergov-surishtiruv ishlari boshlandi. Tergov so‘nggida ma‘lum bo‘ladi ularning qancha jinoyat qilgani. Hozircha qancha tilla zanjirni o‘g‘irlagani aniq emas”, dedi Ozodlik manbasi.

Dastlabki tergov natijalariga ko‘ra, ayollarning tilla zanjirlarini o‘g‘irlashda Yunusobod tumanida yashovchi A.A ga tegishli oq rangdagi Matiz avtomobilidan foydalanilgan. Uchtepa tumanida yashovchi Sh.H. va ularning uchinchi sherigi asosiy ishni amalga oshirgan, ya‘ni tilla zanjir taqqan ayollar orqasidan tushib, ko‘chada yolg‘iz ketayotgan paytda bo‘ynilaridan zanjirini yulib, qochishgan.

Gumonlanuvchilar 19 oktabr kuni ertalab Chilonzor tumani Do‘mbirobod mahallasidagi 439-sonli bolalar bog‘chasi oldida toshkentlik 31 yashar Saltanat Odiljonovaning bo‘ynidagi tilla zanjirini yulib, qochishgan.

O‘sha kunning o‘zida kechqurun Yunusobod tumanidagi hibsxona oldida piyodalar yurish yo‘lagida ketayotgan 37 yashar Hanifa Ubaydullayevaning tilla zanjirini o‘g‘irlashgan.

“Oq Matiz operatsiyasi”


Shanba kungi ikkita o‘g‘irlik paytida ham qonunbuzarlar oq rangli Matiz mashinasiga o‘tirib, qochishgan.

20 oktabr kuni Toshkent shahar Ichki ishlar bo‘limi tomonidan tilla zanjir o‘g‘rilarini ushlash uchun butun shahar bo‘ylab “Oq Matiz” operatsiyasi amalga oshirildi.

Militsiya xodimlari yakshanba kuni ko‘chada uchragan oq rangdagi barcha Matiz mashinalarini ichki ishlar bo‘limlariga olib borishdi.

Toshkentdan olingan ma‘lumotga ko‘ra, o‘sha kuni militsiya bo‘limiga olib borilgan barcha Matiz egalari suratga tushirilib, ularning barmoq izlari olingan.

Huquq-tartibot idoralaridan olingan ma‘lumotga ko‘ra, tilla zanjir o‘g‘rilari o‘zlarining Matiz mashinasiga o‘g‘irlangan avtomobil raqamlaridan foydalanib kelishgan.

“Ular o‘g‘irlik qilishdan avval notanish mashinalarning nomerlarini o‘g‘irlab, o‘z mashinlariga qo‘yishgan. Har safar har xil nomer taqib o‘g‘irlik qilishgan”, deydi manbamiz.

Militsiya xodimlariga ko‘ra, tilla zanjir o‘g‘irligida gumonlanib, ushlangan uchala shaxs ham avval bir necha bor sudlanib, qamoq jazosini o‘tab chiqqan.

Hozirda ularga nisbatan Jinoyat kodeksining “Talonchilik” moddasi bo‘yicha jinoiy ish ochilgan.
XS
SM
MD
LG