Линклар

Efirga uzatilmagan holda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan filmda “Park Turon” va "Dedeman Silk Road" xodimlari mijozlar uchun pul evaziga jinsiy xizmat tashkil qilishda ayblanadi. Bu film bilan tanishgan huquqshunoslar esa ko‘rsatuv mohiyati insonlarni kamsitishdan iborat ekanini aytishdi.

Toshkentdagi uchta nufuzli mehmonxonaning amalda fohishaxona tarzida faoliyat olib borayotgani “fosh qilingan” videofil m "WhatsApp" va boshqa Internet tarmoqlarida tarqalmoqda.

O‘zbekistonning markaziy telekanallaridan birida bundan bir necha oy oldin tayyorlanib, efirga uzatilmagan ko‘rsatuv o‘tgan hafta oxirida Internet tarmoqlariga sizib chiqib, qo‘lma-qo‘l bo‘ldi.

Videofilm Toshkent markazidagi “Park Turon”¸ "Dedeman Silk Road" va “Le Grand plaza” mehmonxonalarida O‘zbekiston kuch ishlatar tizimi xodimlari tarafidan o‘tkazilgan reyd mobaynida suratga olingan tezkor tasvirlardan tashkil topgan.

Mehmonxona mijozlari yotgan xonalarga bostirib kirgan tasvirchilar ulardan izn olmasdan suratga olishadi.

Filmda O‘zbekiston televideniyesining suhandoni tarafidan “fohisha” va “zinokor” deya tasniflangan mehmonxona mijozlari deyarli qip yalang‘och tarzda ko‘rsatiladi.

Mehmonxona ma‘murlari va mijozlarning ismi-shariflari va boshqa ma‘lumotlar ochiqlanadi.

O‘zbekiston televideniyesining ismini aytmagan xodimi Ozodlik bilan suhbatda bu videofil mning tahrir va montaj qilingan yakuniy varianti yuqoridan berilgan ko‘rsatma bois efirga uzatilmaganini aytdi.

Suhbatdoshga ko‘ra, reyd paytida O‘zbekiston televideniyesi xodimlari qatnashmagan:

- Bizga O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi va prokuratura xodimlari o‘tkazgan qo‘shma reyd paytida suratga olingan tezkor tasvirlarni berishdi. Shu tasvirlar asosida matn yozildi. Suhandonlar o‘qidi. Lekin oxirgi minutda ko‘rsatuv efirga bermasligi haqida buyurildi. Men xayron bo‘ldim¸ chunki shu mazmundagi Surxondaryoda suratga olingan ko‘rsatuv efirga uzatilgan edi¸- deydi suhbatdosh.

O‘zbekiston televideniyesining ismini aytmagan xodimi¸ qanday qilib efirga uzatilmagan ko‘rsatuvning Internetga sizib chiqqanini tushuntirib bera olmadi.

Efirga uzatilmagan holda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan fil mda “Park Turon”va "Dedeman Silk Road" xodimlari mijozlar uchun pul evaziga jinsiy xizmat tashkil qilishda ayblanadi. Ko‘rsatuvda “Park Turon” mehmonxonasi boshqaruvchisi Hindiston fuqarosi Arora Rohitning tasviri va u kishi shaxsiga oid tafsilotlar e‘lon qilinadi.

O‘zTV suhandoni hali ustidan mahkama hukmi bo‘lmagan shaxsni “zinokorlik”¸ “qo‘shmachilik”, “mehmonxonani islovotga aylantirish” kabi “gunoh”larda ayblaydi.

Ozodlik muxbiri “Park Turon” va "Dedeman Silk Road" mehmonxonalari xodimlari bilan mikrofonsiz suhbatlashganida bu tasvirlarning bir necha oy oldin suratga olingani oydinlashdi.

“Park Turon” mehmonxonasi mulozimining aytishicha¸ efirga uzatilmagan ko‘rsatuvning ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgani raqobatchilar ishidir:

- Bizga hasad qilganlar tarqatyapti bu videoni. Bu tasvirlar ancha oldin suratga olingan edi. Biz bundan xulosa qilib, fohishabozlik masalasini ancha chekladik. Aybdorlar ishdan bo‘shatildi. Mehmonxonaning egasi ham almashdi,- deydi suhbatdosh.

Shaxs huquqlarining kamsitilishi


Toshkent mehmonxonalarini islovotxonaga tenglashtirgan videoni tomosha qilgan toshkentlik 47 yashar huquqshunos Murod Hakimov bu ko‘rsatuv insonlarning shaxsiy hayotiga oid huquqlarini kamsitadi, degan fikrni aytadi.

- Odamlarning shaxsiy hayotiga bu qadar aralashish O‘zbekiston qonunlariga ko‘ra ham mumkin emas. Oddiy odamlardan izn olmasdan tasvirga tushirish¸ ularning ismi sharifi va boshqa ma‘lumotlarini aytib, izza qilish mumkin emas. Bu shaxs huquqlarining kamsitilishidir. Buni hatto zulm desak ham bo‘ladi. Televideniye bundan ko‘ra boshqa dolzarb muammolarni tanqid qilsa, yaxshi bo‘lar edi. Masalan, ko‘rsatuvda koreyalik bankir izza qilingan. Ana shundan keyin bizga kim ham sarmoya olib keladi¸ turistlar ham kelishga qo‘rqib qoladi¸- deydi huquqshunos Murod Hakimov Ozodlik bilan suhbatda.
XS
SM
MD
LG