Линклар

Samarqand Ijtimoiy iqtisodiyot kolleji o‘quvchilari guruhi nomidan Ozodlikka yo‘llangan maktubda o‘quvchilar o‘qituvchilar o‘rniga paxta tergani aytildi. Aynan shu kollej ma‘muriyati paxta terimi avvalida o‘quvchilardan dalaga chiqishga majburlovchi tilxat yozdirib olgani matbuotga oshkor bo‘lgach, mahalliy rahbariyat bu kollej o‘quvchilarini paxtaga chiqarmayotgan edi.

Samarqand Ijtimoiy iqtisodiyot kolleji o‘quvchi va o‘qituvchilari guruhidan Ozodlikka kelib tushgan murojaatda kollejning birinchi kurs talabalari paxtaga chiqmagan o‘qituvchi va yuqori kurs o‘quvchilari o‘rniga terimga chiqarilgani aytildi.

Ushbu kollej o‘quvchilaridan birining Ozodlikka ismi sir qolishi sharti bilan so‘zlagan qarindoshiga ko‘ra, birinchi kurs talabalari ikki yakshanba ketma-ket bir kunlik paxta terimiga chiqarilgan.

- O‘zi o‘qituvchilar 10 kunlikka chiqishyapti, keyin bir kunlikka chiqyapti. Shular 10-15-20 ming berib paxtadan qolgandan keyin, ularning o‘rniga odam sonini to‘ldirish uchun bolalarni chiqarishdi, bir kunlikka,- dedi Samarqand Ijtimoiy iqtisodiyot kolleji o‘quvchisining ismini oshkor qilmasligimizni so‘ragan qarindoshi edi.

Aslida kollej o‘quvchilarining paxta terimiga chiqarilayotgani yangilik emas. Samarqand shahrining o‘zida ham aksar kollej o‘quvchilari nafaqat bir kunga, balki yotoqqa paxta terimiga olib chiqilgani ma‘lum.

Ammo aynan Samarqand Ijtimoiy iqtisodiyot kolleji o‘quvchilari bu yil paxta terimiga olib chiqilmadi.

Paxta terimi avvalida shu kollej o‘quvchilari rahbariyat ularni paxta terimiga majburlovchi tilxat yozdirayotganini xabar qilgan va tilxat nusxasini Ozodlikka yo‘llagan edi.

Kollej rahbari nomiga bitilgan bu tilxatda, jumladan shunday yozilgan edi:

“Men¸ ...¸ guruh talabasi Respublikamizning milliy boyligi bo‘lgan paxta yig‘im-terimiga qatnashib, vatanim, xalqim, ota-onam oldidagi burchimni sidqidildan bajaraman. Texnika xavfsizligi qoidalariga to‘liq rioya qilaman. Agar men yuqorida ko‘rsatilgan so‘zimning ustidan chiqmasam, kursdan-kursga qoldirish hamda qonunda ko‘rsatilgan barcha choralarni qo‘llanishiga roziman. Imzo”.

Ozodlik muxbirining murojaatiga javoban esa ayni kollej ma‘muriyati bunday tilxat yozdirilayotganini tasdiqlagan edi.

Ushbu kollej o‘quvchilaridan birining Ozodlikka ismi sir qolishi sharti bilan bu haqda ma‘lumot bergan qarindoshiga ko‘ra, ana shu xabar ortidan Samarqand viloyat hokimligi vakillari kollejga borgan va o‘quvchilarni paxtaga chiqarmaslikni tayinlagan.

- Men shunday, deb o‘ylayman. Keyin o‘qituvchilardan ham eshitdimki, o‘sha xabar chiqib ketgandan keyin hokimiyatdagilar bular paxtaga chiqmasin, degan. Chiqmayotgan edi bu kollej, yana 2 ta kollej Samarqandda paxtaga chiqarilmadi. Qolganlari hammasi chiqarilgan, - dedi bu suhbatdosh.

Ammo, ismi sir qolishi sharti bilan Ozodlikka so‘zlagan bu samarqandlikning so‘zlariga ko‘ra, paxta terimi o‘rtalariga borib kollej ma‘muriyati viloyat hokimligi shartini bajarish qiyinlashib qolgan.

Ozodlikka kelib tushgan bu murojaat ortidan yana bir bor bog‘langan Ozodlik muxbiriga javoban kollej ma‘muriyat xodimidan: “Paxta tugagan, o‘quvchilar darsda, boshqa gapni direktorimizdan oling”, degan javobni oldi.

Ozodlik muxbiri kollej o‘quvchilari yo‘llagan maktubda birinchi kurs talabalarini paxtaga olib chiqqani aytilgan o‘qituvchiga ham bog‘landi.

O‘qituvchi o‘quvchilarining paxtaga chiqarilganiga oid iddaolarni to‘liq rad qildi.

“Bizda dars bo‘layapti, hech qanaqa paxta yo‘q” dedi Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda ma‘murlaridan biri.

Aslida talabalardan paxta terimiga chiqishga majburlovchi tilxat olish amaliyoti birgina Samarqand Ijtimoiy iqtisodiyot kollejida emas¸ balki viloyatdagi boshqa kollejlarda ham kuzatilgan edi.

Samarqanddagi suhbatdoshning Ozodlikka aytishicha, hokimlik avvaliga kollejlarning 2-3 kurslarini paxtaga yo‘llagan va birinchi kurslarni darsda qoldirgan.

Ammo shu kunga kelib birinchi kurslarni ham paxtaga yo‘llashga majbur qilgan kollejlar borligi aytildi.

- Samarqanddagi ikkita medkollej - Siyob tibbiyot kolleji va Suzangaron tibbiyot kollejlari birinchi kurslari paxtaga olib chiqilyapti hozir. O‘qishdan haydasalsan, deganidan qo‘rqib chiqyapti. Katta kurslari esa 300 dollap terib paxtadan qolayapti. Ko‘pi bilan 30 foizi pul berib qolsa, odam soni kamyadimi?! Shuning o‘rniga birinchi kurslarni chiqarib, kamomadni to‘ldirishayapti. Bo‘lmasa, viloyat bo‘yicha birinchi kursdagi bolalar paxtaga chiqarilmaydi, deyishgandi, - deydi samarqandlik suhbatdosh.

Xalqaro huquq tashkilotlari guruhlari bosimi ostida 2011-2012 yillar davomida O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi paxta mavsumida bolalar mehnatidan foydalanishdan voz kechishga urindi.

Shuningdek, O‘zbekiston o‘z zimmasiga olgan xalqaro majburiyatlarga muvofiq¸ 18 yoshgacha bo‘lgan o‘quvchilarning mehnatga majburlanishi taqiqlangan.

Ammo shunga qaramasdan aksar viloyatlarda bu yil ham O‘zbekistondagi kasb-hunar kollejlarining 15-16 yoshdan 17-18 yoshgacha bo‘lgan o‘quvchilari paxta terimiga olib chiqilmoqda.
XS
SM
MD
LG