Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 23:50

Suriyadagi 150 nafar qozoq jangarisi ijtimoiy tarmoqni larzaga soldi


Internetdagi YouTube portaliga qo‘yilgan “Suriyadagi jihodga yo‘llangan 150 qozoq” lavhasi markaziy osiyolik internet mushtariylarining qaynoq munozarasiga bois bo‘ldi. Lavha keyinroq portaldan olib tashlanganiga qaramasdan Suriyadagi qozoq jihodchilar haqidagi bahs yakuniga yetmadi.

Qozoq va rus tilidagi intervьyulardan tashkil topgan va arabcha subtitrlar ilingan video 15 oktabr kunidan to 21 oktyabrga qadar Internetda namoyish qilindi.

21 oktabr kuni “Tajovuzni targ‘ib qilgani uchun” portal ma‘muriyati tarafidan olib tashlangan 20 daqiqalik videotasvirda 150 kishidan iborat musulmon oilasining Suriyada Bashar Assad rejimiga qarshi jihodga yo‘l olgani aks etgan.

Besh kun mobaynida videotasvirni 9 ming kishi tomosha qildi.

Video muqaddimasida yetti-sakkiz yoshlar chamasi 20 chog‘li bolaning hovlida yurgani aks etadi.

Tasvirdagi qiz va o‘g‘il bolalar Qur‘on suralarini tilovat qilishadi. Qizlarning aksari hijob va niqobda yurgani tasvirlanadi.

Bolalardan biri qozoq tilida o‘lan aytadi:

Mana zamon o‘zgardi¸
Ot chiqaradigan kez keldi.
Yuraklarda imon uyg‘ondi.
Nayza qonga bulg‘andi.
Bizlar chiqdik¸ mana biz.
Maqsad qilib armonni.


Bu o‘lan aytilganidan keyin tasvirda jismoniy harbiy mashqlar bajarayotgan bolalar ko‘rinadi.

“Jihod”¸ “Shahid” va “Olloh amri”


Videoda oq libos kiygan besh nafar katta yoshdagi erkak qozoq tilida va‘z qiladi:

- Biz jihod niyatida hijrat qilib Shom o‘lkasiga keldik. Olloh amriga ko‘ra¸ jihod Islomning eng buyuk cho‘qqisidir. Qur‘onda mujohidlar va ularga beriladigan ajru-mukofotdan so‘z boradi¸- deganidan keyin voiz Qur‘ondan oyatlar o‘qiydi.

Ana shundan keyin ola-bula harbiy nimcha kiygan yigit rus tilida nutq irod qiladi. Yigit har bir musulmon uchun Olloh farz qilgan jihodning muhimligini gapiradi.

Ikki qavatli oq bino oldida bir-birlari bilan quchoqlashib ko‘rishayotgan sersoqol va qurollangan erkaklar ham videotasvirda aks etadi.

Arab tilidagi subtitrlarda Sayfiddin al-Qozoq deya ismi keltirilgan odamga nisbat berilgan¸ "jihod bu farzdir", degan jumla keltiriladi.

Keyingi tasvirda esa “Birodarlarni jannatga chorlagan” sersoqol erkak so‘z oladi.

Barcha so‘z olganlar “Olloh yo‘lida shahid bo‘lishga“ va‘da berishadi.

Video oxirida 30ga yaqin erkak kishi tunda uy oldida chordona qurib o‘tirishibdi. Ulardan biri qo‘lidagi Kalashnikov avtomatini ko‘tarib gapiradi:

- Alhamdulilloh. Bunday qurol bilan arab birodarlarimizni himoya qila olamiz¸- deydi videotasvir qahramoni.

Videoda shaharni vayron qilayotgan bomba hujumlari tasviri ham mavjud.

Ozodlik videotasvirda aks etganlarning shaxsini aniqlay olmadi.

Ma‘lumotlarga ko‘ra¸ Suriyada Markaziy Osiyodan borgan jangarilarning guruhlari mavjud.

Ozodlik muxbiri tasarrufidagi ma‘lumotlarga ko‘ra¸ Suriyada o‘zbek jangarilarning kamida 50 kishilik guruhi “Jabhat An-Nusra” guruhi safida Assad rejimiga qarshi kurashmoqda.

“Jabhat An-Nusra” guruhida jang qilgan namanganlik bir yigitning Suriyada oyog‘idan yaralanib Turkiyadagi kasalxonada davolanayotgani haqida Ozodlik muxbirida ma‘lumot mavjud.

YouTube saytidan olib tashlanganidan so'ng Suriyaga borgan qozog'istonliklar haqidagi video LiveLeak saytida paydo bo'ldi:

XS
SM
MD
LG