Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 17:42

Gulnora Karimova Art Week Style.uz ochilishiga keldi, lekin telekanallari efirga qaytmadi


O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi uyushtiradigan Art Week Style.uz san‘at haftaligidan oldingi tadbirlarda Gulnora Karimovaning o‘zi ko‘ringani yo‘q. Unga qarashli ekani aytiladigan bir nechta telekanal ham ikki kundan buyon o‘z ko‘rsatuvlarini efirga uzatmayapti.

Forum TV, TV-Markaz, NTT va SOFTS telekanallari efirdan olib tashlanishi O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova boshchiligida Toshkentda san‘at haftaligi o‘tkazilayotgan paytga to‘g‘ri keldi.

Gulnora Karimovaning o‘zi Twitter sahifasi orqali bu hodisaga ishora qiluvchi yozuvni qoldirdi.



"Men yo‘qolganim yo‘q, meni yo‘qotishmoqchi! Behuda!!!))))", deb yozdi Gulnora Karimova.

Ko‘ngilochar telekanallar orqali asosan Gulnora Karimova homiyligida o‘tkaziladigan tadbirlar, uning qo‘shiqlariga olingan kliplarni namoyish qilar edi.

Ikki kundan beri esa, bu kanallar o‘rniga Eurosport, Planet A, Sport 1 va TV1000 telekanallari ulab qo‘yilgani aytilmoqda.

Gulnora Karimova nazorat qiladigan telekanallar u boshchilik qiladigan Fond Forum jamg‘armasining Art Week Style.uz san‘at haftaligi o‘tayotgan paytda efirdan olib tashlangani ko‘pchilik diqqatini tortmoqda.


Gulnora Art Week Style.uz-da ham ko‘rinish bergani yo‘q


Boz ustiga Art Week Style.uz tadbirlarini shaxsan ochib beradigan Gulnora Karimovaning o‘zi san‘at haftaligi doirasidagi ilk tadbirlarda ko‘rinmagani qiziq. San‘at haftaligi va Fond Forum Internet saytlarida tadbirga doir reportaj va fotosuratlarning birortasida Gulnora Karimova ko‘rinmaydi.

Har yili o‘tkaziladigan san‘at festivali doirasida o‘tkaziladigan har bir tadbir to‘g‘risidagi reportajlarga odatda Gulnora Karimovaning u yoki bu yulduz bilan tushgan rasmlari ilova qilinar edi.

Bu safar esa Art Week Style.uz festivaliga tashrif buyurgan frantsuz qo‘shiqchisi Lara Fabian yoki rossiyalik mashhur skripkachi Yuriy Bashmetga "O‘zbekiston malikasi" bilan suratga tushish nasib qilmadi.

Fond Forum jamg‘armasining o‘zini tanishtirmagan mutasaddisi Ozodlik muxbiri bilan telefon suhbatida, Gulnora Karimova san‘at haftaligi tadbirlarida qatnashyaptimi, degan savoliga "bunday ma‘lumotga ega emasman", deya javob berdi.

Odatda Gulnora Karimova bilan bog‘liq har qanday hodisani qalin yoritib boradigan sayyod.com va shov-shuv.uz saytlarida ham Art Week Style.uz tadbirlariga oid xabarlar seshanba kuni kechqurunga borib paydo bo‘ldi.

Shov-shuv.uz sayti muharriri Jasur Hamroyev 22 oktyabr kuni kechqurun Art Week Style.uz ochilish marosimidan olingan suratlarni Facebook sahifasi orqali e‘lon qilib, "Gulnora Karimova shuncha qarama-qarshiliklarga (ta‘kid Ozodlikniki) qaramay baribir uddaladi", deya yozdi.

O‘zbekistonning birinchi oilasiga yaqin manbaning Ozodlik bilan o‘zaro suhbatda aytishicha, Gulnora Karimova shu kunlarda otasining qahriga uchragani haqida gap-so‘zlar paydo bo‘lgan. Bunga esa Gulnora Karimovaning so‘nggi haftalarda ijtimoiy tarmoqlar orqali qilgan chiqishlari sabab bo‘lgan.

Manbaning aytishicha, keyingi bir-ikki oy ichida Gulnora ustida qora bulutlar paydo bo‘lgani bois uning atrofidagi odamlardan bir necha nufuzli kishi mamlakatni tark etgan.

"O‘tgan oyda Gulnora Karimova AQShga viza olib, Nьyu Yorkka safar qilishni ko‘zlab turgan edi, lekin uni mamlakatdan chiqarishmadi", deya qo‘shimcha qildi suhbatdoshimiz.

Birinchi oila ichida konflikt avj olmoqda...mi?


Gulnora Karimovning jamoatchilik nigohidan yo‘qolib qolgani va unga qarashli telekanllar efirdan olib tashlangani shu kunlarda Karimovlar oilasi ichida konflikt yuzaga kelganiga doir ishoratlar fonida ro‘y bermoqda.

Xususan, o‘tgan hafta O‘zbekiston prezidentining oila a‘zolaridan biri qamoqqa olingani haqida xabarlar paydo bo‘lishi ortidan Gulnora Karimova Instagram va Twitter orqali oila ichida mojaro avj olayotganiga ishora qiluvchi yozuvlarni qoldirdi.

Instagramdagi sahifasida Gulnora Karimova xolasi Tamara Sobirovaning 29 yoshli o‘g‘li Akbar Abdullayevning qamoqqa olinganini tasdiqlar ekan, oilaga doir ba‘zi sirlarni oshkor qildi: “Oilaning bir qismi (ota) “ta‘minlash” bilan¸ boshqa qismi esa uni yo‘qotish va afsungarlar ila do‘stlashish bilan ovora”, deb yozdi 16 oktyabr kuni prezidentning to‘ng‘ich qizi.

Gulnora Karimovaning Instagram sahifasidagi bu yozuv hozirda olib tashlangan.
Gulnora Karimovaning Instagram sahifasidagi bu yozuv hozirda olib tashlangan.
Instagram sahifasidagi yozuvlarda Gulnora Karimova xolavachchasining qamalishi singlisi Lola Karimova-Tillayeva bilan bog‘liq ekaniga ham shama qiladi. Go‘yo Akbar Abdullayev Lola homiylik qiladigan "Sen yolg‘iz emassan" jamg‘armasi otaliqqa olgan bolalar uyini ta‘mirdan o‘tkazish paytida talon-tarojga yo‘l qo‘ygani iddao qilinadi.

Undan keyin Gulnora Karimova yana Instagram sahifasida qoldirgan yozuvda ta‘mirdan o‘tkazilgan bolalar uyi peshtoqidan "Bismillohu Rahmonu Rahim" degan yozuv olib tashlanishi onasi Tatyana Karimova buyrug‘i bilan olib tashlanganini iddao qildi.

Hozirda bu va boshqa yozuvlar Gulnora Karimovaning Instagram sahifasidan bu va boshqa yozuvlar olib tashlangan.

Qizig‘i bu tortishuvlar o‘tgan oyda Lola Karimova-Tillayeva Bi-Bi-Si radiosiga bergan yozma intervyusida opasiga nisbatan tanqidiy fikrlar bildirishi ortidan paydo bo‘ldi.

Prezidentning kenjasi opasi Gulnora bilan 12 yildan beri aloqa qilmasligi, umuman uning hayoti va faoliyati bilan qiziqmasligi bildirilgan intervyu esa Yevropada Gulnora Karimova bilan bog‘liq jinoiy tergov davom etayotgan paytda paydo bo‘ldi.

Shvetsiya, Shveytsariya, Frantsiya va Latviyada davom etayotgan poraxo‘rlik va pul yuvishga doir jinoyat tergovlari doirasida nafaqat Gulnora Karimova, balki Lola Karimova-Tillayevaga qarashli bank hisob raqamlarining muzlatib qo‘yilgani aytiladi.

Bu tergov Shvetsiyaning TeliaSonera telekom shirkati O‘zbekistonga kirish uchun vositachi firmalar orqali Gulnora Karimovaga 350 million AQSh dollari miqdorida pora bergani va bu pullar Shveytsariya, Latviya va Frantsiyadagi bank va shirkatlar orqali yuvilganiga oid iddaolar bilan bog‘liq.

Prezident oilasiga yaqin Ozodlik manbasining aytishicha, "Lola otasiga opasi haqida ba‘zi gaplarni chaqib bergani Islom akaning jahlini chiqargan".

Shundan keyin, manbaning aytishicha, prezident Karimov "Gulnoraning tanobini tortib qo‘yish" haqida ko‘rsatma bergan.


Beeline muammosi ham Gulnora bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin


Telekanallarning yopilishidan tashqari, shu oyning boshrog‘ida O‘zbekistondagi yirik mobil operatori Beeline shirkatiga nisbatan tekshiruvlar boshlanganini ham, kuzatuvchilar Gulnora Karimovaga qarshi bosim, deb baholamoqda.

Ozodlik ixtiyoridagi hujjatlar Hollandiyaning VimpelCom Ltd. shirkatiga tegishli Beeline mobil operatori ham Gulnora Karimovaga aloqador tuzilmalar bilan oldi-berdi qilganiga ishora qiladi.

Gulnora Karimovaga yaqin manbadan olingan va grafologlar uning qo‘li bilan yozilganini xulosa qilingan hujjatda Beeline mobil shirkati bilan kelishish to‘g‘risida ko‘rsatma berilgan.

Ozodlik yollagan grafologlar bu dastxat Gulnora Karimovaga tegishli ekanini xulosa qilgan.
Ozodlik yollagan grafologlar bu dastxat Gulnora Karimovaga tegishli ekanini xulosa qilgan.
Beeline mobil operatori ham, Shvetsiyaning TeliaSonera shirkatiga qarashli Ucell operatori kabi Gulnora Karimovaning Fond Forum jamg‘armasi tadbirlariga homiylik qilib kelgan.

Darvoqe, 22 oktyabr kuni Toshkentda boshlangan Art Week Style.uz san‘at haftaligi homiylari orasida na Beeline, na Ucell shirkatlarini ko‘rish mumkin.


Telekanallar efirga qaytishi savol ostida


Telekanaldagi uzilish sababini o‘rganish maqsadida Ozodlik muxbiri TV-Markazga qo‘ng‘iroq qildik. Go‘shakni ko‘targan telekanal xodimi ko‘rsatuvlar efirga uzatilmayotganini quyidagicha izohladi:

- TV-Markaz bilan SOFTS da profilaktika bo‘layapti. Qolganlarini bilmayman, aka.

Ozodlik: Bu profilaktika qachongacha davom etadi?

- Uni bilmadim, aka. U yog‘ini qachon to‘g‘irlashadi – unisini bilmayman.

Ozodlik: Nima bo‘ldi o‘zi, qanaqa muammo bor?

- Bilmadim, aka. Texnika bo‘yicha bo‘lsa kerak-da. Qilishadi, to‘g‘irlab, yana yoqvorishadi-da, - dedi o‘zini TV-Markaz qo‘riqchilik xizmati xodimi deb tanishtirgan suhbatdoshimiz.

To‘rtta nodavlat telekanalida nima sabab profilaktika o‘tkazilayotganini Elektron ommaviy axborot vositalari mustaqil assotsiatsiyasi (EOAVMA) ofis-menejeri Ziyodaxon ham bilmas ekan. Ayni paytda suhbatdoshimiz telekanallarning texnik xodimlari bilan ham gaplashish imkonini yo‘qligini ta‘kidladi.

- Hozir bizda hamma o‘shaning ketidan yuribdi – vaqtlari yo‘q gaplashishga...

Ozodlik: Taxminan qachon yonib qolishi kerak?

- Bugun yonishi kerak, Xudo xohlasa...

Ozodlik: Nechchilarda?

- Soatini bilmadim, - dedi EOAVMA vakilasi Ziyodaxon.

Kechadan buyon profilaktika ishlari olib borilayotgan va nodavlat OAV maqomiga ega bu telekanallar O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ichi Gulnora Karimova boshchiligida o‘tkaziladigan turli tadbirlarni muntazam ravishda yoritib keladi.

Gulnora Karimova bilvosita nazorat qilishi aytiladigan bu telekanallarning yana o‘sha Karimova xonim rahbarligida faoliyat yurituvchi Fond Forum tomonidan VIII Art Week Style.uz san‘at haftaligi o‘tkazilayotgan kunlari efirga chiqmay qolishi ko‘pchilikda savollar paydo qilmoqda.
XS
SM
MD
LG