Линклар

Turkiyada islomiy qoidalarga uyg‘un sexshop ya‘ni jinsiy ehtiyojlar uchun zarur vositalarni onlayn tarzda sotadigan ilk "halol" do‘kon ochildi.

Islomiy sexshop tashkilotchisi 38 yashar Haluqmurod Damiral Ozodlik bilan suhbatda musulmonlarning jinsiy hayoti ehtiyojlarini qondirish maqsadida bunday do‘konni ochganini ta‘kidladi.

- Bu do‘konda pornografik yoki erotizm ashyolari yo‘q. Maqsadimiz dinimizga uyg‘undir. Islom dini seksga qarshi emaslini bilasiz. Musulmon juftliklarning seksdan lazzat olishi uchun dinimizda izn berilgan vositalar bilan savdo qilamiz¸- deydi suhbatdosh.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ bir hafta oldin Qurbon hayiti kuni ochilgan onlayn halol sexshopni tamsil qilgan saytni hozir kuniga 70 ming kishi ziyorat qilmoqda:

- Bu Hollandiyadagi halol sexshop ziyoratchilaridan ancha ko‘p. Bizdan oldin Hollandiyada dunyoda ilk halol sexshop ochilgan edi. Biz ikkinchi bo‘ldik. Xayrlarga vasila bo‘lsin¸ muvaffaqiyat yaxshi. Odatda uyalganidan sexshoplarga kirmaydigan musulmonlar ko‘ngillari rohat bo‘lib bizning onlayn do‘konimizni ziyorat qilmoqda. Sotishlarimiz ham yaxshi. Erkaklar va ayollar uchun orgazm (jinsiy lazzat) kremlari yaxshi sotilyapti¸- deydi Haluqmurod Damiral Ozodlik bilan suhbatda.

Turkiyada ilk halol sexshopga oid Internet saytida musulmonlarning jinsiy lazzat olishi haqida maqola va tavsiyalar ham berilgan.

“Islom - oral seks haqida”¸ ”Islomda sevishma odobi” kabi maqolalarda musulmon kishining jinsiy hayoti haqida hadis va shariatga asoslangan tavsiyalar berilgan.

Turkiyada seks ovunchoqlari sotadigan yuzlab do‘konlar mavjud. Shu o‘rinda halol sexshopning ulardan farqi nima degan savol tug‘iladi. Bu savolga javobni salomatlik markazida ishlab yurganimda izlay boshladim¸- deydi Islomiy sexshop tashkilotchisi 38 yashar Haluqmurod Damiral:

- Men oldin salomatlik markazida ishlar edim. Bir ayol tanishim menga murojaat qildi. Bu ayol farzand tuqqanidan keyin jinsiy befarqlikka yo‘liqqanini aytdi. Buni bartaraf qilish uchun malham so‘radi. Bunday malhamlar odatda sexshoplarda sotiladi. Bu ayol musulmon oiladan bo‘lgani bois sexshoplarga kirishdan uyalishini aytdi. Bu suhbatdan so‘ng menda musulmonlar uchun sexshop ochish g‘oyasi tug‘ildi. Oddiy bir musulmonning bemalol kirib savdo qilishi uchun sharoit yaratilgan¸ ichkarisida pornografik tasvirlar bo‘lmagan¸ Islomga zid bo‘lmagan bir do‘kon ochish istagi tug‘ildi. Do‘konni halol sexshop deb nomladimda Bismillo deb¸ ishni boshlab yubordim¸ deydi suhbatdosh.

Ozodlik: Siz ochgan onlayn do‘kon assortimenti haqida gapirsangiz. Nimalar bor? Falloimitator¸ yelim ma‘shuqa kabi o‘yinchoqlar bormi?

- Siz aytgan o‘yinchoqlar yo‘q bizda. Do‘konimizda prezervativ¸ homiladan saqlovchi dorilar¸ erkak va ayol orgazmini ta‘minlovchi malhamlar bor. Islom izn bergan narsalar. Jinsiy rohatsiz bo‘lgan har bir musulmon ola oladigan vositalar. Magazin assortimentida puflab shishiradigan ma‘shuqa qo‘g‘irchoq¸ erkak va ayollar masturbatsiyasi uchun mo‘ljallangan vibrator¸ falloimitator va boshqa moslamalar yo‘q bo‘lmaydi ham.

Ozodlik: Turkiya jamiyatida siz ochgan halol sexshop qanday qarshilandi? Muhofazakor qatlamlar tarafidan e‘tirozlar bo‘ldimi?

- Turkiya boshqa islom mamlakatlaridan farqli demokratik bir o‘lka. Oshkoralik va yangilkka ochiqlik ham bizga xos. Bizning islomni anglashimiz Saudiya yoki Pokistondagidan farqli. Biz demokratik bir jamiyatda islomiy hayot tarzini yashamoqdamiz. Shu o‘rinda Turkiya Islom dunyosining tabiiy lideridir. Halol sexshop ochganimizga musulmonlar tarafidan jiddiy bir e‘tiroz bo‘lmadi. Ammo so‘lchi va ateistlar bizni tanqid qilishdi. Ular bizni Islom nomidan foydalanib tijorat qilayotganlikda ayblashmoqda¸ deydi Turkiyadagi ilk islomiy seks do‘koni ochgan Haluqmurod Damiral.

Ayni paytda Turkiyada yuzlab sexshoplar mavjud. Markaziy Osiyodagi beshta davlatning uchtasida 1992 yildan beri sexshoplar faoliyat ko‘rsatib keladi. Turkmaniston va O‘zbekistonda sexshoplar faoliyatiga izn berilmaydi.
XS
SM
MD
LG