Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 19:53

Hukumat 40 sentnerchi fermerga benavbat mashina sotmoqchi


Nizomda belgilab qo‘yilishicha, ilg‘or fermerlar namunaviy uylardan birini ham benavbat sotib olishi mumkin.
Nizomda belgilab qo‘yilishicha, ilg‘or fermerlar namunaviy uylardan birini ham benavbat sotib olishi mumkin.
21 oktabr kuni O‘zbekistonda “Paxta xom ashyosini yetishtirishda yuqori hosildorlikka erishgan fermer xo‘jaliklarini rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risidagi nizom” kuchga kirdi.

Hujjatda belgilab qo‘yilishicha, kamida 20 gektar maydonda paxta ekib, gektaridan kamida 40 sentnerdan hosil olgan fermerlar ilg‘or fermer hisoblanadi va ularga Jeneral Motors - O‘zbekiston qo‘shma korxonasida ishlab chiqarilgan mashinalardan birini benavbat sotib olish hamda benavbat namunaviy uy sotib olish huquqi beriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jalik vazirligi, Moliya vazirligi hamda Iqtisodiyot vazirliklari hamkorlikda qabul qilgan Nizom talablari darajasida O‘zbekistonda paxta yetishtirish mumkinmi?

Bu savol javobini topish uchun olimga murojaat qildik.

“KazAgroInnovatsiya” aksionerlik jamiyati ilmiy xodimi, paxtashunos Amandik Kastakovdan olingan ma‘lumotlarga qaraganda, so‘nggi 10 yillikda Markaziy Osiyo mamlakatlarida paxtadan olingan hosilning o‘rtacha ko‘rsatkichi bunday bo‘lgan:

O‘zbekistonda 24,4 s/ga
Qozog‘istonda 23,2 s/ga
Turkmanistonda 13,0 s/ga
Tojikistonda 15,3 s/ga

Ko‘rinib turibdiki, paxta hosildorligi bilan bog‘liq vaziyat O‘zbekistonda qo‘shnilarinikiga nisbatan yaxshiroq. Olimning aytishicha, kolxozlar tarqatilgunicha, bu mamlakatdagi vaziyat yanada yaxshi bo‘lgan.

- Hozir O‘zbekistonda paxta hosildorligi tushib ketgan. Kolxoz-sovxozlar davrida paxta yetishtirishni tashkil qilish yengilroq kechar edi, endilikda esa, fermerlar o‘z holicha ishlamoqda, dedi paxtashunos olim Amandik Kastakov.

Olimning fikricha, gektaridan 40 sentnerdan hosil olish mumkin, "lekin bunday hosilni faqat almashlab ekiladigan maydonlarda, odatda bedadan keyin chigit ekilgan maydonda olsa bo‘ladi, qatorasiga har yili paxta ekiladigan dalalarda hosil katta mehnat evaziga 30 sentnerdan ortmaydi".

Namangan viloyati, Mingbuloq tumanida yashovchi Muxtorali qishloq xo‘jaligi mutaxassisi. Aytishicha, u keyingi yillarda o‘zi yashab turgan hududda biron bir fermerning gektaridan 40 sentnerdan hosil olganini eshitgan emas.

- O‘rtacha 20 sentnerdan olishayapti bizning joylarda, dedi Muxtorali.

Agar Muxtorali va boshqalar “har ikki fermerdan biri 40 sentnerdan hosil olayapti”, deydigan sharoit bo‘lganida edi, o‘rganayotganimiz “Paxta xom ashyosini yetishtirishda yuqori hosildorlikka erishgan fermer xo‘jaliklarini rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risidagi nizom”ni qabul qilishga ham hojat bo‘lmas edi.

Demak, 40 sentnerchilar juda oz va hukumat ularni ko‘paytirmoqchi.

Ko‘paytirish uchun hukumat fermerlarni namunaviy uylarni benavbat sotib olish bilan qiziqtirmoqchi.

Lekin o‘tkazganimiz muxtasar so‘rovdan namunaviy uylarga hech kim navbatga ham turgani yo‘qligi ma‘lum bo‘ldi.

Muxtorali o‘zi yashaydigan Mingbuloqda qurilayotgan namunaviy uylar to‘g‘risida gapirar ekan, "puli borlar olayapti, birov navbatda turganini eshitganim yo‘q", dedi.

O‘zini Hamroqul, deb tanishtirgan vrachning aytishicha, u yashaydigan Kattaqo‘rg‘on shahrida (Samarqand viloyati) ham “7-8 ta namunaviy uy qurilgan”.

- O‘sha uylarga aholida qiziqish bo‘ldimi?

- Yo‘q, yo‘q, hatto bizning bir vrachimizni ishga olish sharti sifatida o‘sha uylardan birini olishga majbur qilishgan, dedi kattaqo‘rg‘onlik vrach.

Quvasoylik (Farg‘ona viloyati) parrandachi fermer Ulug‘bekning savolimizga javobi bunday bo‘ldi:

- Quvasoyda ham namunaviy uylar qurilayaptimi?

- Ha, yo‘lning bo‘yida qurilyapti 30 – 40ta.

- Bemalolmi sotib olish?

- Bemalol, aka, axtarib ham yurishibdiyu kim oladi, deb.

Ismini aytmasligimizni so‘ragan qorako‘llik (Buxoro viloyati) fermer namunaviy uylarga oid savolimizga bunday javob berdi:

- Bizdan 10-12 kilometr uzoqlikda, raytsentrda qurilayapti, bizdan bitta fermer oldi, majburlashgani, bo‘yniga qo‘yishgani uchun oldi, dedi qorako‘llik fermer.

Mana shunday sharoitda, hukumat namunaviy uylardan birini ilg‘or fermerga benavbat sotmoqchi.

Nizomda belgilab qo‘yilishicha, kamida 20 gektar maydonda paxta ekib, gektaridan kamida 40 sentnerdan hosil olgan fermerlarga Jeneral Motors - O‘zbekiston qo‘shma korxonasida ishlab chiqarilgan mashinalardan birini benavbat sotib olish huquqi ham beriladi.

Lekin bu – fermer avtosalonga boradiyu pulini to‘lab mashinani minib ketaveradi, degani emas.

Nizom talablariga ko‘ra, bu ish uchun kamida 1 oy ketadi.

Ayni paytda Jeneral Motors - O‘zbekiston qo‘shma korxonasining Rossiyadagi dilerlaridan kuni kecha olingan ma‘lumotlarga qaraganda, O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan avtomashinalarning bu mamlakatdagi bozori kasodga uchragan va avtosalonlar narxlarni 20 foizgacha arzonlatishga majbur bo‘lmoqda.
XS
SM
MD
LG