Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 00:28

Samolyotda to‘polon ko‘targan o‘zbekistonlik yo‘lovchi jazolandi


“Uralskiye avialinii” shirkatining Krasnoyarskdan Namanganga uchgan samolyoti bortida bezorilik qilgan o‘zbekistonlik yo‘lovchini ekipaj a‘zolari militsiyaga berib yuborishga majbur bo‘lishdi.

Rossiyaning “Uralskiye avialinii” shirkati matbuot vakili Sergey Antonov Ozodlik bilan suhbatda U6-2863 Krasnoyarsk-Namangan reysi bo‘yicha uchadigan samolyotda 16 oktyabrь kuni ro‘y bergan hodisa haqida bularni bildirdi.

- Ekipaj a‘zolari o‘zboshimchalik bilan biznes-klass saloniga o‘tib olgan o‘zbek fuqarosini joyiga qaytirishga uringanida yo‘lovchi ularga nisbatan har xil beadab so‘zlar bilan qo‘pollik qilgan, ekipaj a‘zolarining millatini kamsituvchi gaplarni aytgan. Samolyot manziliga yetib kelishi bilan tartibbuzar O‘zbekiston militsiya xodimlari qo‘liga topshirildi,- deydi Sergey Antonov.

Namangan aeroportida bezorini huquqni himoya qilish organlari vakillari kutib olishgan.

Namangan aeroportining militsiya bo‘limi xodimlaridan biri tartibbuzar yo‘lovchi andijonlik Qayumjon Qodirov ismli shaxs bo‘lgani va eng kam oylik ish haqining uch barobari miqdorida jarimaga tortilganini aytdi.

- 2863 reysida janjal ko‘targan shaxs Qodirov Qayumjon, Andijon viloyati, Andijon shahridan. Styuardessa bilan nimadandir norozi bo‘lib, so‘kishgan ekan, urishgan ekan. Lekin, nimadan norozi bo‘lgani noma‘lum. Chunki tuzilgan aktlarni sudga chiqarib yuborishibdi. Sud uni 274590 so‘m, ya‘ni uch minimal oylik miqdorida jarimaga tortish haqida hukm chiqardi,- deydi Namangan aeroportining militsiya bo‘limi xodimi.

Rossiya va O‘zbekiston shaharlari orasida qatnaydigan uchqichilarda yo‘lovchilar styuardessalarga pora berib, biznes-klass salonidagi bo‘sh o‘rindiqlarga o‘tib olishlari odatiy holga aylanib ketgani aytiladi.

Rossiyada ishlaydigan o‘zbekistonlik Ixtiyor bunday holatlar, ayniqsa, kichkina aviashirkatlar uchqichlarida ko‘p uchrashini aytadi.

- Biznes-klass chiptalari narxi ekonom klass chiptalarinikiga qaraganda ikki baravar, ba‘zida uch baravar qimmat bo‘ladi. Ayrim yo‘lovchilar biznes-klassda bo‘sh o‘rin bo‘lsa, styuardessa bilan quloqlashib, o‘tib oladi,- deydi Ixtiyor.

Lekin, “Uralskiye avialinii” matbuot vakili Sergey Antonov bu iddaoni keskin rad etdi.

- Yo‘lovchi chiptada belgilangan o‘rindiqda o‘tirishi kerak. Qabul qilingan me‘yorlar bor va har bir yo‘lovchi samolyot bortida shu tartib intizom qoidalariga bo‘y sunishi kerak,- deydi Antonov.

O‘zbekistonlik yo‘lovchilar samolyotda janjal ko‘tarishi birinchi marta ro‘y berayotgani yo‘q.

Shu yil boshida Moskva-Samarqand yo‘nalishida parvoz qilgan samolyot bortida mast holda shovqin ko‘tarib, “Bagajdagi sumkamda bomba bor” deya tahdid qilgan Alisher Qurbonov ismli shaxs 3 yilga ozodlikdan mahrum etildi.

Rossiyada ikki yil ishlab, Moskva-Samarqand yo‘nalishida uyiga qaytayotgan payt Qurbonov samolyotda mast holatda to‘polon qilgan, uchuvchilar xonasiga kirmoqchi bo‘lgan. Ekipaj a‘zolari bunga yo‘l qo‘ymagach, bagajga topshirilgan sumkasida bomba joylashtirilgani va uni hoziroq ishga tushirishini aytib, tahdid qilgan edi.

Samolyot Samarqand aeroportiga qo‘nishi bilan Alisher Qurbonov huquq idoralari xodimlari tomonidan qo‘lga olingandi.

Sudda o‘ziga kelgan yo‘lovchi uchuvchi va yo‘lovchilarni shunchaki qo‘rqitmoqchi bo‘lganini tan olgan.

“Uralьskiye avialinii” matbuot vakili Sergey Antonov bu kabi xolatlar boshqa takrorlanmasligi uchun U6-2863 Krasnoyarsk-Namangan reysi ekipaj a‘zolari tartibbuzar yo‘lovchini militsiyaga berib, to‘g‘ri ish qilishganini aytdi.
XS
SM
MD
LG