Линклар

logo-print
O‘zbekistonlik tennischi Denis Istomin Shveytsariyaning Bazel shahrida o‘tayotgan "Swiss Indoors" xalqaro turnirining ikkinchi bosqichida taniqli tennischi Rojer Federerga mag‘lub bo‘ldi.

Chorshanba kuni o‘tgan uchrashuv uch set davom etdi va 4:6, 6:3, 6:2 hisobida mezbon tennischi foydasiga yakunlandi.

Bungacha 27 yoshli Istomin o‘zidan besh yosh katta bo‘lgan Federerga qarshi jami to‘rt marta kortga tushgan edi. Uchrashuvlarning barchasi shveytsariyalik tennischi g‘alabasi bilan yakunlangan.

ATP jahon reytingida 6-o‘rinda borayotgan Rojer Federer 17 marta Katta dubulg‘a turkumiga kiruvchi turnirlarda g‘alaba qozongan va uzoq vaqt davomida dunyoning birinchi raketkasi bo‘lib kelgan.

Sentyabr oyi boshida US Open turnirining to‘rtinchi bosqichigacha yetib borgan Denis Istomin ATP reytingida 85-pog‘onadan 47-pog‘onaga ko‘tarilib olgan edi. Ayni damda u 48-o‘rindan joy olgan.

Asosan Rossiyada istiqomat qiluvchi o‘zbekistonlik tennischiga uning onasi Klaudiya Istomina murabbiylik qiladi.

XS
SM
MD
LG