Линклар

Bu yil birinchi marta paxta mavsumi davrida O‘zbekistonga borib¸ bolalar va majburiy mehnat vaziyatini o‘rganishga izn olgan BMT qoshidagi Xalqaro mehnat tashkiloti kuzatuvchilari 5 noyabrga qadar mamlakatda bo‘ladi. Bu kuzatuvchilar uchrashayotgan talaba va o‘quvchilar esa¸ Ozodlik manbalariga ko‘ra¸ uchrashuvdan avval kuzatuvchilarga nima deyish borasida obdon “repetitsiya” qildirilmoqda.

Chorshanba kuni Ozodlikka farzandi Sirdaryo viloyatidagi Yangiyer qurilish va kommunal xo‘jaligi kasb-hunar kollejida o‘qiyotgan ota sim qoqdi. O‘z ism-sharifi aytilmasligi sharti bilan ushbu manba 22 oktabr kuni respublika rasmiylari hamrohligida xalqaro kuzatuvchilarning ushbu kollej o‘quvchilari bilan uchrashishi belgilanganini bildirdi.

Bu uchrashuv oldidan yaqinda bir oylik paxtadan qaytgan 15-16 yoshdagi 1-kurs o‘quvchilariga keladigan mehmonlarga nima deyish kerakligi maxsus yodlatilgan va obdon mashq qildirilgan¸ deydi Ozodlik manbasi:

- Qizim menga “domlamiz chaqirdi¸ komissiya kelarkan qayerdandir tekshirishga¸ shunga gap o‘rgatdi¸ shuning uchun chaqirgan ekan”¸ dedi. Bir-ikki kun darsga kelib turinglar¸ depti. Direktorning o‘zi kirib bolalarga gapirishni¸ so‘rasa nima deyishni o‘rgatibdi. Bolalar paxtadalik davrida ham bir o‘rgatuvdi bu bolachalarga. Bu gal ularga “paxtaga chiqmadik¸ o‘qidik.Sharoitimiz yaxshi. O‘qish joylarimiz issiq¸ qiynalmayapmiz”¸ deb aytasizlar¸ deb o‘rgatibdi¸ deydi farzandi Yangiyer qurilish va kommunal xo‘jaligi kasb-hunar kollejida o‘qiyotgan ota.

22 oktabr kuni Sirdaryo viloyatidagi o‘quvchi va talabalar bilan uchrashishga kelgan komissiyaning respublika rasmiylari hamrohlik qilayotgan Xalqaro mehnat tashkiloti kuzatuvchilari ekani taxmin qilinmoqda.

Zotan sentabr oyidan beri bu tashkilot kuzatuvchilari O‘zbekiston viloyatlari bo‘ylab monitoring o‘tkazmoqda va bolalar hamda majburiy mehnat vaziyatini tadqiq qilmoqda.

Tashkilotning Jenevadagi bosh qarorgohi rasmiylari¸ ayni kunlarda kuzatuvchilar guruhining O‘zbekistonda o‘z faoliyatini davom ettirayotganini ayta turib¸ hozircha monitoring natijalari yuzasidan matbuotga xabar berilmasligini bildirdi.

Ayni paytda XMT rasmiysi¸ kuzatuvchilarning o‘zlari uchrashayotgan o‘quvchi va talabalarning maxsus tayyorgarlikdan o‘tkazilayotgani va yolg‘on ma‘lumot berishga majburlanayotganidan xabardorligini bildirdi:

- Biz bu muammodan xabardormiz. Odamlar bizga Facebook va boshqa yo‘llar orqali bu haqda ma‘lumot yuborishayapti. Ammo mandatimizga ko‘ra¸ hozircha biz bu holatlar yuzasidan matbuotga izoh bera olmaymiz¸ dedi Xalqaro mehnat tashkilotining o‘zini tanishtirmagan bosh idorasi rasmiysi.

Aytilishicha¸ oktabr oyi oxirlarida xalqaro kuzatuvchilar guruhining Jenevaga qaytib¸ noyabrь o‘rtalariga qadar O‘zbekistondagi bolalar va majburiy mehnat vaziyatiga oid o‘z xulosalarini e‘lon qilishi kutilmoqda.

Rasmiy Toshkent xalqaro kuzatuvchilarni O‘zbekistonda 18 yoshgacha bo‘lgan o‘quvchilarning paxtaga chiqmayotganiga ishontirishga urinayotgan bo‘lsa-da¸ paxtaga majburan olib chiqilayotgan o‘quvchi-talabalar orasida ko‘payib borayotgan o‘lim holatlari asl vaziyatni namoyish qilmoqda.

Xususan¸ 21 oktabr kuni Xorazm viloyatining Urganch tumanidagi G‘alaba qishlog‘iga majburan yotoqlik paxta terimiga chiqarilgan 16 yashar Yo‘ldoshev Erkaboy Shuhratovich o‘lib qoldi.

Ozodlikning shu tumandagi manbasi bergan ma‘lumotga ko‘ra, Urganch Sanoat kasb-hunar kollejining 1-kursi o‘quvchisi paxta terib qaytgach, oqshom soat 10 larda jon bergan.

Ozodlik manbalariga ko‘ra¸ bu va majburan paxtaga haydalgan o‘quvchi-talabalar orasidagi boshqa o‘lim holatlari ham Xalqaro mehnat tashkiloti kuzatuvchilari diqqatiga yetkazilgan va ular hokimiyat tazyiqi ostida paxtaga chiqarilgan bu qurbonlar oilasi bilan bog‘lanish rejasida.

Ammo paxtaga soppa-sog‘ olib ketilib¸ 22 oktabr kuni jasadi qaytarilgan Erkaboyning oilasi¸ hozircha bunday kuzatuvchilardan darak bo‘lmaganini bildirdi:

- Hech kim kelmadi¸ yo‘q. Telefon qilishdi lekin. Biz ularga uyga keling¸ gaplashaylik¸ dedik¸ ammo hozircha hech kim kelmadi¸ deydi Erkaboyning motamsaro yaqinlaridan biri.

O‘zbekistondagi bolalar va majburiy mehnatga oid vaziyatni kuzatib kelayotgan mustaqil guruhlar¸ jamoatchilikni majburiy mehnat¸ ayniqsa¸ 18 yoshga to‘lmaganlarni paxtaga olib chiqish holatlari yuzasidan faktlarni oshkor qilishga chaqirmoqdalar. Bu haqda Ozodlik veb sahifasida e‘lon qilinayotgan ma‘lumot va faktlarning xalqaro kuzatuvchilar tomonidan sinchiklab o‘rganilayotgani aytilmoqda.

Bolalar va majburiy mehnatga oid barcha ma‘lumotlar¸ xususan¸ surat va videotasvirlarni Ozodlikka yo‘llang. Buning uchun OzodSkype, OzodlikOnline Skayp manzillari¸ shuningdek Ozodlikning WhatsAppdagi +420 724 971 539 raqamiga xabar yo‘llang!
XS
SM
MD
LG