Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 18:10

Samarqandda yirik tadbirkor va uning xotini o‘ldirildi


21 oktabr kuni Samarqand viloyati Samarqand tumanida yashovchi taniqli tadbirkor Shomurod Nurmamatov va uning rafiqasi o‘z uyida vahshiyona o‘ldirib ketildi. Qotillar mahalliy "oligarx"lardan biri sanalgan Nurmamatovning seyflaridagi pul va qimmatbaho narsalarni o‘g‘irlab ketishgan.

Voqea tafsilotlaridan xabardor manbaning aytishicha, Shomurod Nurmamatov pichoqlab o‘ldirilgan, uning xotini Gulzoda Mamirova esa sellofan xalta bilan bo‘g‘ib o‘ldirilgan.

44 yashar tadbirkor Shomurod Nurmamatov va uning rafiqasi 38 yashar Gulzoda Mamirovaning jasadi seshanba kuni ertalab uyidan topildi.

Samarqanddagi huquq-tartibot idoralaridan olingan ma‘lumotga ko‘ra, qotillik 21 oktyabrь kuni kechqurun sodir etilgan.

Hozirda qotillikning necha kishi tomonidan amalga oshirilgani ma‘lum emas.

Manba bergan ma‘lumotlarga ko‘ra, Nurmamatovning uyidagi barcha seyf ochilib, ichidagi narsalar o‘g‘irlangan. Shuningdek, uydagi barcha qimmatbaho narsalar ham o‘g‘irlab ketilgan.

Qotillik sodir etilgan kuni Nurmamatovning farzandlari Toshkentga ketgan bo‘lgan.

Samarqand tuman prokuraturasi Nurmamatov va uning rafiqasining vahshiyona o‘ldirilishi yuzasidan jinoyat ishi ochgan.

Ozodlik manbasiga ko‘ra, tergov-surishtiruv ishlariga tuman huquq-tartibot idoralaridan tashqari Samarqand viloyat prokuraturasi, Milliy xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar boshqarmasi xodimlari ham jalb qilingan.

“Samarqanddagi barcha kattalar oyoqqa turgan. Xabarlarga ko‘ra, Respublika MXXsi va Ichki ishlar vazirligidan ham xodimlar kelgan. Shomurod Nurmamatovning uyi Ichki ishlar bo‘limi xodimlari tomonidan qurshab olingan. Bugun ham uning uyi atrofidagi barcha ko‘chalar yopib qo‘yilgan. Barcha so‘roq qilinayapti. Ikki kundirki, Shomurod bilan xotinining jasadi qarindoshlariga berilmayapti”, deya xabar yo‘lladi Samarqanddagi manbamiz.

Marhum Nurmamatov tadbirkorlikning bir qancha yo‘nalishi bo‘yicha faoliyat ko‘rsatib kelgan.

Samarqanddagi Ozodlik manbasidan kelgan ma‘lumotda Shomurod Nurmamatovning oylik daromadi o‘rtacha 700 000 AQSh dollarini tashkil etishi yozilgan.

“Shomurod nafaqat tumanning, balki Samarqand viloyatining oldi boylaridan edi. Uning hisobida 30 dan ziyod yonilg‘i quyish shoxobchalari (shundan 10 tasi metan gaz shoxobchasi), 10ga yaqin to‘yxona, Samarqand-Juma yo‘nalishida qatnaydigan 20 ga yaqin GAZEL avtomashinasi, viloyatning turli nuqtalarida o‘nlab ko‘chmas mulk ob‘ektlari va uylari, o‘nga yaqin ishlab chiqarish sexlari mavjud edi”, deb yozdi manbamiz.

Ayni paytda Ozodlikda ushbu ma‘lumotlarni tekshirish imkoni yo‘q.

Ozodlik suhbatlashgan samarqandliklarning aytishicha, mahalliy boylardan sanalgan Nurmamatov qo‘li ochiq, sahovatpesha inson bo‘lgan. Jumladan, u o‘z mahallasida masjid qurib bergani aytilayapti.
XS
SM
MD
LG