Линклар

Frantsiyalik taniqli qo‘shiqchi Lara Fabian Toshkentda o‘tayotgan Art Week Style.uz san‘at haftaligi Gulnora Karmiovaga aloqador ekanidan xabar topishi ortidan O‘zbekistonga borish rejalaridan voz kechdi.

"Azizlar, men hozirgina ACAT tashkiloti e‘lon qilgan press-relizdan 26 oktabr kuni qo‘shiq kuylashim kerak bo‘lgan Toshkentdagi san‘at festivali O‘zbekiston prezidentining qizi tomonidan tashkil qilinganidan xabar topdim. Men darhol Sharq mamlakatlaridagi ma‘murlarimga maktub yo‘llab, bu vaziyatda u yerga bora olmasligim va shu sababdan safarimni bekor qilishimni bildirdim”, deyiladi Lara Fabian o‘zining Facebook va Twitter sahifalari orqali e‘lon qilgan bayonotida.

27 oktyabr kuni Toshkentda O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova mualliflik loyihasi bo‘lmish Art Week Style.uz san‘at haftaligining yopilishi marosimi o‘tkazilishi, unda taniqli estrada yulduzi Lara Fabian chiqish qilishi kutilayotgan edi.

Chorshanba kuni qarorgohi Frantsiyada joylashgan ACAT (Action des chrétiens pour l’abolition de la torture – “Qiynoqqa qarshi nasroniy faollar”) huquqni himoya qilish tashkiloti qo‘shiqchi Lara Fabianning Gulnora Karimova tomonidan uyushtirilgan festivalda ishtirok etish rejalarini qoralab chiqdi.

ACAT kommyunike tarqatib, dunyoga dong‘i ketgan xonandani Islom Karimovning “diktatorlik rejimiga vitrina bo‘lib xizmat qilmaslik”ka chaqirdi.

ACATning Osiyo bo‘limi rahbari Kristin Larok Ozodlik bilan suhbatda O‘zbekistonda inson huquqlari har kuni buzilayotgani va Fabianning u yerga borib diktatorning qizi huzurida qo‘shiq kuylashi ana shu rejim legitimligini ta‘minlaydi, deb aytdi.

“Lara Fabian O‘zbekistonga borar ekan, rejim siyosatini va inson huquqlarining buzilishini de-fakto qo‘llagan bo‘ladi”, deya bayonot berdi Kristin Larok.

Inson huquqlari tashkilotlarining qattiq tanqidlari ortidan Lara Fabian Toshkentda Gulnora Karimova tadbiri doirasida kontsert berishdan voz kechdi.

ACAT Lara Fabianning qarorini olqishladi

ACATning Osiyo bo‘limi rahbari Kristin Larok Ozodlik bilan suhbatda belgiyalik xonandaning Gulnora Karimova tadbirida qatnashishdan voz kechish qarorini olqishladi.

- ACAT qo‘shiqchining bu qarorini olqishlaydi. Kechagi press-relizimiz ortidan qo‘shiqchi O‘zbekistondagi qiynoqlar rejimidan o‘zini masofalagani va u yerdagi rejim uchun qo‘shiq kuylamaslik haqidagi qarori to‘g‘ri qarordir va o‘zbek rejimiga bu to‘g‘ri mujdani yo‘llaydi, deb ishonamiz, - dedi Kristin Larok.

Ayni paytda dunyoga mashhur qo‘shiqchi matbuotda “Lara Fabian O‘zbekiston rejimiga qo‘shiq kuylamoqda” qabilidagi xabarlar paydo bo‘lganidan ranjiganini ham qo‘shimcha qildi.

“Men butun faoliyatim davomida o‘z qarashlarimdan voz kechmaganman. Men haqimda inson huquqlarini hurmat qilmaydigan rejimni yoqlaydi, degan fikrlar paydo bo‘lganidan dahshatga tushdim”, deya yozdi Lara Fabian.

Qo‘shiqchi bayonotida shuningdek, “birinchidan, men bunday siyosatni yoqlamayman yoki bunday hukumatga xizmat qilmayman, ikkinchidan men aksincha, inson huquqlari buzilishidan aziyat chekayotgan oddiy insonlarga o‘z qo‘shiqlarim bilan taskin berish va dillarini biroz bo‘lsa-da xushnud qilish maqsadida kuylayman, shuning uchun bu tadbirda ishtirok etmayman”, deyiladi.

Lara Fabian YuNISEF jamg‘armasining bolalarni himoya qilish bo‘yicha faxriy raisasidir.

-O‘zbekistonda har yili bolalar paxta terimiga jalb etilishi hammaga ma‘lum. Bolalar paxta terishga majburlanayotgan bir kezda YuNISEF jamg‘armasining faxriy elchisi bo‘lgan Lara Fabianning bu mamlakatda kontsert berishi ikki yuzlamachilikdir. Lara Fabianning bolalar huquqlarini himoya qilish borasida olgan majburiyatlari qayerda qoldi, - deydi Kristin Larok.

Asli belgiyalik Lara Fabian Je T'aime ("Seni sevaman") qo‘shig‘i bilan o‘zbekistonliklarga tanish.

ACATning Osiyo bo‘limi rahbari Kristin Larokning aytishicha, Lara Fabian Toshkentda Gulnora Karimova huzurida qo‘shiq kuylash rejasidan qaytgan esa-da, noyabr oyida Belarus poytaxtida prezident Aleksandr Lukashenko tarafidan uyushtirilajak ziyofatda qatnashish niyatidan voz kechgani yo‘q.

Gulnora Karimova o‘z bazmlariga jahon yulduzlarini taklif qilishni odat qilgan.

Gulnora Karimovaning avvalgi xos ma‘rakalarini obod qilgan xorijlik Sting, Xulio Iglesias, Monserat Kabalye, Rod Styuart, Tarkan, Xose Karreras kabi san‘at yulduzlarining Toshkentga kelishi uchun ularning har biriga kamida 1 million yevrodan to‘langani aytiladi. Ularning ayrimlari keyinchalik xalqaro maydonda qattiq tanqidga uchragandi.

Stingning Toshkentda, Gulnora Karimova huzurida qo‘shiq aytgani haqidagi xabarlar Britaniya matbuotida paydo bo‘lgach, u bayonot berib, Islom Karimov va uning diktaturasi haqida, uning biqiq mustabidona tafakkuri haqida gapirgan edi.

Lara Fabianning Toshkentga kelishdan voz kechgani shu kunlarda shundoq ham qiyin ahvolda qolgani aytilayotgan Gulnora Karimovaga yana bir zarba bo‘ldi, demoqda kuzatuvchilar.

Шарҳларни кўрсатинг

XS
SM
MD
LG