Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 16:39

6 oy avval portlagan "Cho‘lquvar" gaz koni yana ishga tushirilmoqda


Qashqadaryo viloyatining Mirishkor tumanida joylashgan "Cho‘lquvar" konidan yana gaz kondensatini qazib olishga hozirlik ko‘rilmoqda. Ushbu konda burg‘ulovchi bo‘lib ishlaydigan muhandis O‘zbekistonning nisbatan yirik, boy zahiraga ega bo‘lgan bu kondagi portlash oqibatlarini bartaraf etish uchun ko‘p vaqt va mablag‘ sarf bo‘lganini aytdi.

Qashqadaryo viloyatidagi zahirasi katta va sifatli sanalgan "Cho‘lquvar" konida yana qazish ishlari boshlandi va tez orada undan yana gaz kondensati olishga umid qilinmoqda.

Bu konda shu yilning may oyi avvalida kuchli portlash sodir bo‘lgan va shundan so‘ng katta bosimda kelgan gaz oqimi so‘ndirilgan edi.

O‘shanda katta bosim bilan favvora kabi otilib chiqa boshlagan gaz yong‘ini balandligi 50-60 metrga yetgan edi.

Mustaqil manbalar portlash vaqtida konda bo‘lgan ishchilar jarohatlangani haqida xabar qilgan, rasmiylar esa jarohatlangan va nobud bo‘lganlar haqidagi xabarlarni inkor qilingan edi.

Ozodlikka bog‘langan konchilardan birining aytishicha, u portlash sodir bo‘lgan kuni kondan 3 kilometr uzoqlikdagi ish joyida bo‘lgan va portlashning qanday sodir bo‘lganini ko‘rgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu haqiqatda kuchli portlash bo‘lgan va shu bois uning oqibatlarini bartaraf etish uchun qariyb 6 oy vaqt ketgan.

- Men 3 kilometr uzoqlikda edim. Yong‘in bizgacha ko‘ringanda. Biz Mirishkordan Nishonga uyga qaytganimizda ham olov ko‘rinib turgan. Shunaqa qattiq bo‘lgan portlash. Sababi endi, konni ustiga quyiladigan rastvorni texnigimiz yengil tashlab qo‘ygan bo‘lganda. Keyin gaz bosim bilan kelib, krishkani ko‘tarvorgan. Shundan portlash bo‘lgan, - dedi 6 oy avvalgi hodisani xotirlagan konchi.

Konchining so‘zlariga ko‘ra, hozir chuqurligi 3 ming 600 metrga yetgan konda qazish ishlari borayapti. Lekin hali gaz kelgani yo‘q.

- Truba 3 ming 600 metrgacha tushadi. Qazishyapti hozir. 2-3 hafta uzog‘i bilan bir oy ichida gaz kondensat yana chiqishni boshladi, deb turibmiz. Hozir kon qazib olishga tayyor,- dedi ismi sir qolishi sharti bilan Ozodlikka so‘zlagan konchi.

Ozodlik muxbiri bu konga mutasaddi bo‘lgan "O‘zbekneftgaz" xoldingi va "O‘zgeoburneftgaz" aktsiyadorlik shirkatidan bu borada biror ma‘lumot olishga muvaffaq bo‘lmadi.

"Cho‘lquvar" gaz koni 2008 yilda ochilgan va 2010 yilda undan sifati toza ekani aytilgan gaz kondsetini qazib olish ishlari boshlangan edi.

"O‘zgeoburneftgaz" aktsiyadorlik shirkati rahbariyati zamonaviy burg‘ulash uskunlari bilan jihozlangan Cho‘lquvar konini o‘shanda katta sarmoyalar evaziga ochilgan Sechanpul, Ko‘kdumaloq, Garmiston kabi konlar orasidagi eng boy zahira, deb topgan edi.

3 ming - 3 ming 600 metr chuqurlikdan qazib olina boshlagan gaz kondsensati Muborak neftni qayta ishlash zavodiga yetkazib berilgan.

Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, hozir O‘zbekistonda 188 ta gaz hamda gaz kondsensati zahirasi aniqlangan va ulardan 60 taga yaqinidan xomashyo qazib olinmoqda.
XS
SM
MD
LG