Линклар

O‘zbekistonning futbol bo‘yicha o'smirlar terma jamoasi (U-17) bugun, 28 oktabr kuni o‘smirlar Jahon chempionatining nimchorak finalida Gonduras o'smirlariga qarshi maydonga tushadi.

Birlashgan Arab Amirliklarining Sharja shahrida o'tadigan o'yin Toshkent vaqti bilan soat 21:00da boshlanadi. Uchrashuvni chexiyalik hakamlar jamoasi boshqarib boradi.

O'zbekiston jamoasi bosh murabbiyi Dilshod Nuraliyev yakshanba kuni o'tkazilgan o'yinoldi matbuot anjumanida markaziy amerikalik raqibga qarshi o'yin qiziqarli bo'lishini aytib o'tdi.

- Biz raqibimizning o‘yinini o‘rganib chiqdik... Gonduras guruh bosqichidagi uchta o‘yinda uch xil taktik sxemalarda o‘ynashgani e‘tiborimizni tortdi. Ularning safida bir qancha mahoratli futbolchilar bor... Ertaga bizni juda qiziq o‘yin kutib turibdi, - dedi Nuraliyev.

Eslatamiz, o‘zbekistonlik yoshlar guruh bosqichidagi 3 o‘yinda 7 ochko to‘plagan holda “C” guruhida ikkinchi o‘rinni egallab, nimchorak finaliga yo'llanmani qo'lga kiritishgan edi. Guruhdagi birinchi o‘rinni 7 ochko to‘plagan, biroq gollar nisbati bo‘yicha oldinda bo‘lgan Marokash jamoasi egallagan.

O'yinlar statistikasiga ko'ra, ayni damda O'zbekiston o'smirlar terma jamoasi BAAda o'tayotgan o'smirlar Jahon chempionatida hozircha mag'lubiyatga uchramagan sakkiz jamoadan biri bo'lib turibdi.

Shuningdek, Nuraliyev jamoasi uch o'yinda atigi bir gol o'tkazib, chempionatdagi eng yaxshi himoyani ko'rsatmoqda.

28 oktabr kuni Italiya-Meksika, Yaponiya-Shvetsiya, Braziliya-Rossiya nimchorak juftliklari uchrashuvlari ham bo'lib o'tadi.

Agar o'zbekistonlik o'smirlar Gondurasga qarshi o'yinda g'alaba qozonsa, 1 noyabr kuni o'tadigan chorak final uchrashuvida Yaponiya-Shvetsiya juftligi g'olibi bilan bellshadi.
XS
SM
MD
LG