Линклар

logo-print
Shu yilning 25 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Adham Ikromov O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining 28 nafar a‘zosini Hukumat uyiga chaqirib, joylarda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishini yoritishni buyurdi.

Yozuvchilar uyushmasi vakiliga ko‘ra, Bosh vazir o‘rinbosari A. Ikromov bilan uchrashuvda uyushma raisi, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Ali boshchiligidagi 18 nafar yozuvchi va 10 nafar shoir asosan paxta terimida ishtirok etayotgan hasharchilar, ularga yaratilgan sharoit, qishloq joylarida namunaviy uylar qurilishi hamda qishloq aholisining farovonligi xususida publitsistik maqolalar tayyorlashga safarbar qilingan.

- Xalqaro internet tarmog‘i va xorijiy matbuotda kishilarning majburiy mehnatga jalb qilinayotgani xususidagi provokatsion materiallar chop qilinmoqda. Holbuki, butun dunyo Prezidentimiz boshchiligida qishloq joylarida amalga oshirilayotgan islohotlarni ko‘rishi va, eng muhimi, mazkur harakatlarning bunyodkor xalqimiz tomonidan amalga oshirilayotganiga amin bo‘lishi lozim, - degan mazmunda gapirdi Bosh vazir o‘rinbosari A. Ikromov rus tilidagi chiqishida.

- Hukumat vakilining o‘zbek tilini bilmasligi avvaliga ijodkorlarni taajjubga soldi, lekin topshiriq konkret bo‘lgani, mavzular taqsimlangani uchun ortiqcha muhokama bo‘lmadi. 26 oktyabr kuni ijodkorlarning bir guruhi Muhammad Ali boshchiligida Andijonga, yana bir guruhi Qashqadaryoga yo‘l oldi, - dedi Yozuvchilar uyushmasi qoshidagi “Adib” nashriyoti vakili.

Qishloqqa safarbar qilingan ijodkorlarning publitsistik maqolalari Prezident devoni nazoratidan so‘ng keyingi haftadan boshlab, mahalliy gazetalar, media vositalar orqali jamoatchilikka yetkazilishi kutilmoqda. Ularning ayrimlari internet saytlari orqali ham tarqatilishi ko‘zda tutilgan.
XS
SM
MD
LG