Линклар

MXX qiynoqqa solgan shaxs og‘ir ahvolda reanimatsiyaga tushdi


WhatsApp orqali Ozodlikka yo‘llangan bu surat qiynoqqa solingan A. Akbarovga tegishli ekani aytildi.

WhatsApp orqali Ozodlikka yo‘llangan bu surat qiynoqqa solingan A. Akbarovga tegishli ekani aytildi.

O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmatining Toshkentdagi idoralaridan biri yerto‘lasida qiynoqqa solingani aytilgan 57 yashar Atham Akbarov shu kunlarda poytaxtdagi 7-sonli klinik shifoxonada og‘ir ahvolda qolmoqda. Ozodlikka ishonchli manbalar orqali berilgan xabarda Akbarovning "giyohvandlik moddalarini tarqatishda ayblangan"i aytildi.

1956 yilda tug‘ilgan Atham Akbarov shu kunlarda og‘ir ahvolda Toshkent shahridagi 7-sonli shifoxonaning reanimatsiya bo‘limida qolmoqda.

Ozodlikning ushbu shifoxonadagi ishonchli manbasidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, "57 yashar bemor Akbarov Atham O‘roqovich og‘ir tan jarohatlari bilan shifoxonaga kelib tushgan".

"Hamma spetsialistlar ko‘rib chiqqan, bu kishida aralash jarohat: bosh miya yopiq jarohati, bosh miya chayqalishi, ko‘krak qafasi va ikki tomondan qovurg‘alar singan. Gematorakslar ( O‘pka pardasiga qon to‘planishi - Tahr.) yo‘q, nafas olishi yaxshi, qorin tinch. Lekin hozircha entsefalopatiya (Miya jarohati - Tahr.) alomatlari bor, hali savol-javobga tayyor emas", dedi shifoxonadagi Ozodlik manbasi.

Undan olingan ma‘lumotga ko‘ra, bemor bosh miyasidan olgan og‘ir jarohat bois hozircha aqli-hushiga to‘liq qaytgan emas.

Bu "aralash tan jarohatlari", shifokorlarning yakdil xulosasi bo‘yicha, odatan og‘ir kaltaklanish oqibatida olinadigan jarohatlardir.

Shifoxonaga og‘ir ahvolda olib kelingan bemor Akbarov Atham O‘roqovichning kaltaklanganini e‘tirof etayotgan shifokorlar buni uning kasallik varaqasida qayd etmagani aytilmoqda.

Ozodlik manbasiga ko‘ra, kaltaklangan bemorni O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati xodimlari shifoxonaga olib kelgani va bunga oid ko‘rsatma bo‘lgani bois uning kaltaklangani rasmiy hujjatlarda qayd etilmagan.

"Bu bemorning varaqasiga zinadan yiqilib tushgan, deb yozilgan. Uning yoniga hech kim qo‘yilayotgani yo‘q, yaqinlari ham kelgani yo‘q", dedi Ozodlik manbasi.

57 yashar Akbarov Atham O‘roqovichning qo‘lga olinganini o‘rgangan Ozodlikning yana bir manbasiga ko‘ra, bu shaxs shu yilning 26 oktyabrь kuni MXX tomonidan hibsga olingan.

"Bemor Akbarov Atham O‘roqovich 1956 yilda tug‘ilgan. SNB podvolida 25 oktyabrda narkotik moddalarni tarkatishda gumoni bilan kaltaklangan. Bemor MXX xodimlari tomonidan kaltaklangandan sung 7 shahar klinik shifoxonasi reanimatsiya bo‘limiga 8 ta qovurg‘alar sinishi bilan tushdi. Hozir reanimatsiya bo‘limida ahvoli og‘ir", deb yozdi Ozodlik manbasi.

Manba ushbu xabarga bir suratni ham ilova qildi va u Akbarov Athamga tegishli ekani aytildi.

Ozodlik hozircha bu suratning 7-sonli klinik shifoxonada yotgan 57 yashar Akbarov Atham O‘roqovichga tegishli ekanini boshqa mustaqil manbalar orqali tasdiqlashga muvaffaq bo‘lgani yo‘q.

Shuningdek, giyohvandlik moddalarini tarqatishda gumon qilinib, qo‘lga olingan 57 yashar Akbarovning shaxsiga oid boshqa ma‘lumotlarni aniqlash imkoni ham bo‘lmadi.

Ammo O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati yerto‘lasiga tushib qolgan shaxslarning qiynoqqa solinishiga oid holatlar ko‘p kuzatiladi.

O‘zbekistonlik huquq himoyachilari tashabbus guruhi diniy-siyosiy motivlar asosida ayblangan va MXX tomonidan hibsga olingan fuqarolarga nisbatan odatan qiynoq qo‘llanilishini aytib keladi.

Shuningdek, O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati ham mamlakatdagi qamoqxona va vaqtinchalik saqlash tergov izolyatorlarida qiynoqqa solingan tutqunlar haqidagi hisobotlarni taqdim qilib kelmoqda.
XS
SM
MD
LG