Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 14:38

Samarqandda 25 yashar yigit o‘zini portlatib yubordi


Ozodlik arxividan olingan bu suratning Samarqandda amalga oshirilgan portlashga aloqasi yo‘q.
Ozodlik arxividan olingan bu suratning Samarqandda amalga oshirilgan portlashga aloqasi yo‘q.
26 oktabr, shanba oqshomi, soat 21.40 larda Samarqand shahrining Beruniy ko‘chasida joylashgan “Javohir” restorani orqasidagi axlatxona oldida bir shaxs o‘zini portlatib, halok bo‘ldi. Samarqand viloyati huquq-tartibot organlaridagi ishonchli manbadan Ozodlik olgan ma‘lumotlarga qaraganda, o‘zini portlatgan shaxs 1988 yili tug‘ilgan Doniyor Oripovdir. Portlashdan Doniyorning ukasi, 1995 yilda tug‘ilgan Damir Oripov yaralangan, shu kunda u kasalxonada davolanmoqda.

Samarqand shahrining Xo‘jagunjoish mahallasida istiqomat qilib kelgan Doniyor Oripov badaniga bog‘langan qo‘lbola bombani portlatgan. Portlatmaning kuchi to‘g‘risida hozircha ma‘lumot yo‘q.

Xudkush portlashdan bir necha daqiqa oldin voqea yuz bergan joy yaqinidagi oshxonaga kirgan, u yerda odam ozligini ko‘rgach, oshxona yonidagi do‘konga kirgan. U do‘konga kirishi bilanoq ortidan militsiya xodimlari kirib boradi va xudkush bu joydan ham qaytib chiqib ketadi.

Shundan so‘ng Doniyor Oripov “Javohir” restorani orqasidagi axlatxona yoniga o‘tadi. Manbaning aytishicha, “u badaniga bog‘langan bombani yechmoqchi bo‘ladi va portlash yuz beradi”.

Aytilishicha, Doniyor Oripov va uning ukasining qandaydir bir tashkilotga aloqasi bor-yo‘qligi to‘g‘risida, umuman, ular amalga oshirgan huruj sabab va motivlari to‘g‘risida hozircha ma‘lumot yo‘q.

Voqea yuzasidan viloyat huquq-tartibot organlari tergov-surishtiruv ishlarini olib bormoqda.

“Oripovlar oilasi mahallaga qo‘shilmas edi”


Ozodlikning Samarqand shahri, Xo‘jagunjoish – 2 mahallasidagi manbasidan olingan ma‘lumotlarga qaraganda, xudkush Doniyor Oripov tug‘ilib, voyaga yetgan oila bu mahallaga taqriban 10 yil muqaddam qo‘shni mahalladan ko‘chib kelgan.

Doniyorning otasi (Z.O.) 1962 yili Xo‘jagunjoish – 2 ga qo‘shni Chorbog‘ mahallasida, onasi (M.S.) 1968 yili Xo‘jagunjoish -1 da tug‘ilgan.

1988 yilda tug‘ilgan Doniyorning o‘zidan 1 yosh katta akasi va o‘zidan 7 yosh kichik ukasi bor. (Uka - Damirning portlash chog‘ida yaralangani to‘g‘risida yuqorida xabar qilindi). Manbaning aytishicha, Damir tanasining 35-40 foizi, asosan oyoqlari kuygan.

Xudkush Doniyor uylangan, 2 yashar farzandi bor.

Oripovlar oilasidagi 4 erkakning hammasi quruvchi-ustalardir.

Oila boshlig‘i payvandchi usta, katta o‘g‘il duradgor usta, marhum Doniyor suvoqchi usta, kasalxonada davolanayotgan Damir duradgor ustadir.

“Bu oilani nochor oilalar safiga qo‘shib bo‘lmas edi”, dedi manba.

Mahalla vakilining aytishicha, Oripovlar Xo‘jagunjoish – 2 mahallasiga ko‘chib kelganidan buyon mazkur mahalla ijtimoiy hayotiga, hatto to‘ylarga ham qo‘shilgan emas.

Ma‘lum bo‘lishicha, xudkush Doniyor joriy yil yozida Rossiyaga ishlash uchun borgan va u yerda 3 oy yurib, 28 avgust kuni qaytib kelgan.

Mahalla vakilining aytishicha, Doniyorning qandaydir bir diniy ekstremistik tashkilotga a‘zo bo‘lgani sezilgan emas. “Soqol qo‘ygan emas, masjidga ko‘p qatori juma namozigagina borardi, qo‘ni-qo‘shnilari ham biron bir begona bilan muloqot qilganini ko‘rgan emas”, dedi manba.

Aksincha, Doniyorning ichkilikka ruju qo‘ygani ham sezilgan emas.

“Doniyorning o‘zini o‘zi portlatib yuborganiga nima sabab bo‘lgani to‘g‘risida mahallada ko‘pchilik o‘ylanayapti, lekin hech kim biron bir jo‘yali fikrga kela olgani yo‘q “, dedi mahalla vakili.

Tinglayotganingiz material efirga tayyorlanayotgan soatlarda (28 oktabr, Toshkent vaqti bilan soat 15 atrofi) Doniyor Oripovning jasadi morgda edi. Uning qachon dafn etilishi noma‘lum.

Marhumning uyi militsiyaning maxsus kuchlari tomonidan qurshab olingan.
XS
SM
MD
LG